Bunaqasi bo‘lmagan: Husanov, Shomurodov va Fayzullaev haqida!

  • 27 may, 09:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropaning aksariyat mamlakatlarida futbol bo‘yicha yuqori divizion musobaqalari yakunlanib, chempionlar, sovrindorlar, Evrokuboklar ishtirokichilari va quyi ligaga ravona bo‘lganlar nomi aniq bo‘lib ulgurdi.

Tecno

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun hal qiluvchi ikki bellashuv arafasida turgan vaziyatda uch nafar etakchi o‘yinchimiz – Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullaevning klublari ijobiy natija qayd etganini ta’kidlash lozim.

Eldor Shomurodov – “Roma”

Terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodovdan boshlaylik. Odatdagidek, 29 yoshli hujumchimiz mavsumni zaxira o‘yinchisi sifatida boshladi. “Roma” mavsum davomida ikki bor o‘zbek hujumchisidan qutilishga harakat qilib ko‘rdi.

Ayniqsa, qishki transferlar davrida “Venetsiya” Shomurodovni kutib olishga tayyorgarlik ko‘rayotganida bosh murabbiy Klaudio Ranerining transferga qarshi chiqqani keyinchalik “Roma” uchun o‘ta manfaatli qaror bo‘lib chiqdi. 73 yoshli tajribali murabbiy qo‘l ostida Eldor Shomurodov chempionatning hal qiluvchi pallasida jamoaning muhim o‘yinchisiga aylandi. O‘zbek forvardining gollari va assistlari orqali kelgan ochkolar “Roma”ga so‘nggi pallagacha Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish imkonini berdi.

Garchi jamoa kuchli to‘rtlikka kira olmagan bo‘lsa-da, kelasi mavsum Evropa ligasida o‘ynaydigan bo‘ldi.

Shomurodov esa, 37 ta uchrashuvda o‘z hisobiga ettita gol va beshta assist yozdirib qo‘ydi. Eng muhimi, butun Rim muxlislari Eldorni shaxsiy manfaatidan ko‘ra, jamoa foydasi uchun kurashadigan o‘yinchi sifatida yanada qadrlaydigan bo‘ldi.

Eldorning mavsum davomida 37 ta o‘yinda ishtirok etgani Italiyadagi faoliyati davomida shaxsiy rekordi hisoblanadi. Bungacha hamyurtimiz bir mavsumda bu qadar ko‘p uchrashuv o‘tkazmagan edi. 

Abduqodir Husanov – “Lans” va “Manchester Siti”

21 yoshli markaziy himoyachi mavsumni Frantsiya chempionatida boshlab, Angliya Premer-ligasida yakunlanadi.

Abduqodir Husanov mavsum avvalidayoq, “Lans” zaxirasidan chiqib, asosiy tarkibning muhim o‘yinchisiga aylandi. Markaziy himoyachi Frantsiya chempionati, mamlakat kubogi va Konferentsiyalar ligasi saralash turnirida jami 16 ta uchrashuvda qatnashdi.

Uning yuqori saviyadagi o‘yini top-ligalar grandlari e’tiborini qozondi va qishki transferlar oynasi ochilishi arafasida yigirmataga yaqin klub o‘zbek himoyachisi bilan hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlarini chamalashga kirishdi.

Bu masalaga birdaniga 40 million evro badal puli va yana 10 million evro bonus taklif qilgan “Manchester Siti” nuqta qo‘ydi. 20 yanvar kuni Abduqodir Angliyaning o‘sha paytdagi amaldagi chempioni safiga borib qo‘shildi.

Husanov Xosep Gvardiola qo‘l ostida Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasida to‘qqizta uchrashuv o‘tkazdi. Angliya kubogi doirasida o‘z hisobiga gol ham yozdirib qo‘ydi.

“Manchester Siti” chempionatning birinchi qismida yuz bergan inqirozni engib o‘tib, Premer-ligani uchinchi o‘rinda yakunladi va kelasi mavsum Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma oldi. Demak, Husanovni bronza medal bilan ham tabriklasak bo‘laveradi.

Abbosbek Fayzullaev – TsSKA

Abbosbek Fayzullaevning “armiyachilar” tarkibidagi faoliyatini ikkiga bo‘lish mumkin. Mavsum boshida yorqin o‘yinchilari bilan ajralib turgan hujumkor futbolchimiz chempionatning ikkinchi qismida ko‘zga kam tashlanadigan bo‘lib qoldi.

Bunga asosiy sabab – TsSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich o‘yin sxemasini va buning ortidan Abbosbekning maydondagi joy va vazifasini o‘zgartirganidir.

Abbosbek qanot hujumchisi pozitsiyasidan olib, markazga qo‘yildi. Vazifalari qatoriga hujum uyushtirishdan tashqari raqib hujumlarini to‘xtatish va himoyaga ko‘proq qaytish yuklamalari qo‘shildi.

Yosh futbolchi og‘ir talablarga ko‘nikishi biroz vaqt oldi. Bosh murabbiy Marko Nikolich bu pasayish tabiiy va vaqtinchalik ekanini aytib, Fayzullaev yangi joyga moslashib olishi bilan samaradorligini ko‘tarilishini ta’kidladi.

Yangicha o‘yin sxemasi jamoa uchun foydali bo‘ldi. TsSKA chempionatning hal qiluvchi qismida, ya’ni 2025 yil davomida mag‘lubiyatsiz seriya namoyish qilib, uchinchi o‘rinni naqd qildi.

Bundan tashqari, “armiyachilar” 1 iyun kuni Rossiya kubogi Superfinalida “Rostov”ga qarshi o‘ynaydi va chempionatning bronza medali qatoriga nufuzli sovrinni ham qo‘shib olish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega. Albatta, TsSKA erishayotgan natijalarda Abbosbek Fayzullaevning xizmatlari katta bo‘lmoqda.

Fayzullaev mavsum davomida 38 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini uch marta ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga sakkizta golli pas uzatdi.

Ta’kidlash joizki, Evropaning kuchli chempionatlarida o‘zbek legionerlari o‘ynayotgan jamoalar bir mavsumning o‘zida yuqori o‘rinlarni egallagani ilgari hech kuzatilmagan holat sifatida namoyon bo‘ldi.

“Siti” Husanovni ijaraga bersa ham, faqat top-klubga jo‘natadi!

Shomurodovning so‘nggi o‘yinini xorijlik ekspertlar qanday baholadi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Olim
27/05/2025 21:56
Barcha chet eldagi futbolchilarimizga omad tilayman!