Bobur Yo‘ldoshev: Stadionda chiroq o‘chib qolganida o‘yin ertaga qoldirilsa kerak, degan xayolga borgandik

  • 20 oktabr, 2019, 00:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

AGMK klubi chempionatning 22-tur doirasida Toshkentda «Bunyodkor» maydonida 0:2 hisobidagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, birinchi bo‘lim oxirida himoyachi Bobur Yo‘ldoshevning kiritgan ikkinchi goli olmaliqliklarning g‘alabasi uchun muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin. Endi esa oldinda AGMKni O‘zbekiston Liga Kubogi yarim finali va O‘zbekiston Kubogida final bahslari kutib turibdi. Shu bois «Bunyodkor»ga qarshi bahsda g‘alaba uchun munosib hissasini qo‘sha olgan Bobur Yo‘ldoshev bilan suhbatda bo‘ldik.

Tecno

- «Bunyodkor» hamda AGMK o‘rtasida qanday natija qayd etilishiga ko‘pchilik qiziqayotgandi va ushbu bahsda jamoangiz 0:2 hisobida g‘alaba qozondi. Avvalo o‘yin to‘g‘risidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Mashg‘ulotda o‘z ustimizda ishlaganimiz va murabbiylarimizning bergan to‘g‘ri ko‘rsatmalarini bajarganimiz evaziga yutdik deb o‘ylayman. Chempionatimizda yuzaga kelgan tanaffus paytida shug‘ullandik va bir marta Toshkentning «Rubin» jamoasi bilan o‘ynadik. Biz «Bunyodkor»ga qarshi yaxshi tayyorlangandik va uchrashuv davomida ham sabr bilan o‘ynadik. Taymning o‘rtalarida gol urdik va tanaffusga chiqib ketish oldidan ikkinchi golni urib ancha xotirjam bo‘ldik. Natijada ikkinchi bo‘limda o‘zimizga kerakli bo‘lgan natijani qo‘lga kiritdik.

- Birinchi bo‘limning oxirlarida sizning kiritgan ikkinchi golingiz jamoangizning g‘alabasida muhim rol o‘ynadi va bu AGMKning ruhiy ustunligini yanada oshirdi. O‘sha standart vaziyatda gol urishingizni sezganmidingiz?

- Aslida har bir o‘yinchi raqibning jarima maydoniga gol urish uchun boradi. O‘sha paytda jarima maydoni ichida gol urishimni sezgandim desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Standart vaziyatlarda ko‘proq biz himoyachilar boramiz. Shukurki, o‘sha paytda boshim bilan zarba berdim va gol urdim. Bu esa bizga xotirjamlik bag‘ishladi.

- Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida kutilmaganda stadion yoritgichlari o‘chib qoldi. Bu hol jamoa o‘yiniga ta’sir ko‘rsatmadimi?

- O‘yin sur’atiga ta’sir qiladi. O‘sha paytda o‘yin rosa qizigan pallasiga kelgandi. Chiroq o‘chib qolganidan keyin yonishini ancha paytgacha kutib qoldik. Hattoki, o‘sha paytda o‘yin ertaga qoldirilsa kerak, degan hayolga ham borgandik. Lekin ma’lum vaqtdan so‘ng stadion yoritgichlari yondi va o‘yinni yana davom ettirdik.

- Vadim Abramov «Bunyodkor»ni boshqarishdan tashqari milliy terma jamoamizning ham bosh murabbiyi sanaladi. Shu sababli o‘yin davomida unga o‘zingizni ko‘rsatish ishtiyoqi ham bormidi?

- Hamma futbolchi ham terma jamoadan chaqiruv olishni xohlaydi. Lekin ushbu uchrashuvda bizga ko‘proq natija muhimroq edi. Shuning uchun boshqa narsalar haqida o‘ylamadik. Agar mag‘lubiyatga uchraganimizda pastki o‘rindagi jamoalar bizga yaqinlashib qolgan bo‘lishardi. Shuning uchun «Bunyodkor»ga qarshi bahsda bizni faqat g‘alaba qoniqtirardi. Endi milliy terma jamoa haqida keladigan bo‘lsak, albatta uning murabbiylari bor, balki ular o‘zlariga kerakli bo‘lgan o‘yinchilarni kuzatishgandir.

- Oldinda AGMKni ikkita muhim o‘yin kutib turibdi. Avvaliga 22 oktyabr kuni Liga Kubogi yarim finalida «Dinamo» bilan o‘ynaysizlar. 26 oktyabrda esa O‘zbekiston Kubogi finalida «Paxtakor»ga qarshi to‘qnash kelasizlar…

- Ha, oldimizda mas’uliyatli o‘yinlar turibdi. Biz avvalo Liga Kubogi yarim finalida o‘ynaymiz. Shu bois bugundan ushbu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yana mashg‘ulotlarga kirishdik. Har holda o‘z uyimizda muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz va finalga chiqishga harakat qilamiz.

- Shundan keyin Kubok finali bo‘ladi. O‘tgan yili ham hal qiulvchi bahsda «Paxtakor» bilan AGMK to‘qnash kelgandi. O‘shanda hamma «Paxtakor»ning g‘alabasini kutayotgan bir paytda AGMK sensatsiya ko‘rsatib Kubokni qo‘lga kiritgandi. Bu safar AGMK o‘tgan yilgi g‘alabani takrorlashga qodirmi?

- Albatta, nega endir qodir bo‘lmasligi kerak? Bizning ham o‘zimizga yarasha kuchimiz va jamoamiz nomi bor. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, biz o‘tgan yili Kubok sohibimiz. Tabiiyki, o‘tgan yilgi titulni bu yil ham munosib ravishda himoya qilishga harakat qilamiz. Bu – futbol, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Oldindan hech nima deb bo‘lmaydi. Kubok finalida o‘ynashni hamma o‘yinchi ham istaydi. Maydonga chiqqanda hamma maksimal natijaga erishishga harakat qiladi.

- Faraz qilaylik, oldingizda ikkita yo‘l turibdi: Liga Kubogi yoki O‘zbekiston Kubogini tanlash kerak bo‘lganida, qaysi birini tanlagan bo‘lardingiz?

- Ikkalasini ham tanlardim (kuladi). Nimagaki, ikkalasi ham Kubok. Liga Kubogi birinchi marta o‘tkazilyapti. Ushbu musobaqaning birinchi sohibi esa o‘z-o‘zidan tarixga kiradi. Bu esa AGMK ham bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritish esa Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanma beradi. Shuning uchun ikkalasida ham maksimal natijaga erishishga harakat qilamiz.

- Qisqa muddat ichida ikkita muhim o‘yinda qatnashish oson emas. Bunga jamoaning kuchi etarmikin?

- O‘ylaymanki, biz uchun hammasi yaxshi yakun topadi. Murabbiylarimiz ham bu masala ustida bosh qotirayotgan bo‘lishsa kerak. Barchasi ko‘proq tiklanishga bog‘liq. Hamma mas’uliyatning jiddiylinini bilib turibdi. Bundan buyog‘iga barcha o‘yinlar biz uchun muhim. Bungacha «Lokomotiv» bilan ikki marta Kubok qo‘lga kiritganman va uning taftini his qilib ko‘rganman. Endi nasib bo‘lsa, AGMK bilan ham yana bir bor Kubokni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!