
Diskvalifikatsiya, chempionlik maqsadi, saudiyaliklarning qiziqishi...yoxud Aziz Turg‘unboev haqida
«Navbahor»ning o‘tgan mavsumda 9-o‘rinni egallagan holda qoniqarli natija ko‘rsata olmagani uning muxlislarini ranjitgani rost. Shu boisdan 2019 yilgi chempionat namanganliklar uchun muvaffaqiyatsiz kechdi. Lekin o‘z o‘rnida shuni ham aytish joizki, diskvalifikatsiya tufayli birinchi davrada jamoasiga yordam bera olmagan Azizbek Turg‘unboev mavjud muammoli vaziyatni ortda qoldirib yana «Navbahor»ga qaytgan holda ikkinchi davrada namanganliklarning barcha uchrashuvlarida ishtirok etdi. Aynan uning maydonga qaytganligi ishqibozlarni quvontirdi. Agarda u mavsum boshidan «Navbahor» safida o‘ynashni boshlaganida balki o‘zining foydali qirralarini yanada yorqinroq ko‘rinishda namoyish etgan bo‘lardi. Bugungi maqolamizni esa aynan Turg‘unboevga bag‘ishlaymiz.
Odatda ortda qolgan yilni hamma o‘zicha tahlil qiladi, qanday taassurot qoldirganini aniqlaydi. Shunga yarasha, «Mavsum-2019» bo‘yicha murabbiy-yu, futbolchilar ham o‘z taassurotlariga va muayyan fikrlariga ega bo‘lishdi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda ham Turg‘unboev dastlab 2019 yil uning uchun qanday o‘tganligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Bilasiz, men yilning boshidan o‘ynaganim yo‘q. Diskvalifikatsiya tufayli olti oy davomida futboldan chetda yurdim. Shundan so‘ng yana maydonga qaytdim. Biroq sport formamga kirib olishim men uchun ancha qiyin bo‘ldi. Afsuski, endi o‘yinimni topib, gollar urishni boshlaganimda mavsum tugab qoldi (kuladi). Chempionat biz uchun unchalik yaxshi o‘tmadi, ammo nolimayman. Olti oy o‘ynamagan bo‘lsam ham keyinchalik maydonga qaytib yana gollar urishga muvaffaq bo‘ldim. Umumiy ma’noda esa baribir ko‘nglim to‘lmadi.
Azizbekning mavsumdan ko‘ngli to‘lmaganligi katta ehtimol bilan uning diskvalifikatsiyasi bilan bog‘liq edi. Buni uning o‘zi ham tasdiqlab o‘tdi.
- Ha, diskvalifikatsiyaga uchraganim bois yarim mavsum o‘ynay olmadim. Agarda chempionatni to‘liq o‘tkazganimda o‘ylaymanki, men uchun hammasi boshqacha kechgan bo‘lardi. Qolaversa, sport formamga kirib olishim ham men uchun u qadar qiyin kechmagan bo‘lardi. Balki to‘liq o‘ynaganimda mavsum yakuniga kelib yilning eng yaxshilari qatoriga kirgan bo‘larmidim?! Har qanday futbolchiga olti oy o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi og‘ir bo‘ladi. Menga esa sport formamga kirib olish ancha-muncha qiyin kechdi. Yuqorida aytganimdek, o‘yinimni endi topdim deganimda mavsum ham tugab qoldi.
Turg‘unboevning birinchi davrada «Navbahor»ga yordam bera olmagani va o‘z navbatida jamoadagi o‘rni bilingani haqida ko‘pchilik fikr bildirdi. Shuningdek, ikkinchi davrada esa murabbiylar almashinuvi tufayli jamoa ham sarson bo‘lib qoldi. Aziz esa «Navbahor»ning chempionatdagi ishtiroki borasida o‘z xulosalarini bildirdi.
- Menimcha, jamoamiz birinchi davrada yaxshi natija ko‘rsatgandi. O‘yinlari ham chakki emasdi. Keyinchalik orada murabbiy almashdi, shu sabab tufayli yigitlar yangi mutaxassisga ko‘nikib keta olmadilar. Yoki bo‘lmasa futbolchilar Deyan Jurjevichning taktikalariga tushunishmagandir. Xullas, nimadir bo‘ldi-yu, jamoa ancha orqaga ketdi. Shuning hisobiga menimcha 9-o‘rinni oldik deb o‘ylayman. Bir qancha uchrashuvlarda yutqazib qo‘yganimiz ham bizga qimmatga tushdi.
Albatta, Turg‘unboevning gaplarida jon bor, baribir murabbiy almashtirilgani jamoa o‘yiniga va natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Rossiyalik Andrey Kanchelskis klubga qaytarilganidan keyin ham negadir «Navbahor» o‘z o‘yinini topib ketishi qiyin kechdi.
- Kanchelskis qaytganidan so‘ng o‘yinimizda yana o‘zgarishlar bo‘ldi, ancha hujumkor o‘ynay boshladik. Lekin natijalar biz kutgandek chiqmadi. Ko‘proq durang natijalar bo‘ldi. O‘ylashimcha, omadimiz ham chopmadi. Qolaversa u murabbiydan bu murabbiyga moslashib ketishimiz ham bizga qiyinroq bo‘ldi, shekilli, - deya munosabat bildirdi, futbolchi.
Yaqinda Deyan Jurjevichning o‘zi bilan gaplashganimizda u «Navbahor» haqida gapirar ekan, ayniqsa, Aziz Turg‘unboevga alohida to‘xtalib, uning katta iqtidor egasi ekanligini va kelajagi porloq futbolchi sifatida ko‘rayotganini alohida ta’kidlab o‘tgandi. Qolaversa, Turg‘unboev penaltidan gol ura olmagan vaziyatlarda ham murabbiy uni qo‘llab-quvvatlashda davom etganini ham aytish joiz. Qiziq, o‘sha paytda nima uchun futbolchilar murabbiyga moslashib keta olishmadi yoki jamoa uni qabul qilishni xohlamaganmidi? Bunga Turg‘unboev quyidagicha javob qaytardi:
- U murabbiy ham yomon emasdi. Uning o‘ziga yarasha ishlash uslubi bor edi. Men «Navbahor»ga qaytgan paytimda Jurjevich bosh murabbiy etib tayinlangandi. Menga yoqqan tomoni shunda bo‘lgandiki, o‘sha paytda murabbiy katta dalda bergandi. Sen eng yaxshisisan, yanada ko‘proq harakat qil, senda iqtidor bor deb ko‘nglimni ko‘targandi. Aytmoqchimanki, o‘z o‘yinimni topib olishimda katta yordam bergan. Shu tomonlama ham Deyan Jurjevich menda katta taassurot qoldirgandi. Lekin nimagadir u kelganidan so‘ng jamoamizdan omad yuz o‘girdi yoki nimadir etishmasdi. Uning boshchiligida bitta o‘yinda yutdik. Ammo Jurjevich qo‘l ostida ko‘rsatgan o‘yinlarimiz ham chakki emasdi. Masalan, to‘pni o‘zimizda nazorat qilish, hujumkorlikni oshirish va imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha ham ishlarimiz yomon emasdi. Shunchaki natija bo‘lmadi. Ammo o‘yin yaxshi edi. Har bir uchrashuvda kamida 3-4 tadan imkoniyatlarga ega bo‘lardik. Aksiga olib o‘sha vaziyatlarda ham biz omad kelmagani uchun gol ura olmasdik. Umuman aytganda, Jurjevich ham yaxshi murabbiylardan biri edi.
Bundan tashqari, yaqinda «Navbahor»da yana bosh murabbiy masalasi jiddiy muhokama qilinganligi va bu borada Andrey Kanchelskisning taqdiri so‘roq ostida qolganligi haqida ham eshitgandik. Ammo yakunda klub baribir rossiyalik mutaxassisga ishonch bildirishda davom etdi. Xo‘sh, «Navbahor» bu murabbiy bilan maqsadiga erisha oladimi?
- Kanchelskis ham oliy darajadagi murabbiylardan biri. Hamma unga ishonch bildiryapti va biz ham unga ishonamiz. Kanchelskis «Navbahor»ning maqsadiga erishishida yordam beradi deb umid qilaman. O‘zi ham o‘ynab yurgan paytlarida Evropa futbolini ko‘rgan. Uning ham mashg‘ulotlari yaxshi. Lekin nimadir etishmagandi. Endi yangi mavsumda barcha kamchiliklarni to‘g‘rilab jamoani chempion qiladi degan umiddaman.
O‘z navbatida shuni ham unutmaslik kerakki, Turg‘unboev o‘tgan yili og‘ir damlarni engib o‘tdi. Bu aynan uning diskvalifikatsiyasi bilan bog‘liq. Shundan so‘ng u matbuotda ham ko‘rinmay qolgandi. Tabiiyki, o‘sha paytlarda nimalarni his qilganini uning o‘zi biladi. O‘tgan yilning ikkinchi davrasida yana maydonga qaytganidan keyin ham futbolchining diskvalifikatsiya uchun munosabat bildirganini eshitmadik. Xo‘sh, u bo‘lib o‘tgan ishlardan qanday xulosa chiqardi?
- To‘g‘risi, bu narsa menga yomon ta’sir qildi. Albatta, ayrim muxbirlar mendan intervyu berishimni ham xohlashdi, ammo bunga o‘zim rozi bo‘lmadim. Nimaga? Chunki olti oy futbol o‘ynamay yurganimda birortasi menga qo‘ng‘iroq qilib, ahvoling qanday, qaerda shug‘ullanyapsan, o‘zingni qanday his qilyapsan deb holatim bilan qiziqishmagandi. Futbolga qaytganimdan keyin esa yana intervyu berishimni istashdi. Ammo o‘shanda hech kim bilan gaplashishni xohlamadim. Natijada matbuotdan chetda yurdim. Diskvalifikatsiyaga uchraganim men uchun dars bo‘ldi. To‘g‘ri, xato qilib qo‘ydim. Shu holat bo‘lishi kerak ekan, shunday bo‘ldi. Bundan o‘zim uchun tegishli xulosalarni chiqardim. Futbolga qaytganimdan so‘ng yana terma jamoaga chaqirishdi. Bu esa men uchun yangi imkoniyat. Hammasini yana boshidan boshlayapman.
Oxirgi paytlarda «Navbahor» to‘g‘risida chiqayotgan xabarlar hammani qiziqtirib kelyapti. Masalan, ko‘plab legionerlarning yig‘inga qo‘shilishi aytilyapti. Bizni esa Turg‘unboevning keyingi taqdiri qanday kechishi qiziqtiryapti. Ma’lumotlarimizga ko‘ra Azizga qiziqarli takliflar ham yo‘q emas. Bunday vaziyatda esa aniq javobni faqat uning o‘zidan eshitishimiz mumkin.
- To‘g‘ri, menga takliflar bo‘lyapti, xorij klublaridan ham qiziqishlar bor. Lekin hozirda o‘zimizda ham sharoitlar yaxshi. Viloyat hokimi Xayrulla Hayitboevich Bozorov klubga juda katta e’tibor qaratyapti. Xudo xohlasa, bu mavsumda jamoa faqat chempionlik uchun kurashadi. Nasib bo‘lsa, «Navbahor»da qolib, maqsadimizga erishib, klubni Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqib keyin ketaman.
Albatta, uning maqsadlarini ko‘rib turibsiz, o‘ziga yarasha jiddiy. Xo‘sh, u «Navbahor» bilan shartnomasini uzaytirganmi? Bu masala bo‘yicha shunday dedi:
- Yo‘q, hali yangi shartnoma tuzmadim. Agarda chetdan yaxshi taklif bo‘lib qolsa va bunga rahbarlarimiz ijobiy qarab ketishimga ruxsat berishsa, shundagina jamoamni almashtirishim mumkin. Agar ruxsat berishmasa «Navbahor»da qolaman.
Yuqorida uning o‘zi xorijdan takliflar borligi haqida bejizga aytgani yo‘q. Boisi Turg‘unboevga arab klublaridan qiziqarli takliflar bo‘layotgani haqida ham ma’lumotlar yo‘q emas. Bu masalaga esa uning o‘zi quyidagicha izoh bildirdi:
- To‘g‘ri, menga chindan ham Saudiya Arabistonidan taklif bo‘ldi. Shundan so‘ng Erondan ham chaqiruv bo‘ldi. Bulardan tashqari, Malayziya hamda Tailand klublari ham taklif bilan chiqishdi. Ayniqsa, saudiyaliklar menga ancha qiziqish bildirishdi. Lekin hozircha bu masalada biror nima deya olmayman.
Turg‘unboev haqidagi har qanday xabar va yangilik muxlislarni, jurnalistlarni va mutaxassislarni ham qiziqtirishi tabiiy. Umuman olganda, bu futbolchiga xorijdan qiziqarli takliflar bo‘layotgani uning imkoniyatlari katta ekanligini ham bildirib turibdi. Shunday ekan, futbolchining o‘zi ham legioner sifatida chetda to‘p surishga qay darajada qiziqish bildiryapti? Bunga quyidagicha fikr bildirdi:
- Albatta, o‘zim ham qiziqib turibman. Evropa va kuchli klublarda to‘p surish hamma futbolchilarning orzusi. Yuqorida aytganimdek, agarda rahbarlarimiz kelishib qolishsa va ketishimga ruxsat berishsa xorijga ketishim mumkin.
Shuningdek, yuqorida Aziz «Navbahor»ning maqsadi chempionlik ekanligini ham aytib o‘tdi. Albatta, namanganliklarning o‘z oldiga yana katta vazifalarni qo‘yayotgani chempionatimizdagi intriganing oshishiga ham turtki berishi tayin. Lekin bir jihatni ham unutmaslik kerakki, odatda «Navbahor»ning mavsum boshida shov-shuvli o‘zgarishlarga qo‘l urishiga va maqsadi jiddiy ekanligiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Masalan, o‘tgan yili ham namanganliklar kamida uchinchi o‘rin uchun kurashishga bel bog‘lashgandi. Ammo yakunda 9-o‘rin bilan kifoyalanishdi. Doimgidek, bu yil ham «Navbahor»ning «ishtahasi» karnay. Biroq yana o‘tgan yilgi holat takrorlanib qolmasmikin? Albatta, endi bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu masalada ham Turg‘unboev o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Oldindan biror nima deb bo‘lmaydi. Klubda hamma bir maqsad yo‘lida harakat qilyapti. Lekin bu – futbol va unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Balki chempion bo‘larmiz yoki kuchli uchtalikka kirarmiz. Biz har qanday vaziyatda ham «Navbahor»ni chempion qilishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Eng asosiy vazifa - Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surish orzusi katta.
Shuningdek, o‘tgan yili Aziz Turg‘unboevning xizmatiga «Paxtakor» ham jiddiy qiziqish bildirib, uni qo‘lga kiritishga rosa urinib ko‘rgandi. Bu ham uning iqtidori katta ekanligini ko‘rsatib turibdi. Qiziq, «Paxtakor»dan unga yana taklif bo‘ldimi? Bu borada futbolchi aytdiki, «Paxtakor»dan boshqa chorlov bo‘lmagan. Aytmoqchimizki, Turg‘unboev har qanday jamoaning o‘yinini kuchaytira oladi. «Navbahor»ning maqsadi chempionlik ekan, u holda jamoaga yana Turg‘unboevga o‘xshagan futbolchilar zarur bo‘ladi.
- To‘g‘ri, bir o‘yinchining o‘zi hech nimani hal qila olmaydi, - deya mavzuni davom ettirdi, Aziz. - Futbol bu jamoaviy o‘yin. Ko‘rib turibsiz, jamoamizda anchagina o‘zgarishlar bo‘lyapti. Ko‘plab legionerlar taklif qilinyapti. Ularni ko‘rikdan o‘tkazishib, yoqqanini olib qolishadi. Chempionlik uchun kurasha oladigan jamoani shakllantirishyapti. Bu borada aynan jiddiy vazifani bajarishga yaraydigan futbolchilarni olib qolishadi. Xudo xohlasa, yangi mavsumda zo‘r jamoani tuza olishadi degan umiddaman. Muxlislarimiz esa yutsak ham, yutqazsak ham jon kuydirib qo‘llab-quvvatlashadi. Qaerda o‘ynasak ham bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Shu o‘rinda jamoa rahbarlariga va bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan viloyat hokimiga ham katta rahmat aytmoqchiman.
Fikrlar