
Cuperliga. 22-turning eng yaxshilari kimlar?
Superligamizda 22-tur yakunlandi. 7 ta juftlikda turlicha natijalar kuzatildi. Shunga yarasha bellashuv qahramonlari ham ko‘zga tashlandi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Surxon” – “Lokomotiv” – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Abdug‘ofur Haydarov
“Surxon” irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mag‘lubiyatga uchrayotgan mahalida “Surxon”ning iqtidorli futbolchisi Abdug‘ofur Haydarov o‘z goli bilan uchrashuvda burilish yasay oldi. Yakunda esa jamoasi g‘alaba qozondi va ushbu yigit eng yaxshi o‘yinchiga aylandi. Oxirgi paytlarda Abdug‘ofur Haydarov haqida iliq fikrlar eshitilyapti.
“Navbahor” – “Metallurg” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Ruslan Jiyanov
Namanganliklar o‘z maydonida juda qiyin g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Shu bilan birga haqiqiy iroda va matonat ham ko‘rsatishdi. Chunki “Navbahor” bir futbolchi kam bo‘lib qolganida ham ortga chekinmadi va g‘alaba keltiruvchi golni urishga erishdilar. Shu kuni Ruslan Jiyanov o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
“Qizilqum” – “Paxtakor” – 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Muhammadali G‘iyosov
“Qizilqum” klubi Qarshida “Paxtakor”ni qabul qildi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Rosti, navoiyliklarning ushbu g‘alabasini kutmaganlar ko‘p bo‘ldi. Lekin “Qizilqum” “Paxtakor”ga qarshi yoqimsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Chunki jamoa 2001 yildan beri “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchrata olmay kelayotgandi. Nihoyat, bu safar chek qo‘yildi. Muhammadali G‘iyosovning 89-daqiqada jamoasining ikkinchi golini kiritgani “Qizilqum”ning g‘alabasini mustahkamladi. Bu futbolchi uchrashuv mobaynida kuchli raqibiga qarshi ajoyib o‘yin namoyish etdi. Uning kelajagi chindan ham porloq.
“Andijon” – “Olimpik” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Vladimir Bubanya
“Burgutlar” Superliganing 22-turiga kelib ikkinchi davradagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Jamoaning serbiyalik himoyachisi, tajribali futbolchi Vladimir Bubanya eng yaxshi futbolchi bo‘ldi va bunga u to‘la munosib edi. Himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatishidan tashqari standart vaziyatlarda hujumda ham juda xavfli bo‘ldi va gol urilishida ham Vladimirning hissasi bo‘ldi.
“Bunyodkor” – “So‘g‘diyona” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Luis Kachorri
O‘tgan turda g‘alaba qozongan “Bunyodkor” bu gal o‘z uyida “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvning oxirgi daqiqalarida g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Zaxiradan maydonga tushgan italiyalik hujumchi Luis Kachorri yana gol urdi. U o‘tgan turda ham zaxridan maydonga tushib gol urgandi va eng yaxshi futbolchi nomiga erishgandi. Kachorri “So‘g‘diyona” bilan bahsda ham o‘zini ko‘rsatdi.
OKMK – “Neftchi” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Anvar G‘ofurov
“Neftchi” Olmaliqda juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda dastlabki gol muallifiga aylangan “Neftchi” sardori Anvar G‘ofurov bellashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. U o‘tgan turda “Navbahor”ga qarshi bahsda ham eng yaxshi o‘yinchi nomiga sazovor bo‘lgandi. Bu safar ham mehnatkash futbolchi mehnatlariga yarasha eng zo‘ri deb topildi va jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
“Dinamo” – “Nasaf” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Abduvohid Ne’matov
22-turni yakunlab beruvchi mazkur o‘yin tur bezagiga aylandi. “Dinamo” chempionlik ostonasida turgan “Nasaf”ga juda jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Abramov jamoasi 1:0 hisobida oldinda borayotganida ikkinchi golni ham kiritishdi. Biroq Kojoning goli ofsayd tufayli bekor qilindi. Uchrashuv oxirlarida esa “Nasaf” xarakter ko‘rsatdi. “Ajdarlar” nafaqat mag‘lubiyatdan qutuldi, balki g‘alabani ham ilib ketdilar. Qo‘shib berilgan daqiqalarda “Dinamo” darvozasiga penalti belgilandi va bu vazifani “Nasaf” posboni Abduvohid Ne’matov aniq bajarib, jamoasining g‘alabasini ta’minlagan holda chempionlik deyarli ta’minladi. Bu Ne’matovni darvozabon sifatida joriy mavsumdagi ikkinchi goliga aylandi. Yakunda Abduvohid uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar