
Baxtiyor Ashurmatov: "Surxon" gol o‘tkazgach, butunlay boshqa jamoaga aylandi"
“Qo‘qon-1912” jamoasi bugun Termizda “Surxon”ga qarshi uchrashuvda 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Aslida qo‘qonliklar hisobda oldinda edi, yakunda g‘olib nomi aniqlanmadi.
Bellashuvdan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Bugungi uchrashuv to‘g‘risida nima degan bo‘lardingiz?
- O‘yindan oldin aytgandik, “Surxon” yaxshi, kurashuvchan jamoa. Ularning oldingi ikkita o‘yinini ko‘rib shunga amin bo‘lgandik. Afsuski, goldan keyin butunlay o‘yin tizgini va to‘p nazoratini qo‘ldan chiqardik. “Surxon” esa gol o‘tkazib yuborgach, butunlay boshqa jamoaga aylandi. Ularning kuchiga kuch qo‘shildi va afsuski gol o‘tkazib yubordik. To‘g‘ri, “Surxon” kamida durangga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Holbuki, hisobda oldinda borayotib, yakunda natijani saqlab qola olmadik. Bugungi o‘yin uchun “Surxon” yigitlariga rahmat aytaman, ular oxirigacha kurashishdi. Keyingi uchrashuvlarda bu jamoaga omad tilayman.
- Bugun “Qo‘qon-1912” o‘tgan o‘yindagiga nisbatan bitta hujumchi bilan o‘ynadi. Bambaning harakatlaridan qoniqdingizmi?
- Mehmonda o‘ynayotganimizni hisobga oldik. Qolaversa, Bambaning chiroyli paslari va to‘pni nazorat qila olishini bilganligimiz sababli uchta yarim himoyachi bilan o‘yinni boshlagandik. “Qizilqum”ga qarshi bahsda Bambani maydonga tushirganimizdan keyin u to‘pni nazorat qilib, bir nechta vaziyatlar yaratgandi. Bugun esa etarlicha golli imkoniyatlarni yarata olmadi. Shunga qaramay, golgacha to‘p nazoratini o‘zimizda saqlab turdik. “Surxon”da esa biz gol urgunimizga qadar birorta ham vaziyat bo‘lmagandi. Bugun ikki ochkoni yo‘qotdik. Bizda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olish uchun imkoniyat bor edi. “Surxon” futbolchilari o‘z o‘yinlari va ishtiyoqlari bilan bizni himoyalanishga majbur qilishdi.
- “Surxon” tarkibida “Qo‘qon-1912”dan olingan Jasur Yoqubov to‘p surdi. Uning o‘yini haqida fikringiz qanday?
- Nafaqat bugungi o‘yini, balki qolgan o‘yinlarini ham kuzatyapmiz. Chunki u bizning shogirdimiz. “Metallurg” bilan bahsda g‘alaba golini kiritdi. O‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. Uning omadini bersin. Hujumchilarimiz golgacha “Surxon” himoyachilarini bir necha bor qiyin vaziyatga solib qo‘yishdi.
- Qo‘qondan kelgan muxlislar haqida nima deya olasiz?
- O‘yindan oldin futbolchilarimizga ruhlantirish uchun shuncha yo‘l bosib Qo‘qondan muxlislarimiz kelishganini aytgandim. Ishqibozlarimizning hurmati uchun ham o‘zimizda qo‘shimcha kuch topib, oxirigacha kurashishimizni uqtirgandim. Chunki muxlislarimiz doim bizdan g‘alabani kutishadi. Afsuski, ular kutgan natijani qo‘lga kirita olmadik. Agar “Surxon”ning o‘yinini inobatga olsak, durangga mos o‘yin bo‘ldi. Muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman.
- Agar “Surxon”dan jamoangizga futbolchi olish imkoni bo‘lganida kimni qo‘lga kiritgan bo‘lardingiz?
- “Surxon”da yaxshi futbolchilar bor. Lekin jamoamdagi o‘yinchilar biz murabbiylarni qoniqtiradi. Shu sababli “Surxon”dan kimnidir jalb qilishni xohlagan bo‘lardim desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Men qo‘l ostimdagi futbolchilarga ishonaman.
- Siz boshqargan “Surxon” bilan hozirgi “Surxon”ni qanchalik farqi bor?
- Hozir bu haqida aniq fikr bildirish qiyin. Chunki men “Surxon”ni bir oy boshqarganman xolos. Murabbiy sifatida o‘zimni ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan. U paytda mahoratli futbolchilar ko‘proq edi, hozir esa yoshlar anchagina. Hozirgi jamoaning ishtiyoqi oldingi “Surxon”dan kuchliroq deb aytishim mumkin.
Fikrlar