
Baxtiyor Ashurmatov: “Buxoro” Superligadan chiqarib yuboriladi degan gap-so‘zlarni eshitgandim
Qur’adan avval turli gap-so‘zlar avj olganligi rost. Aniqrog‘i, Superligada nechta klub ishtirok etishi, kimlar tushib yuborilishi va kimlar qo‘shilishi yuzasidan bahs-munozaralar sodir bo‘layotgandi. Masalan, “Buxoro” jamoasining ham mavjud muammolari sababli Superligadan chiqarib yuborilishi haqidagi xabarlar yo‘q emasdi. Balki Ashurmatovda ham bu masala bo‘yicha havotir bormidi? Bunga uning o‘zi aniq javob qaytardi.
- Gapning ochig‘ini aytsam, bu mavzu bo‘yicha menda havotir bor edi. Nimagaki, bizning kamchiliklarimiz etarli darajada edi. “Buxoro”ni qabul qilib olayotgan paytimdayoq mavjud kamchiliklardan xabarim bor edi. Bunday qiyinchiliklarga tayyor bo‘lgan holda jamoani qabul qilib olgandim. Chunki viloyat va jamoa rahbarlari, shuningdek, buxorolik muxlislar menga katta ishonch bildirishdi. Shu bois menga ishonch bildirishgani uchun qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramasdan bu jamoani ikkilanmasdan qabul qilib oldim. To‘g‘ri, bizga oson bo‘lmaydi. Qolaversa, “Buxoro”da muammolar ko‘p edi. Lekin rahbariyat bularni bartaraf etish uchun tinim bilmayapti. Yaqinda Buxoroga borib, viloyat rahbari bilan uchrashib keldim. Stadionda katta ko‘lamdagi ishlar olib borilayotganiga guvoh bo‘ldim. Shaxsan viloyat hokimi O‘ktam Barnoevning o‘zi stadiondagi ishlarni nazorat qilib bormoqda. Natijada o‘yingohimizda ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Yana shuni ham qo‘shimcha qilib o‘tishim mumkinki, “Buxoro”ning o‘tgan yilgi mavsumdan qarzdorliklari bor edi. Hozirgi kunga kelib deyarli qarzdorliklar masalasi hal etildi. “Buxoro” jamoasining Superligada qatnashishi uchun rahbariyat katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Akademiya masalasini ham hal qilishdi. Aytmoqchimanki, Superligada qatnashishimizga to‘sqinlik qilayotgan barcha muammolarni viloyat rahbariyati hal qila oldi. Buxoroda mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun imkoniyatlar yo‘qligi sababli Toshkentda tayyorgarlik ko‘rishimizga sharoitlarni yaratib berishdi. Natijada bir oydan ko‘proq vaqt davomida poytaxtda shug‘ulandik. Buning uchun rahbariyatga oldindan minnatdorchilik bildirgan bo‘lardim. To‘g‘ri, “Buxoro”ning Superligadan chiqarib yuboriladi, degan gap-so‘zlar bor edi. Mana, endi hammasi uzil-kesil hal bo‘ldi va muxlislarimiz ham engil nafas olishyapti. Tarkibimizga esa imkon qadar o‘zimiz istagan o‘yinchilarni qo‘shib olishga harakat qildik. Aytaylik, “Surxon” jamoasi Superligada ishtirok etishini oldindan bilgandek, tarkibini ajoyib o‘yinchilar bilan shakllantirib keldi. Agar familiyalar bo‘yicha solishtiradigan bo‘lsak, hozirgi paytda “Surxon” bizdan ko‘ra ikki barobar kuchliroq bo‘lgan futbolchilarni to‘play oldi. “Andijon”, “Navbahor” kabi jamoalar ham yaxshi selektsiya ishlarini olib borishdi. Ammo biz ham jimgina qarab turganimiz yo‘q va qo‘limizdan kelganicha selektsiyani davom ettiryapmiz. Masalan, Ivan Nagaevni oldik. Salomat Quttiboevni esa tarkibimizda saqlab qoldik. Agarda ushbu o‘yinchilarni qo‘lga kirita olmaganimizda bizga yanada qiyin bo‘lardi. Endi mana shu ikki saviyali futbolchilar atrofida jamoani shakllantirishga harakat qilyapmiz. Rahbariyat esa hamma ishni maksimal darajada bajarishga qo‘lidan kelganicha harakat qilyapti.
Baxtiyor Ashurmatov bilan uyushtirilgan suhbatning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishib olishingiz mumkin>>>
Fikrlar