
Dilshod Jo‘raev: "Fuzaylovning o‘yinini "Manchester Siti" o‘yin uslubi bilan taqqoslasa bo‘ladi"
Yangi mavsumni rasman Superligada o‘tkazishi tasdiqlangan “Xorazm” klubi Toshkentda tayyorgarlik ishlarini olib boryapti.
Qolaversa, tarkibni sezilarli darajada kuchaytirish borasida hama jiddiy harakatlar qilinyapti.
O‘tgan mavsumni “Lokomotiv”da o‘tkazgan yarim himoyachi Dilshod Jo‘raev yangi mavsumni “Xorazm”da boshlaydi. U klub etakchisi bo‘lishi katta ehtimol. Futbolchining Sports.uz saytiga bergan intervyusini o‘qishingiz mumkin.
- Siz ayni paytda "Xorazm"dasiz. Ushbu klubni taklifini qabul qilishda ikkilanmadingizmi va sababi nimada?
- Yo‘q, ikkilanmadim. Bu jamoaga keladigan bo‘lsak, u erdagi futbolchilar bilan aka-ukadekmiz. Ilgari “Buxoro”da bir nechtasi bilan birga to‘p surganmiz. Ajoyib yigitlar. Rahbariyat va murabbiyni ham yaxshi bilganim uchun va shuningdek, futboldan ham ko‘ra, ularni birinchi navbatda insoniylik jihatlarini o‘zim uchun futboldan ustun deb bilaman. Shu faktorlarni hisobga olganda “Xorazm”ni tanladim.
- Urganchliklar Superligada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu xursandchilikni jamoa qanday qabul qildi?
- Superligada ishtirok etishini intizorlik bilan kutdik va bu amalga oshdi. Uning samarasi sifatida va fursatdan foydalangan holda “Xorazm” rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Nimagaki, buning zamirida juda katta mehnat yotibdi. Avvalo, buni “Xorazm” rahbariyatining yutug‘i deb o‘ylayman. Bundan tashqari, futbolchilar uchun ham katta xursandchilik bo‘ldi.
- Yangi mavsumni "Xorazm"da boshlashingiz aniq bo‘ldimi va bosh murabbiy Hakim Fuzaylovni mashg‘ulot uslublari qanday ekan?
- Xudo xohlasa, deyarli aniq bo‘ldi. Faqat shu kunlarda shartnoma imzolash masalasi qolgan, xolos. Hakim Fuzaylovning o‘yin uslubiga kelsak, qisqa qilib aytganda, “Manchester Siti” o‘yin uslubi bilan taqqoslasa bo‘ladi. Hujumkor futbol namoyish etadi. Nasib qilsa, 2025 yilgi mavsumda barchasiga o‘zinglar guvoh bo‘lasizlar. Yaxshi niyatlar bilan boshlaymiz.
- Albatta, "Xorazm"ga yangi mavsumda oson bo‘lmaydi. Tarkib shakllantirilishi lozim. Bu borada ishlar qanday kechyapti?
- Albatta, to‘g‘ri aytdingiz. Yangi mavsum chindan ham “Xorazm” uchun oson bo‘lmaydi. Negaki, baribir pro ligadan chiqqan jamoa. Selektsiya ishlariga biroz kech qoldik. Shuning hisobiga ham rahbariyat va murabbiylar jamoani shakllantirishga maksimum harakat qilishyapti. Yangi mavsumda “Xorazm” bilan chempionatda munosib qatnashishga harakat qilamiz.
- Tayyorgarlik yig‘inida e’tibor nimaga qaratilmoqda?
- Hozirgi kunda mashg‘ulotlarda jismoniy holatga e’tibor qaratilmoqda. Mavsumga yaxshi formada kirib borish uchun murabbiylarimiz og‘ir yuklamalar berib boryapti. Bu albatta chempionat mobaynida asqotadi, degan umiddaman. Mavsumgacha baribir engil emas, og‘ir mashg‘ulotlar bo‘ladi. O‘yin kunlari ham jismoniy yuklamalarni olyapmiz.
Fikrlar