Bosh murabbiyning ishidan qoniqmayotgani, Xomyakovni boshqa lavozimga qaytishiga qarshi emasligi va PFLning zimmasidagi katta mas’uliyat haqida "Mash’al" rahbarining munosabati

  • 12 iyul, 2020, 23:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muborakning “Mash’al” jamoasi Coca-Cola Superligada ilk bor qatnashayotganiga qaramasdan, ular tarkibining katta qismini yosh futbolchilardan tuzishga qaror qilishdi. Ammo bundan hayron qolmasa ham bo‘ladi. Axir “Mash’al” bungacha ham o‘zbek futboli uchun ko‘plab o‘yinchilarni etishtirib bergan va ular doimgidek yana o‘z yo‘lidan ketmoqdalar. Bunday ish uslubi klubning printsipiga juda mos tushadi. Biroq futbolda natija ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tecno

Muborakliklarning hisobida hozircha bitta g‘alaba bor. Qolgan uchrashuvlarda esa uchta durang va to‘rtta mag‘lubiyat qayd etishdi. O‘z o‘rnida klub ijrochi direktori Ilhom Qurbonov “Mash’al”ning ishtiroki xususida shunday dedi:

-  Pandemiya davrida ikki oy tanaffusda bo‘ldik. Keyin yana boshqatdan yig‘ilib ish boshladik. Hozir jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha 70 foizga tayyormiz. Biz ham o‘tkazgan o‘yinlarimizni jiddiy tahlil qilib boryapmiz. Jamoamiz hali yosh va yangi yig‘ilgan desam ham bo‘ladi. O‘ylaymanki, yigitlarimiz hali so‘zini ayta oladilar. Hozirdan esa hukm chiqarib, jamoa potentsialsiz deb aytishga erta. Ko‘rib turibman, jamoadagilar ishlashyapti. Bizni kattaroq aybimiz gol ura olmayotganimizdadir. Har bir o‘yinda kimga qarshi o‘ynashimizdan qat’iy nazar golli imkoniyatlarni yaratyapmiz. Faqat o‘sha vaziyatlarni gol bilan yakunlashda muammoga duch kelyapmiz. Biz esa bu borada ishlayapmiz.

Natijaga bosh murabbiy javom beradi. “Mash’al” klubini esa hozirda Dilyaver Vaniev boshqarib kelayotganini yaxshi bilasiz. Hozirgi natijalardan kelib chiqsak, rahbariyat bosh murabbiyning ishidan qoniqyaptimi, degan haqli savol ham tug‘ilishi tabiiy.

-  Bosh murabbiyimizning ishidan to‘liq qoniqish hosil qilyapmiz, deb aytmagan bo‘lardim, - deya mavzuni davom ettirdi Qurbonov. - Biroq hozirdan qandaydir xulosa chiqarish qiyin. Bizning asosiy maqsadimiz yoshlar bilan ishlab, shakllantirish va keyinchalik ularni sotish. Shuning uchun yoshlarimizga imkoniyat beryapmiz. Baribir tarkibimizdagi o‘yinchilarimizning potentsiali bor deb o‘ylayman. Shunday ekan, ularga ishonamiz. Ikki-uch yildan beri ularni jamoamizda ushlab turishimizning sababi ham ishonch bilan bog‘liq. Ya’ni, vaqti kelib ularni o‘zbek futboli uchun munosib darajada etishtirib bera olamiz degan, xulosada to‘xtab turibmiz. Agar ishonmaganimizda qo‘yib yuborardik. Biz albatta bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Bungacha o‘ynagan raqiblarimiz ham oson emasdi. To‘rtta safarda o‘ynadik, balki birgina “Paxtakor” o‘yin jihatidan bizdan kuchli bo‘lgandir, har holda ularning futbolchilari individual jihatdan kuchli. Shunda ham ikki-uchta vaziyatlarni yaratdik.

Shuningdek, oxirgi paytlarda klubning sobiq murabbiyi Aleksandr Xomyakovning yana “Mash’al”ga qaytishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar ham eshitilmoqda. Aslida bu qanchalik haqiqatga yaqin? Bunga esa Ilhom Qurbonov javob berdi.

-  Oldin ham aytganman, biz Xomyakov bilan yaxshi do‘stmiz. Hozir ham gaplashib turamiz. To‘g‘risi, hali u bilan yana hamkorlik qilish fikriga kelganimiz yo‘q. Agar “Mash’al”ga qaytaman desa, uni tahlilchi yoki maslahatchi qilib olishga qarshi emasmiz. Lekin o‘zi bilan gaplashayotganimizda hali tayyor emasligini aytyapti. Biz esa uni bosh murabbiylikka olmoqchi emasmiz. Chunki bu lavozimni o‘zimizdagi yosh mutaxassislarimizga berdikmi, endi ular bilan ishlab maqsadimizga erishishga harakat qilamiz.

Chempionatimizning 9-turidan keyin navbatdagi uchta tur bellashuvlari markazlashgan holda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilishi yuzasidan PFL o‘z taklifini bildirdi va katta ehtimol bilan vaziyat shunday tus oladi. Bunga esa “Mash’al” klubi mutasaddisi o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi.

-  Aslida vaziyatga real qarasak, har bir jamoa o‘z maydonida o‘ynasa, uyingda devorlar ham yordam beradi deyishadi-ku. Lekin chempionatimiz to‘xtatib qo‘yilsa yana orqaga ketish bo‘ladi. Natijada vaqti kelib futbolchilarni yana boshqatdan tayyorlashga to‘g‘ri keladi. Shu bois menimcha imkon darajasida chempionatni to‘xtatmagan yaxshi. To‘g‘ri, hozirgi holatda kimdir betaraf maydonda o‘ynaydi va boshqa sabablar bo‘lishi mumkin. Lekin imkoniyatlardan kelib chiqib o‘yinlarni davom ettirish lozim, deb o‘ylayman. Agar shunda ham vaziyat yo‘l qo‘ymasa, ana shunda ilojimiz qolmaydi, to‘xtatishga. PFL esa buning oldini olish uchun ham o‘yinlarni bir joyda o‘tkazishni taklif qildi. Bu esa PFLning o‘ziga ham juda katta mas’uliyatni yuklaydi. Jamoalar rozi bo‘lishgach, hamma bir ovozdan qaerda o‘ynaymiz, degan savolni ko‘taramiz. Mayli, ular oltita stadionni ajratishdi. Keyin esa PFLga qaerda mashg‘ulot o‘tkazamiz, degan savolni ham beramiz. Shuningdek, shaharning ichida qanday yuramiz, deymiz. Jamoalar esa o‘z rejalaridan kelib chiqib shug‘ullanadi, kimdir maydonda, trenajyor zalida yana kimdir zalda shug‘ullanmoqchi bo‘ladi. PFL esa klublarning sharoitlarini qilib berish uchun kimgadir telefon qiladi, iltimos qiladi. Aytmoqchimanki, hozirgi paytda PFLning o‘ziga ham bu yaxshi vaziyat emas. Ammo anig‘i shuki, hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz kerak. Kimdir o‘zini o‘ylab ish tutishi esa noto‘g‘ri.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!