
Di Mariya Evropa bilan xayrlashdi
Anxel Di Mariya rasman Evropadagi faoliyatini yakunladi va vataniga qaytmoqda — u 37 yoshida "Rosario Sentral" klubiga qaytib bormoqda. Argentinalik vinger aynan shu jamoada katta futbolga qadam qo‘ygan va ikki yil o‘ynaganidan so‘ng 2007 yilda "Benfika"ga yo‘l olgan edi.
U Evropadagi 18 yillik faoliyati davomida "Real", "Manchester Yunayted", PSJ, "Yuventus" va so‘nggi ikki yilda yana "Benfika" safida to‘p tepdi. Di Mariya o‘zining xayrlashuv xabarida shunday deb yozdi:
"Bugun uyga qaytish vaqti keldi. Mening Evropadagi faoliyatim yakunlandi. Ko‘p yillar davomida turli jamoalarda o‘ynadim va juda ko‘p unutilmas xotiralarga ega bo‘ldim.
Ushbu 18 yil ichida nafaqat go‘zal shaharlarda yashadim, balki ajoyib jamoalarda, ajoyib insonlar bilan birga bo‘ldim. Hayotimda doim saqlab qoladigan do‘stlar orttirdim. Yuqotishlar, ko‘z yoshlar, g‘azab, keyin yana turib ketishlar — bularning barchasi mening o‘sishim va shakllanishimning bir qismi bo‘ldi.
Men o‘ynagan har bir klubga minnatdorchilik bildirmoqchiman — "Benfika", "Real", MYu, PSJ va "Yuventus"ga. Ular menga futbolchi va inson sifatida o‘sish imkonini berdi.
Jamoa futbolchilari, oshpazlar, tibbiyot xodimlari, inventar javobgarlari – ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin kerakli insonlar – ularni hech qachon unutmayman.
Men 2007 yilda juda yosh, oilam bilan, qo‘rquv va ishonchsizlik bilan kelgan edim. Endi esa men katta muhabbat ila o‘ralgan insonman — ota-onam, xotinim va qizlarim bilan.
Raxmat, Portugaliya, Ispaniya, Angliya, Frantsiya va Italiya — eshiklaringizni ochganingiz uchun.
Xayr, Evropa..." - deb xayrlashdi argentinalik futbolchi.
Fikrlar