
Bir qancha sobiq futbolchilar murabbiylik litsenziyasini qo‘lga kiritishdi
Italiya futbol federatsiyasi UEFAning A litsenziyasini olgan murabbiylar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ushbu litsenziya PRO darajasidan bir pog‘ona past bo‘lib, uning qo‘lga kiritganlar 18 yoshgacha bo‘lgan jamoalar, oliy divizion klublarining zaxira jamoalari va ikkinchi divizion klublarida bosh murabbiy bo‘lish imkonini beradi. Italiyada uni olgan mutaxassislar istalgan ayollar yoki erkaklar jamoalarini boshqarishlari mumkin.
Litsenziya olgan yangi murabbiylar orasida futbolchilik faoliyatini "Salernitana"da yakunlagan "Bavariya"ning sobiq vingeri Frank Riberi, "Inter"ning sobiq darvozaboni va sardori, hozirda "neradzurrilar"ning U 17 jamoasida ishlayotgan Samir Xandanovich, Italiya terma jamoasining sobiq futbolchilari Domeniko Krishito va Alessandro Diamanti ham bor.
Shuningdek, ro‘yxatda "Milan"ning sobiq bosh murabbiyi Stefano Piolining o‘g‘li Janmarko Pioli ham borligi qayd etilgan. U otasiga "rossonerilar" bilan ishlagan davrda video tahlilchi sifatida yordam bergan.
Fikrlar