"Dinamo"ga biroz sabr etishmadi". Klubdan huzur ololmagan sobiq legioner Samarqanddagi qisqa faoliyati haqida gapirdi

  • 1 iyul, 2022, 16:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Samarqandning “Dinamo” klubi bu yil Superligaga qaytganiga qaramasdan baribir yaqqol autsayder bo‘lib qolmoqda va bu safar ham asosiy maqsadi ligada jon saqlab qolish bo‘ladi. Chempionat avvalida tarkibda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urilgandi, xorijlik o‘yinchilar ham olib kelingandi.

Tecno

Bosniyalik 30 yoshli hujumchi Aleksandr Glishich ham mavsum boshida “Dinamo” bilan shartnoma tuzgandi. Bu erga kelguniga qadar Armanistonning “Alashkert” jamoasi safida o‘ynagan futbolchi Samarqandga katta maqsadlar bilan qadam bosgandi. Ammo vaziyat legioner o‘ylagandek kechmadi.

U dastlabki to‘rtta uchrashuvda maydonga tushdi. Keyin klub bilan xayrlashib ortiga ravona bo‘ldi. Ayni chog‘da Glishich Armaniston chempionatida “Ararat” jamoasi sharafini himoya qilyapti. Kuni kecha ushbu legioner Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- Sizning o‘zbek chempionatidagi faoliyatingiz uzoq davom etmadi va qisqa fursatdayoq tark etdingiz. Bunday qarorga kelishingizga nima jiddiy sabab bo‘ldi?

- Men ham O‘zbekistonda bo‘lganimdan va bu erda to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursand edim. Lekin futbolda hamma narsa ham rejadagidek davom etavermaydi. Ayniqsa, bunday vaziyatda o‘zing istaganingdek bo‘lmaydi. “Dinamo” chempionatni yuqori notada boshlay olmadi. O‘zim ham jarohatlar sababli yig‘inlar chog‘ida yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olmagandim. Shu sababli maydondagi harakatlarim qoniqarli chiqmadi. Yomon desam ham bo‘laveradi. Klubga esa biroz sabr etishmadi. O‘sha kunlarda esa qizim dunyoga keldi. Oqibatda oilamga yaqinroq joyda yashashga va ishlashga qaror qildim. Natijadagi o‘rtadagi shartnomani o‘zaro kelishuv asosida bekor qildik.

- “Dinamo” birinchi davradan keyin turnir jadvalida oxirgi o‘rinda. Nima deb o‘ylaysiz, jamoa ancha kuchsizmi?

- Ha, men ham natijalarni kuzatib bordim. Ularning ishiga baho bera olmayman. Biroq turnir jadvalidagi holat hammasini aytib turibdi.

- Ayting-chi, ushbu klubga kelganingizdan afsuslanmadingizmi?

- Yo‘q, afsus qilmayman. Bu – futbol! Yuqorida aytganimdek, unda doimo hamma narsa ham rejadagidek bo‘lavermaydi.

- Aslida “Dinamo”dagi ichki muhit qanday edi? U erda o‘zingizni noqulay his qilganmisiz?

- Muhitga to‘xtaladigan bo‘lsak, tayyorgarlikning avval boshidan juda a’lo darajada edi. Biroq chempionatdagi dastlabki natijalardan keyin yomonlashib bordi. Shunday bo‘lishi kerak edi.

glishich1

- Ayni paytda “Ararat” klubidagi ishlaringiz qanday?

- Erevanning “Ararat” jamoasi chempionatga tayyorgarlik ko‘ryapti. Mavsum boshlanishiga yana bir oy vaqt bor. Hozircha Evropa doirasidagi o‘yinlarda ishtirok etib turamiz.

- Umuman aytganda, O‘zbekiston chempionati sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Juda yaxshi chempionat. Ishqibozlar, stadion va jamoalar yuqori darajada.

- Darvoqe, bosh murabbiy Predrag Rogan ham iste’foga chiqarilganini bilsangiz kerak?!

- Ha, murabbiyning iste’fosi haqida eshitdim.

- Vaqti kelib yana O‘zbekistondan taklif bo‘lsa, bu erga qaytasizmi?

- Tajribam va ko‘nikmalarimni ko‘rsatish imkoniyati o‘zini uzoq kuttirmaydi. Taklif bo‘lsa, bajonidil qaytaman.

glishich

- “Dinamo”dagi qisqa faoliyatingiz mobaynida nima xotirangizda saqlanib qoldi?

- Nimadir aytishim oson emas. “Dinamo”da oz vaqt o‘tkazganim va muvaffaqiyatlardan huzur ololmaganim uchun alohida nimanidir ko‘rsatib o‘tishim qiyin. Biroq Samarqand shahri va O‘zbekiston xalqi mehmondo‘stligi, quvnoqligi tufayli umrbod yodimda qolsa kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!