Birinchi davraning so‘nggi turi shunchaki "yonadi" yoxud yozning qaynoq haroratidagi qaynoq o‘yinlar

  • 3 iyul, 00:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Birinchi davraning so‘nggi turi 3-7 iyul kunlarida o‘tkaziladi. “Paxtkor” – “Navbahor” o‘rtasidagi bellashuvga qiziqish shubhasiz katta. Bundan tashqari, yana boshqa juftliklar ham aniq e’tiboringizni tortadi.

Tecno

3 iyul

20:00. “Sho‘rtan” – “Qizilqum”

Superliganing 15-turi G‘uzorda “Sho‘rtan” va “Qizilqum” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bilan boshlanadi. “Sho‘rtan” birinchi davraning so‘nggi uchrashuvida g‘alaba qozonib muxlislarini xursand qilmoqchi. Aks holda birinchi davrani yaqqol autsayder sifatida yakunlaydi. Hozirda “Buxoro”dan uch ochkoga ortda qolyapti. Albatta, “Qizilqum” ham G‘uzordan g‘alaba bilan qaytish umidida. Bir-biriga munosib raqiblar. Ikkala klubda ham bosh murabbiylar o‘zgargan va mahalliy mutaxassislar vaqtincha ushbu lavozimda ishlashmoqda.

4 iyul

20:00. “So‘g‘diyona” – “Qo‘qon-1912”

Ikkala jamoa birinchi davrani kutilganidek o‘tkaza olmayaptilar. Ular turnir jadvalida mos ravishda 13 va 14-o‘rinda borishmoqda. Qo‘qonliklar ketma-ket mag‘lubiyatlar seriyasiga tushib qolgan. Kuni kecha klub rahbariyati jamoa a’zolari bilan tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazgan va Jizzaxdan faqat g‘alaba bilan qaytish vazifasini qo‘ygan. “So‘g‘diyona” ikkinchi davrada boshqacha jamoaga aylanishi kutilmoqda va ular birinchi davraning oxirgi turini qanday natija bilan tugatarkin?

20:00. “Surxon” – “Buxoro”

Fevzi Davletov jamoasi o‘tgan turda Olmaliqda OKMKga deyarli imkon qoldirmadi va 0:1 hisobida g‘alaba qozonib muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Qizig‘i, “Buxoro” ham yaqinda O‘zbekiston Kubogi doirasida OKMKni Olmaliqda mag‘lubiyatga uchratgandi. O‘tgan turda buxoroliklar “Sho‘rtan”ni ham engishdi. Ikkala jamoada ham kayfiyat yaxshi. Agar “Surxon” OKMKga qarshi ko‘rsatgan o‘yinini namoyish qilsa Ulug‘bek Baqoev jamoasiga ancha murakkab bo‘ladi.

5 iyul

20:00. “Andijon” – “Bunyodkor”

Turning markaziy uchrashuvlaridan biri “Bobur arena”da bo‘lib o‘tadi. Maksim Shatskix jamoasi o‘tgan turda safarda “Xorazm”ni engib qaytdi. “Bunyodkor” ham g‘alabalar orqali muxlislarini xursand qilmoqda. Endilikda jamoalar “Bobur arena”da jangovar holatda va o‘yin harorati ham yozning qaynoq harorati kabi bo‘lishi katta ehtimol.

20:00. “Mash’al” – OKMK

Asror Aliqulov jamoasi o‘tgan turda Namanganda “Navbahor”dan javobsiz 6 ta gol o‘tkazib yubordi. So‘nggi tur oldidan yirik mag‘lubiyat “Mash’al” futbolchilariga qanday ta’sir ko‘rsatganini albatta OKMKga qarshi bellashuvda ko‘ramiz. Aksiga olib Mirjalol Qosimov jamoasi oxirgi paytlarda omadsizlik girdobiga tushib qolgan. O‘yin ikkala jamoa uchun muhim.

6 iyul

20:00. “Dinamo” – “Nasaf”

Turning yana bir markaziy o‘yinlaridan biri Samarqandda o‘tadi. Jadvalda dastlabki ikki o‘rinni egallab turgan klublar bahsiga qiziqish shubhasiz katta. Ammo 2 iyul kuni “Dinamo” 7-turning qoldirilgan uchrashuvida o‘z uyida “Neftchi”ga yutqazdi. Chempionatda birgina mag‘lub bo‘lmagan “Nasaf” qoldi. Vadim Abramov jamoasining “Ajdarlar”ni engishga kuchi etarmikin? Bu bahs sarguzashtlarga boy o‘tishi kutilmoqda.

20:00. “Paxtakor” – “Navbahor”

Navbatdagi e’tibor markazida bo‘lgan o‘yinlardan biri Toshkentda “Paxtakor” va “Navbahor” o‘rtasida kechadi. Sergey Lushchan boshchiligidagi “Navbahor” bu yil “yiritqich”ga aylandi. Chempionatda eng ko‘p gol urgan jamoa “Navbahor” bo‘lib turibdi – 30. Undan keyin esa “Paxtakor”  29 ta gol. Demak, hujumkor va gollar urishni yoqtiradigan klublar o‘rtasida biz yana gollar shousini ko‘rsak ajab emas. “Paxtakor” Kamoliddin Tojiev boshchiligida hali yutqazgani yo‘q. Har tomonlama markaziy uchrashuv maqomiga mos. Bu oddiy o‘yin emas va har qanday holatda ham uning muhokamasi albatta bo‘ladi.

7 iyul

20:00. “Neftchi” – “Xorazm”

Ikki klub ham O‘zbekiston Kubogini tark etdi. Lekin “Neftchi” 2 iyul kuni 7-turning qoldirilgan o‘yinida Samarqandda “Dinamo”ni mag‘lub etdi va Vitaliy Levchenko o‘ziga nisbatan bildirilayotgan tanqidlardan biroz uzoqda bo‘ldi. “Xorazm” ham yomon taassurot qoldirmayapti. Biroq ijrochilar borasida shubhasiz farg‘onaliklar favorit.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!