
Davron Fayziev: "Hech qaysi jihatda "Qizilqum" ustunlik qildi, deya olmayman"
Navoiyda “Qizilqum” hamda “Qo‘qon-1912” (1:1) klublari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmon jamoa bosh murabbiyi Davron Fayziev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Nima deyishim mumkin? O‘yin qiziqarli, shiddatli kurashlar ostida o‘tdi. Uchrashuvga kelsak, yutishimiz ham, mag‘lubiyatga uchrashimiz ham mumkin edi. Birinchi bo‘limda o‘ylagan rejalarimiz amalga oshdi. Gol urdik, hammasi rejamiz asosida davom etayotgandi. Lekin, baribir “Qizilqum” jamoasi o‘z maydonida o‘ynayapti. Shuning uchun shiddatkorlikni oshirdi. Bizga etakchi o‘yinchilarimizning yo‘qligi biroz bilindi. Buni o‘yinning natijasiga ro‘kach qilmoqchi emasman. Qisqa qilib aytganda, qiziqarli kurashlarga boy o‘tdi. Ammo bugun bizga g‘alaba ko‘proq zarur edi. Xatoga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q edi. Lekin bu futbol va xatodan iborat. Darhol uchrashuvdan keyin biror-bir jiddiy fikr bildirishga ham ojizman. O‘yinlarni tahlil qilamiz. Ko‘rib chiqib xatolar ustida ishlaymiz.
- “Qo‘qon-1912” jamoasi bugun ko‘proq qarshi hujumlarda tezkor o‘ynadi. Ammo o‘sha qarshi hujumlarni yakunlashda jamoa kamchilikdek bo‘lib qoldi...
- To‘g‘ri ta’kidlab o‘tyapsiz, qarshi hujumlarimiz xavfli bo‘ldi. Ammo ijobiy yakunlash koeiffitsientimiz past bo‘ldi. Balki mahorat, balki ruhiy bosim biroz xalaqit qilgan bo‘lishi mumkin. Ruhiy bosim – bu bizga rahbariyat yoki muxlislar tarafidan emas, balki turnir jadvalidagi holatimizdan kelib chiqib bizga g‘alaba kerakligi uchun ko‘proq natijaga e’tibor berib o‘ynadik. Xato, kamchiliklarimiz bor. Buning ustida ishlaymiz.
- Norbekovning o‘yini haqida nima deya olasiz?
- Norbekovni bugun o‘yini chiqmadi, emas. U biz o‘ylagan reja bo‘yicha harakat qildi. Maydondagi erkinligini biroz ta’qiqlab qo‘ygandik. “Qizilqum” o‘z uyida o‘ynagani uchun baribir ko‘proq oldinga harakat qilardi. Norbekovga ko‘proq bo‘sh hududlar kerak. Unda o‘zini erkinroq his qilsa, hamma narsani o‘xshashi mumkin. Bugun ham imkoniyati bo‘lmadi emas, bo‘ldi. Faqat foydalanishda sovuqqonlik etishmadi. Ammo unga hech qanday e’tirozimiz yo‘q.
- “Qo‘qon-1912” safarda bir ochkoni qo‘lga kiritdi. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu bir ochko g‘alabaga teng bo‘ldimi yoki kerakli ochkolar yo‘qotildimi?
- O‘yindan kelib chiqib aytsak, Navoiy shahriga faqat g‘alaba uchun kelgandik. Kuzatayotgan bo‘lsangiz, oxirgi paytlarda ko‘p durang o‘ynab, kerakli ochkolarni yo‘qotdik. Adashmasam, chempionatda 10-durangni o‘ynadik. Bu juda ko‘p deb o‘ylayman. Xudodan shu nasib qilgan ekan. Bir ochko biz uchun qimmatli yoki qimmatli emasligini chempionat yakunlanganda sarhisob qilsak to‘g‘ri bo‘ladi.
- Kubok musobaqasidagi “Qizilqum” bilan hozirgi “Qizilqum”ni farqi qanday?
- Hech qanday farq sezganim yo‘q. “Qizilqum”da tajribali futbolchilar yig‘ilgan. Temurxo‘xa Abduholiqov o‘yinga katta ta’sir qildi. Balki Abduholiqov bo‘lmaganida balki “Qizilqum”ni o‘yini qovushmagan bo‘lishi ham mumkin edi. Sanjar Shoahmedov, Fayzullo Qambarov yoki boshqalarni sanab o‘tishim mumkin. Baribir tajriba o‘z so‘zini aytdi. Bizning jamoamiz oldida tajribaliroqligi ko‘rinib turibdi. Buni hamjihatlikda, ahil oila bo‘lib engish mumkin. “Qizilqum” jamoasidan ko‘proq yugursak shunda natijaga erishimimiz mumkin, deb ta’kidlab o‘tgandim. Bugun hech qaysi jihatda “Qizilqum” ustunlik qildi, deb ayta olmayman. O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Eng qiziq chempionatimiz bu yil o‘tayotgan bo‘lishi aniq, ba’zi-bir kamchiliklar hisobga olinmasa! Muxlislarimizga olis yo‘l bosib bizni stadionda qo‘llab turganlari uchun katta rahmat aytaman.
Fikrlar