Bizga o‘t, pulni ol! “Al-Hilol” superto‘purarga 300 million evro maosh va’da qildi
Saudiya Arabistonining eng badavlat klublaridan hisoblangan “Al-Hilol” rahbariyati Evropa futbolid porlayotgan yulduzlarni o‘z safiga qo‘shib olish harakatlarini to‘xtatmoqchi emas.
Bu gal shayxlar e’tibor “Bavariya”da to‘purarlik rekordlarini yangilab kelayotgan angliyalik hujumchi Harri Keynga qaratildi.
Bild nashrining yozishicha, “Al-Hilol” xo‘jayinlari Harri Keynga umumiy maoshi 300 million evroni tashkil qiladigan uch yillik shartnoma taklif qilmoqda. Bu Keynning Myunxenda olayotgan maoshidan bir necha baravar ko‘p.
Manbada qayd etilishicha, Harri Keyn 2023 yilning yozida saudiyaliklarning mo‘may daromadli taklifiga rad javobini bergan. Biroq hozir vaziyat o‘zgargan. 32 yoshli to‘purar kelasi yoz Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligi aytilmoqda.
Harri Keyn “Bavariya” 2023 yilning yozida “Tottenxem”dan ko‘chib o‘tgan edi. Tajribali o‘yinchi shundan bari barcha turnirlarda 106 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 103 ta gol yozdirib qo‘ydi. Harri Keynning myunxenliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yarmigacha davom etadi.



Fikrlar