Davron Fayziev: O‘yinchilarimga shunday deyman: sizlar hammadan kuchlisizlar!

  • 3 may, 2019, 13:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing dastlabki oltita turi ham ortda qoldi. Turnir jadvaliga qarasangiz kutilmagan manzaralarga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK jamoasi oxirgi o‘ringa tushib qoldi. «Qo‘qon-1912» esa 13-o‘rinda. Bu yil Superligaga qaytarilgan debyutantlar – «Surxon» bilan «Dinamo» esa mos ravishda 6- va 7-pog‘onalarda borishmoqda. Ayniqsa, tarkib jihatidan u qadar maqtana olmayotgan samarqandliklarning Superligada yaqqol autsayder bo‘lib qolishini taxmin qilganlar ko‘p edi. Biroq Davron Fayziev bosh murabbiyligidagi jamoa ko‘pchilikning taxminlarini yo‘qqa chiqarishni boshladi. Ular oltita turdan so‘ng 8 ochko jamg‘arishdi. Har bir uchrashuvda esa raqiblariga etarlicha muammolarni tug‘dirishyapti. Ya’ni, «Dinamo» chindan ham autsayder emasligini o‘z o‘yinlari bilan isbotlamoqda. Qisqa fursat ichida o‘rtamiyona futbolchilardan raqobatbardosh va kurashuvchan jamoani tuza olgan bosh murabbiyga qoyil qolsa arziydi. Fayziev boshqalarni o‘z jamoasiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishga o‘rgata oldi. Endi hech kim «Dinamo» haqida engil-elpi fikrlarni bildirayotgani yo‘q. Har bir uchrashuvda jamoadagi futbolchilarning ko‘zi «yonayotganini» ko‘rish mumkin. Murabbiy shogirdlarini qanday bo‘lmasin o‘yinlarga puxta tayyorlay olayotgani ko‘rinib turibdi. Ayni paytda muxlislar ham «Dinamo»ning o‘yinlari va natijalaridan mamnun. E’tiborlisi, jamoa o‘yindan-o‘yinga kuchayib boryapti. Doim mehnatda qochmasdan, o‘rtacha darajadagi futbolchilar bilan ishlab binoyidek jamoani shakllantirib kelgan Davron Fayzievning «Dinamo»da olib borayotgan ishlarini ham qadrlasak arziydi. Kuni kecha ushbu mutaxassis bilan bir qator masalalarda suhbatlashdik.   

Tecno

- Dastlabki oltita turdan keyin «Dinamo»da hamma ko‘rsatkichlar deyarli teng holatda. G‘alaba, durang va mag‘lubiyat ikkitadan. Mavsum boshlanmasdan avval esa jamoangizning imkoniyatlarini ko‘pchilik past baholagandi. Lekin «Dinamo» bir qancha klublarga nisbatan mavsumni yaxshi boshladi. Go‘yoki, «Dinamo»ning autsayder emasligini isbotlayotgandeksiz…

- Bu erda hech qanday sir yo‘q. Hamma gap o‘z ishingizga sidqidildan yondashishda xolos. Futbolchilarga to‘g‘ri tushuntirish, yo‘naltishi va talab qilish kabi xususiyatlar o‘z vaqtida bajarilyapti. Bundan boshqa ortiqcha gap yo‘q. Har doim mehnat talab qilinadi. Biz mehnatdan qochmayapmiz. Bundan tashqari, murabbiy qo‘l ostidagi o‘yinchilar bilan ham qanday ishlashni bilishi kerak. Lozim bo‘lsa, ular bilan ota-bola, aka-uka va yana kerak paytda murabbiy va futbolchi sifatida gaplashish kerak. Har biriga alohida munosabat bilan yondashish talab etiladi. Buning ustiga ixtiyoringizdagi o‘yinchilarning har bittasiga alohida yondashishingiz kerak. Barchasida o‘ziga yarasha xarakter bor. Shunday qilib, jamoada chinakam muhitni yaratish lozim. Mashg‘ulotda qanchalik qiyin bo‘lsa, o‘yinda shunchalik oson bo‘ladi.

- Murabbiy sifatida o‘zingiz ham ortda qolgan o‘yinlarni tahlil qilayotganingiz tabiiy. Ayting-chi, hammasi rejangiz asosida davom etyaptimi?

- Shuncha intervyu bergan bo‘lsam, biror marta ko‘nglim to‘lyapti deb javob bermaganman. Shunday ekan, hozir ham ko‘nglim to‘layotgani yo‘q. To‘g‘ri, mavsumni yomon boshlamadik. «Paxtakor», «Nasaf» kabi jamoalar bilan o‘ynadik. Ammo jamoamizning haqiqiy kuchi endi ko‘rinadi. Lekin men o‘z jamoamga hech qachon baho bermayman. Chetdan turib kuzatadigan jurnalistlar va mutaxassislar baho berishlari mumkin. Men doim futbolchilarimga bir gapni aytib kelaman: men sizlarga ishonaman va sizlar hammadan kuchlisizlar! Shu bois sizlar ham o‘zlaringga ishoning va qo‘rqmasdan futbol o‘ynanglar deyman. Ularga shunday deb ko‘rsatmalar beraman. Samarqand viloyati hokimi, Samarqand xalqi, homiylar, hammasi bizga ishonch bildirishyapti. Hech qachon murabbiyning bir o‘zi hech nima qila olmaydi. Oldinga qadam tashlash uchun hammasi bir maqsad yo‘lida yig‘iladi. Bunda hattoki, shafyor, qorovul, oshpazlarni ham aytishim mumkin. Bizga bildirilgan ishonchlarni oqlash uchun bor imkoniyatimizni ishga solishga harakat qilyapmiz. Viloyat hokimining futbolga ishqibozligini butun O‘zbekiston biladi. Bizga unday yoki bunday sharoitlarni yaratib berishyapti deb maqtanmoqchi emasman. Lekin hammasi asta-sekin amalga oshirilyapti. Masalan, jamoamiz uchun yangi avtobus berildi. Ajoyib bazamiz bor. Endilikda «Dinamo» uchun yangi baza barpo etilyapti. Bizdan talab etilayotgani esa jamoani yildan-yilga yuksaltirish. Lekin shuni ham aytib o‘tishim kerakki, bizga ishonmaganlar ham bo‘ldi. Albatta, chempionat yaqindagina boshlandi. O‘ylashimcha, mavsum o‘zining qizg‘in pallasiga kirib boryapti. Qolganini esa vaqt ko‘rsataveradi. Yana bir narsani ham unutmaslik kerakki, biz boshqa klublarga o‘xshab selektsiyada hammani hayron qoldiradigan ishlarni amalga oshirmadik va tarkib jihatidan o‘ta kuchayganimiz ham yo‘q. Xabaringiz bor, biz aslida pro-ligada ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rib borayotgandik va oldimizga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Lekin boshimizga baxt qushi qo‘ndi va biz Superligada ishtirok etadigan bo‘ldik. Natijada endi hamma jamoalar bilan o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Hozircha natijalarimiz yomon emas va bundan keyin har bir o‘yinda munosib kurasha olishimizni isbotlashimiz lozim. Bundan keyin ham shu ruhda davom etishimiz shart. Faqat futbolchilarimizda yulduzlik kasali paydo bo‘lib qolishidan qo‘rquvim bor. Har doim maqtovlar bo‘laverganidan keyin bu baribir o‘yinchilarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, matbuotda ham «Dinamo» haqida iliq gaplar aytilyapti. Masalan, «Navbahor»ga qarshi uchrashuvdan keyin eng zo‘r hakamimiz – Ravshan Ermatov anchadan beri bunday ajoyib o‘yinda hakamlik qilmagandim deb ikkala jamoa haqida ham iliq fikrlarni aytib o‘tdi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, futbolchiga har tomonlama e’tibor yuqori bo‘lib turganidan keyin baribir havolanib ketishlar bo‘lishi tabiiy. Lekin men jamoamdagi yigitlarning yulduzlik kasaliga duchor bo‘lib qolmasligiga yo‘l qo‘ymasligim kerak. Bundan buyog‘iga o‘yinlar yanada keskin tus olaveradi. Meni xursand qilayotgani shu bo‘lyaptiki, uchrashuvdan oldin futbolchilarimizda umuman qo‘rquvni sezmayapman. Lekin hamma ham yutishga harakat qilyapti. Biroq futbolda doim ham siz o‘ylagan ishlar bo‘lavermaydi. Masalan, OKMK jamoasini oxirgi o‘ringa tushib qolishini hech kim kutmagandi. Qolaversa, futbolda omad ham muhim ahamiyatga ega. Futboldagi bunday past-balandliklar har bir jamoa va murabbiyning boshida bor. Bizning oldimizda «Andijon»ga qarshi jiddiy o‘yin kutib turibdi. Bo‘lajak raqibimizning o‘yinlarini tahlil qilyapmiz. Misol uchun «Lokomotiv»ga yirik hisobda yutqazishgan bo‘lsa-da, birinchi bo‘limda munosib qarshilik ko‘rsatgandi. Aytmoqchimanki, Superligada har bir raqibga jiddiy qarash kerak. «Andijon» jamoasi ham yaxshi darajadagi selektsiya ishlarini olib bordi. Hozir shunday paytki, istalgan jamoadan syurpriz kutish mumkin. Zarracha bo‘lsa ham bo‘shashishga haqqimiz yo‘q.

- «Dinamo» Superligada qishdan beri tayyorgarlik ko‘rgani yo‘q, boya aytilganidek, mavsum boshlanishi arafasida elitada qatnashishi ma’lum bo‘ldi. Balki shuning evaziga Superliga klublari «Dinamo»ning kuchiga etarlicha baho berishmayotgani va bu holat jamoangizga qo‘l kelyapti desak, bunga siz qanday qaraysiz?

- Yo‘q, men bunday fikrga qo‘shilmayman. Har bir jamoaning oldiga qo‘ygan maqsadi bor va hamma ham ochko jamg‘arish payida yuribdi. Raqiblarning bizga qarshi bo‘shashib o‘ynashyapti degan fikrlardan juda yiroqdaman. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, har bir jamoa bizga jiddiy qarayapti. Shuning uchun raqiblar bizni mensishmayapti degan fikrlarga mutlaqo qo‘shilmayman. Siz «Navbahor», «Metallurg» yoki «So‘g‘diyona» jamoalari Samarqandga borib, «Dinamo»ni osonlikcha yutib kelishadi deb o‘ylaganmidingiz? Lekin unday emas. Ushbu jamoalardan biz etti ochko oldik. Vaholanki, o‘sha klublar ham bizga qarshi jiddiy tayyorlanishgandi. Xullas, bizga autsayder sifatida qarashayotgani yo‘q deb o‘ylayman. Tabiiyki, boshqa jamoalar bizni ham kuzatib borishyapti.

- Ixtiyoringizdagi tarkibda nomi chiqqan yoki yulduz futbolchilarni ko‘rmaymiz. Lekin siz ularni yaxlit bir jamoa sifatida shakllantira  olyapsiz. «Dinamo»da etakchi o‘yinchi deb kimni ko‘rsata olasiz?

- Bizning tarkibda etakchi futbolchi yo‘q. Menda faqat bir oila bor. Shu sababli oiladagilar bilan hammamiz aravamizni birgalikda tortyapmiz. Bizni qo‘llab turayotgan viloyatimiz rahbarlari bor. Doim maslahatlashamiz. Qolaversa, Ilhom Sharipov bilan ham hamisha bamaslahat ish qilamiz. Aytmoqchimanki, bu erda birgina murabbiyning ishi ko‘rinmayapti. Agar «Dinamo»ning mavsumni yaxshi boshlagani faqatgina murabbiy bilan bog‘liq deyishsa, unda xato qilishadi. Yuqorida aytganimdek, biz katta oilamiz va bunda hammaning hissasi bor.

- «Dinamo» tarkibida to‘p surayotgan futbolchilarga nazar tashlar ekanmiz, ularning aksariyati bungacha pro-ligada o‘ynashgan. Superligada ilk bor to‘p surayotgan o‘yinchilar ham bor. Meni qiziqtirayotgani shuki, bu futbolchilar «Dinamo»ga nima maqsadda kelishgan? Ular o‘zlarini «Dinamo» orqali reklama qilish uchun klub ularga tramplin vazifasini bajaryaptimi yoki jamoa manfaatini ustun qo‘yib o‘ynashyaptimi?

- O‘zbekiston U-23 terma jamoamiz Osiyo chempioni bo‘lganida muhtaram Prezidentimiz o‘zimizda ham jaydari bolalar o‘sib kelishyapti deb yuqori baho bergandi. Lekin ko‘pchilik legionerlarga «yopishib» olishgan. Shuning evaziga ularni o‘zimizning futbolchilardan ustun qo‘yishadi. Biroq mahalliy futbolchilarimiz kerak bo‘lsa o‘sha legionerlardan ustun. Harqalay men shunday fikrlayman. Savolingizga keladigan bo‘lsak, safimizda yoshlar bilan birga yoshi katta, tajribali o‘yinchilar ham yo‘q emas. Ammo hammasi birinchi navbatda «Dinamo»ning manfaatlarini ustun qo‘yishgan. Ular bu jamoada o‘ynab futbolchi sifatida yanada o‘sishadi. Hech birida bizning jamoa ular uchun tramplin degan vazifa yo‘q. Rahbar va homiylarimizning «Dinamo»ni yanada rivojlantirishga doir bir yillik emas, balki ko‘p yillik rejalari bor. Endi buni qanchalik amalga oshishini esa vaqt ko‘rsatadi. Ayni paytda jamoamiz safida o‘ynayotgan har bir futbolchi avvalo «Dinamo»ning brendini yuqoriga ko‘tarish uchun mehnat qilishyapti. Keyinchalik futbolchi qay darajada o‘sadi va qaysi klubga ketadi, bunisi endi klubning ichki siyosati hisoblanadi.

- Ammo eshitishimcha, birinchi davradan so‘ng «Dinamo» tarkibida e’tiborga molik o‘zgarishlar bo‘lar ekan. Shu rostmi?

- Rostini aytsam, buni vaqt ko‘rsatadi. Oldindan katta gapirishni yoqtirmayman. Agar o‘zgarishlar bo‘ladigan bo‘lsa ham faqat yaxshilik tomonga bo‘ladi. Samarqand tarixiy shahar  va bu erda futbolni juda sevishadi. Shaharga kelgan turistlarni ham futbolga jalb etish masalasida marketing tomonidan ishlar olib borilyapti.

- Ayting-chi, «Dinamo»dagi faoliyatingiz murabbiylikdagi tashrif qog‘ozingizga aylana oladimi?

- «Dinamo»ga kelganimda klubning nomini ko‘tarish va jamoani Superligaga olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi. O‘tgan yili shartnoma imzolaganimda uning bandida shular ko‘rsatib o‘tilgandi. Taqdir taqozosi bilan bu yil Superligada o‘ynab ketdik. Bizga berilgan bunday imkoniyatdan esa foydalanmasak bo‘lmaydi. Shu bois bunday vaziyatda siz o‘z ishingizning ustasi ekanligingizni isbotlashingiz kerak. Hammasi mehnatga bog‘liq. Shuningdek, jo‘jani kuzda sanaymiz degan gap bor. Kuz fasliga kelganda, «Dinamo»ni yuqori o‘rinlarda ko‘rmoqchimiz. «Dinamo»da futbolchi sifatida o‘ynagan paytlarimda ham klub yaxshigina rivojlanishga erishgandi. Maqsadim esa murabbiy sifatida «Dinamo» bilan yuqori cho‘qqiga chiqish. Bilasiz, har bir murabbiy har bir o‘yinda yutishni xohlaydi. Hech kim yutqazishni istamaydi. Futbolchilar ham xuddi shunday.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!