
Braziliyadan SPORTS.UZ muxbiriga kutilmagan qo‘ng‘iroq!
Sports.uz sayti o‘quvchilari uchun eksklyuziv maqola va suhbatlarni tayyorlashda davom etadi. Saytimizni muntazam ravishda kuzatib kelayotganlar yaxshi biladilarki, tez-tez xorijlik futbol insonlari bilan o‘ziga xos suhbatlarni hukmingizga havola etib kelmoqda. Ularning orasida albatta ko‘zga ko‘ringan, taniqli mutaxassislari ham bor. Bu safar ham Sports.uz muxbiri birov kutmagan navbatdagi eksklyuziv intervyuni uyushtirdi.
Odatda, xorijliklar bilan, ayniqsa, taniqli shaxslar bilan saytimiz uchun suhbatlar uyushtirish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lib qolmaydi. Buning zamirida katta mashaqqat yotadi. Ya’ni, o‘zingiz istagan suhbatdoshni qidirib topish, uni ko‘ndirish kabi o‘ziga yarasha oson bo‘lmagan tomonlari ham bor.
Demak, Sports.uzning navbatdagi “nishoni” bilan tanishing: uzoq yillar Rossiya futbolida nom qozongan braziliyalik futbolchi – Ari! Ha, bu o‘sha siz bilgan va tanigan, “Spartak”, “Krasnodar”, “Lokomotiv” hamda Rossiya terma jamoasida to‘p surgan hujumchi. Hayron bo‘lmang, o‘z vaqtida Rossiya terma jamoasi ushbu futbolchini mahalliylashtirgan holda tajribasidan foydalanishni lozim topgan.
Uni Evropa futbolida ham o‘z nomi bor. Top-o‘yinchi, ayniqsa, Rossiya chempionatidagi faoliyatidan keyin braziliyalik futbolchi juda tez tanila boshladi. Ari “Krasnodar”da to‘p surib yurgan kezlarida hamyurtimiz Odil Ahmedov bilan ham birga o‘ynagan.
Ari bilan saytimiz uchun suhbatlashish istagi paydo bo‘lgach, uni qidirishga tushdik va harakatlarimiz besamar ketmadi. Lekin u bilan aloqa o‘rnatish oson kechmaganini tan olamiz. Aslida braziliyalik futbolchi bilan o‘tgan yili gaplashmoqchi edik. Lekin avvaliga unga yozgan xabarlarimiz javobsiz qolaverdi. Albatta, o‘zimizni tanishtirish va qaerdanligimiz bo‘yicha ham Ariga xabar yo‘llagandik. Ahyon-ahyonda undan qisqa statrlarda “salom”, “yaxshi, rahmat”, degan javoblarni olardik, xolos.
Xullas, oradan ancha vaqt o‘tdi hamki, undan darak bo‘lmadi. Shunda bunday katta darajadagi futbolchilarni “qarmoq”qa solish oson emas-da, deya o‘zimizni-o‘zimiz ovuntirib yurdik. Lekin intilganga tole yor deyishganidek, kuni kecha Braziliyadan kutilmagan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ha, bu o‘sha yozganlarimizni deyarli javobsiz qoldirgan Ari edi.
Rosti, uning biz bilan aloqaga chiqishi kutilmagan hol bo‘ldi. Taxmin qilganimizdek, futbolchining vaqti tig‘iz edi. Shunga qaramay, hozirda Braziliya chempionatida to‘p surayotganini, natijalari haqida biroz gapirdi va u Sports.uz sayti uchun suhbatlashishga rozi bo‘ldi. Tabiiyki, futbolimizga taalluqli fikrlarini ham bildirdi. Tez orada saytimiz orqali braziliyalik tajribali o‘yinchi bilan suhbat siz o‘quvchilarga taqdim etiladi. Bizni kuzatishda davom eting!
Fikrlar