Baxtiyor Qosimov: "Qatarda qolishni xohladim, ammo biz kutgandek bo‘lmadi"

  • 22 iyul, 2023, 09:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sports.uz sayti orqali kuni kecha hamyurtimiz Baxtiyor Qosimovning O‘zbekiston chempionatiga qaytayotgani haqida xabar bergandik. Buni futbolchining o‘zi tasdiqladi.

Tecno

Shunday qilib, Qosimovning Qatardagi faoliyatiga yakun yasaldi. Birinchi divizion vakili “Al-Xor” jamoasida bir yil to‘p surgan legionerimiz avvalo u erda o‘tkazgan faoliyati qanday kechgani haqida gapirdi.

“Birinchi navbatda aytmoqchimanki, menga ham legioner bo‘lib to‘p surish nasib qildi. Xudoga shukr, Qatarda hammasi yaxshi bo‘ldi, har taraflama. Jamoam bilan bitta Kubok va chempionatda 2-o‘rinni oldik. Faoliyatim uchun kerakli bo‘lgan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ayniqsa, klubdagi sharoit va professionallik yoqdi”.

Baxtiyor Qosimov1

Qosimov to‘p surgan “Al-Xor” Qatar Yulduzlar ligasi chiqishiga bir bahya qolgandi. Aytish kerakki, legionerimizning ham istagi va maqsadi jamoasi bilan Qatar Yulduzlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan iborat edi. Hamyurtimiz bu masalada shunday dedi:

“Al-Xor” klubiga yil boshida Yulduzlar ligasiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bizda buning uchun katta imkoniyat bor edi. Afsus, nasib qilmadi. Albatta, kayfiyatga ta’sir qiladi. Chunki biz yil boshidan oxirigacha 1-o‘rindan pastga tushmasdan kelayotgandik. Ammo oxirgi ikki uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradik. Natijada 2-o‘rin bilan pley-off o‘yinida mag‘lub bo‘ldik. Agarda jamoamiz bilan Yulduzlar ligasiga chiqa olganimizda men uchun faoliyatimda yangi sahifa ochilardi”.

Baxtiyor Qosimov6_1

Shu o‘rinda Baxtiyor klubidan ketishi qanday yuz bergani hamda bunga nima sabab bo‘lganini ham ochiqladi. 

“Al-Xor” bilan shartnomam tugagach, jamoa menga 15 iyulgacha kutib turishimni va yangi shartnoma berishlarini aytishdi. Afsus, Qatarda yangi qonun chiqdi. Unga ko‘ra, birinchi liga klublaridan 5 nafar legioner limitidan osiyolik limitni chiqarib yubordilar. Ulardan 3 tasi 24 yoshgacha futbolchilar va 2 tasi 24 yoshdan yuqori bo‘lishi kerakligi sababli klubim bilan do‘stona xayrlashdik. Boshqa xorij klublaridan takliflar bor edi. Men ko‘proq Qatarda qolishni xohladim. Ammo biz kutgandek bo‘lmadi”.

Baxtiyor Qosimov7

Oldin xabar berganimizdek, Baxtiyor endi O‘zbekiston chempionatiga qaytmoqda va faoliyatini o‘zimizda davom ettirib turadi. Buni Qosimov tasiqladi.

“Hayot davom etadi. Faoliyatimni o‘zimizda davom ettiraman. O‘zbekiston chempionatida ham hozir qizigan payt. Takliflar bor, tez orada bir qarorga kelaman. O‘ylaymanki, hammasi yaxshilikka va nasib bo‘lsa yana legioner bo‘lib o‘ynayman”, - deydi Qosimov.

Shuhratbek Jo‘raev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!