
Bilasizmi, AGMK o‘yinchisi futbol maktabini ochyapti
Hech kimga sir emas, yurtimizda futbol birinchi raqamli sport turi bo‘lgani sababli unga qiziquvchilar va futbolchi bo‘lishni istaydiganlar ko‘p. Ayniqsa, yoshlarni futbolga bo‘lgan qiziqishi va e’tiborini oshirish uchun akademiyalar, futbol maktablari ko‘payib boryapti. Quvonarlisi, bolalarni futbol bilan shug‘ullanishlari uchun futbol dargohlari ortyapti.
Qizig‘i, professional futbolchilar orasida ham o‘zining shaxsiy futbol maktabiin ochayotganlar ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, AGMK klubi safida to‘p surayotgan Bobur Yo‘ldoshev ham o‘zining futbol maktabiga asos solyapti. Quyida shu xususida so‘z yuritiladi.
“Birinchi qadamni tashlayapmiz”
- Bu narsa bugun o‘ylab topilgani yo‘q. Anchadan beri shu xususida rejalashtirib yurgandim. O‘zim tug‘ilib o‘sgan – Quvada alohida joy olingan. O‘sha erda ikkita sun’iy qoplamali maydon qurilgan. Hozir bu ish yurityapti. Bolalar futbol o‘ynab kelishyapti. Futbol maktabini tashkil etish bo‘yicha undan-bundan so‘radim, maslahatlashdik. Toshkentda o‘z maktabini ochgan tanishlar bor. Ulardan ham yo‘l-yo‘riqlar so‘radik. Keyin shu narsaga yo‘l urdik. Bu hozircha katta loyiha emas. Ammo birinchi qadamni tashlayapmiz. Muhimi, shu.
“Hammasi mening nazoratimda bo‘ladi”
- Hozircha futbol maktabimizda nechta bolalar bo‘lishini ayta olmayman. 7 noyabrga ochilishini rejalashtirganmiz. E’lonlar tarqatdik, qiziquvchilarni taklif qildik. 6 yoshdan 12 yoshgacha bolalarni qabul qilamiz. 100 tacha bolani vaqtma-vaqt shug‘ullantirsa bo‘ladi. Shunga sharoit bor. Imkoniyatlarini Toshkentdagi futbol maktablari kabi qilmoqchimiz. Ko‘p narsa 7-kunga bog‘liq. Qancha bola kelishiga qarab, keyin rejalarimiz o‘zgaradi. Navbatdagi turdan keyin Superligada to‘xtalish bo‘ladi, shu bois uyda bo‘laman. Kerakli barcha jihozlarni etkazamiz. Murabbiy ham bor. Yoshligimda asakalik Muzaffar aka degan murabbiy meni shug‘ullantirgan. U bilan ham gaplashdik. Tan olish kerak, hozir O‘zbekistonda bolalar murabbiyi bo‘yicha zo‘r saviyada emasmiz. Rejamizda murabbiylarni Toshkentda malaka oshirtirish niyatimiz bor. Chunki poytaxtda bunday maktablar ko‘p. Vodiyda ham bor, ammo kamroq. Bolalar sportida xususan, futbolni qancha erta boshlashsa, poydevor shuncha yaxshi bo‘ladi. Rivojlanishi ham tezroq kechadi. Albatta, u erda hamma narsa mening nazoratimda bo‘ladi. Futbol maktabiga har safar borganimda Superligada o‘ynayotgan futbolchilarni chaqirib bolalar uchun master-klass o‘tkazish, motivatsiya berish niyatimiz ham bor. Hozircha ikkita murabbiy bilan ishni boshlaymiz.
“Ko‘p narsa 7 noyabr kuniga bog‘liq”
- U erda imkoniyat juda katta. Tepasi o‘ralgan 23x43 ikkita maydon bor. Qishda mashg‘ulot o‘tkazishga ham qulay. Uni yonida katta maydon qurish uchun er bor. Shuning uchun bahordan tabiiy maydon barpo qilish niyatimiz bor. Hozir esa ishlab turgan ikkita maydonimizga egamiz. U erda yuvinish va echinish xonalari ham mavjud. Bolalar maktabda o‘qishadi, ular ertalab va tushlikdan keyin ta’lim oladilar. Shunga qarab mashg‘ulot vaqtlarini belgilab olamiz. Shu bois hozircha sizga aniq ma’lumotlarni aytmay turibmanki, ko‘p narsa 7 noyabr kuniga bog‘liq. Bolalarni ota-onalari bilan gaplashamiz, kimga qanday qulay bo‘lishiga qarab ish tutamiz va ularning takliflari bo‘lsa ham eshitamiz.
“Boshida ishonishmagan”
- Stadion barpo qilish tarixiga keladigan bo‘lsak, adashmasam, ikki yil oldin mahallamizda tashlandiq er bor edi, eski stadion. Shunda Quva tumani hokimining oldiga kirib, taklifimni aytganimda boshida ishonishmagan. Keyin er berishdi, birinchi stadionni 2,5 - 3 oyda bitkazdik. So‘ng, ko‘rishdi va ishonishdi. Natijada yana bir er berildi va ikkinchi stadionni ham qurdik. Bilasiz, maydon qurishni ham o‘zi bo‘lmaydi. Bunga mablag‘ kerak bo‘ladi. Albatta, boshida yuradimi-yo‘qmi, deb o‘ylanasiz. Ammo yaxshi effekt bo‘lyapti. Baribir vodiyda futbolga qiziqish boshqacha. Keyinchalik shu erdan Superligada o‘ynaydigan futbolchilar chiqsa xursand bo‘lamiz.
“Hammasi 15 kun ichida tezlashib ketdi”
- Hozircha o‘z nomimda turibdi. Ammo keyin o‘zgartiramiz. Hammasi yaqin 15 kun ichida tezlashib ketdi. Xayolimda albatta, futbol maktabini ochishim kerak, degan maqsad o‘rnashib qolgandi. Ko‘pchilikdan maslahat olganimda hamma buni qo‘llab-quvvatlaganidan keyin ishni orqaga cho‘zmasdan tezroq ishga tushirish kerakligiga ishonch hosil qildim. Hozircha Bobur Yo‘ldoshev futbol maktabi deb atalib turilibdi. Logotip ham o‘ylab topamiz. Alohida formalari bo‘ladi. Albatta, futbol maktabini ochganingizdan keyin birdaniga hammasi yaxshi bo‘lib ketmaydi. Kerak bo‘lsa, yillar zarur. Keyinchalik bu boradagi rejalarimiz katta, - deya fikrini yakunladi Yo‘ldoshev.
Fikrlar