
“Chelsi” - “Liverpul”: Prevyu
APLning har bir turida qandaydir super to‘qnashuv ko‘ramiz. Bu gal “Chelsi” - “Liverpul” bahsi ayni shu maqomda. Birinchi turda bo‘lib o‘tgan “Tottenxem” - “Everton” uchrashuvi o‘z nomiga, maqomiga mos bo‘ldi. Shuningdek, startdanoq ikkala jamoa ham gollarga boy o‘yinlar namoyish etishdi. “Liverpul” o‘z maydonida “Lids”ni qabul qilgan kechada 7 ta gol ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. “Chelsi” ham “Brayton”ga qarshi o‘yinni gollarga boy tarzda o‘tkazdi. Ularning chiroyi esa alohida mavzu.
Jamoalar shu paytgacha o‘zaro 187 ta o‘yinda maydonga tushgan. Ularning 65 tasida mezbonlar, 80 tasida mersisaydliklar g‘alaba qozongan. Qolgan 42 ta bellashuvda durang qayd etilgan.
“Chelsi”
“Aristokratlar” tez-tez transfer taqiqiga uchrab turadi. Balki, shuning uchun ham ulgurji xaridlarni amalga oshirayotgandir. Asosiy biznesi klub akademiyasi hisoblangan londonliklarning bu kabi taqiqlarga yana uchramasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Ammo baribir darvozabon pozitsiyasiga nomzodlar kerak bo‘lyapti. Kepaga Lempard qanchalik ishonmasin, bu kabi ishonchsiz o‘yin bilan ispan posboni “Chelsi”ni ancha og‘ir ahvolga tushirib qo‘yishi mumkin.
“Brayton”ga qarshi uchrashuvda “ko‘klar” g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, aslida o‘sha uchrashuvda gol o‘tkazib yubormasligi ham mumkin edi. Trossardning ajoyib zarbasiga hurmatni saqlagan holda aytishimiz lozimki, Kepa bu to‘pni ushlab qolishi kerak edi. Keyin esa, katta sahnaga Ris Jeyms chiqib keldi. Uning belgiyalik raqibining zarbasiga javob o‘laroq, tepgan to‘pi yanada chiroyli traektoriya hosil qildi.
Lempardda bir qator yo‘qotishlar mavjud.
Ben Chiluell va Xakim Ziesh jarohati sabab o‘ynamaydi. Tyagu Silva jamoaviy mashg‘ulotlarga endigina qo‘shildi va katta ehtimol bilan “Liverpul”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushmaydi. Pulishich ham muhim o‘yinda jamoasiga yordam bera olmaydi.
Taxminiy tarkib: Arrisabalaga, Jeyms, Kristensen, Zuma, Aspilikueta, Kovachich, Kante, Barkli, Xaverts, Verner, Maunt.
“Liverpul”
Mersisaydliklar transfer kompaniyasini ancha keyinga qoldirgan ekan. 24 soat ichida ham Tiago, ham Jota transferini e’lon qilgan “Liverpul” ancha kuchaydi. Ochig‘i, Klopp jamoasi yarim himoyasida ijodkorlar ancha kamayib ketayotgandi. Ushbu ikki futbolchi bilan liverpulliklar o‘yini yanada chiroyli chiqishi aniq.
“Lids”ga qarshi uchrashuvda ushbu klub himoyasi keskin tanqidlar ichida qoldi. Keling ushbu o‘yindagi xatolarni mavsum boshi ekanligi sabab unutamiz. Shuningdek, aksariyat mutaxassislar Marselo Belsa shogirdlarini mavsum yakunlariga ko‘ra, ancha yuqori pog‘onalarda ko‘rishga ishonishmoqda.
Saloh “Chelsi”ga qarshi uchrashuvlarda gol urishni yaxshi ko‘radi. Birinchi turda aynan uning xet-trigi jamoasining g‘alabasini ta’minladi.
Jordan Xenderson tizzasidan olgan jarohatidan qariyb qutuldi. Oksleyd-Chemberlen esa “Lids”ga qarshi kechgan bahsda jarohat oldi. Tsimikas koronavirusdan tuzalgani va maydonga tushishga tayyorligi aytilmoqda.
Taxminiy tarkib: Alisson, Arnold, Van Deyk, Gomez, Robertson, Xenderson, Fabino, Veynaldum, Saloh, Firmino, Mane.
Murabbiylar
Frenk Lempard: “Brayton”ga qarshi o‘yinda biz o‘zimizni ushlab qola oldik va g‘alabaga erishdik. Biz yanada rivojlanishimiz mumkin. Futbolchilarning o‘zlari ham buni sezib turibdi. Bizning jamoani o‘tgan yilgisi bilan solishtirish noo‘rin. “Liverpul” qiyin o‘yin o‘tkazdi. Ushbu o‘yin har ikki jamoa uchun katta sinov.
Yurgen Klopp: “Chelsi”ning hozirgi holati haqida ko‘p narsalarni bilmaymiz. Hali mavsumning startida turibmiz. Darhaqiqat, qiyin mavsum o‘tkazdik va tarkib masalasida jiddiy ishladik.
Ularning “Brayton”ga qarshi uchrashuvini kuzatdim. Kalit vaziyatlarda barchasini ajoyib bajarishdi”.
Xulosa o‘rnida
Yuqorida guvohi bo‘layotganingizdek, jamoalar ko‘p gol urmoqda va o‘z darvozasi dahlsizligini ham saqlab qola olmagan. Demak, bugun gollarga boy uchrashuv guvohiga aylanamiz. “Chelsi” transferlar oynasida etarlicha kuchaygan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi bugun maydonda bo‘lmaydi. Vernerning tayyorligi ham so‘roq ostida edi. Xayriyatki, nemis forvardi markaziy bahsga tayyor holatda keldi.
Demak, kichik ustunlik “Liverpul”da. Ular nisbatan shakllangan jamoa. “Chelsi” qanchalik ko‘p iqtidorlarni o‘ziga jalb qilgan bo‘lsa ham, hozircha ularga biroz vaqt kerak.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar