
Bartomeu Kataloniyada "qariyalar uyi" tashkil etmoqchimi?
"Barselona"ning so‘nggi yillardagi transfer siyosati haqida gap ketganda, asosan, yoshi o‘tgan futbolchilar esga keladi: Vidal, Kevin Prints-Boateng, Breytueyt, Grizmann, mana endi Pyanich. Qo‘shimchasiga, bosh murabbiyning ham 61 yoshdaligi bu klub yangi tizim shakllantirishga harakat qilmayotganligidan dalolat. To‘g‘ri, yoshi o‘tgan 4-5 futbolchini sotib olganligi tufayli "Barselona" "qariyalar uyi"ga aylanib qolmaydi. Biroq shu o‘rinda, jamoaning asosiy figuralarining ham yoshi o‘tganligini eslatish joiz. Yaqinda 33 yoshni qarshi olgan Messi, uning tengdoshi Pike, yaqin kunlarda 32 ga kiruvchi Buskets, 33 yashar Suares va 31 yoshni to‘ldirgan Alba.
E’tibor bersangiz, ushbu futbolchilarning barchasi "Barselona"ning asosiy tarkib o‘yinchilari va ular bir necha yillar davomida klub uchun borini bergan. Ammo jamoa ertaga ham barcha sovrinlar uchun kurashmoqchiligini hisobga olsak, "qariyalar" biroz pand berishi ehtimoldan holi emas. Ushbu mavsumda Suares va Albaning turli xil jarohatlari, Pikening biroz ishonchsiz o‘yini, Busketsning avvalgi formada emasligi, jamoa yuragi - Messining jahlini chiqaryotganligi hech kimga sir emas.
Ustiga ustak, jamoaga uzoq kutilayotgan Chempionlar ligasini yutishga yordam berish uchun olib kelingan Usman Dembele, Filippe Koutino, Antuan Grizmann kabi futbolchilar ham o‘zlariga bildirilgan ishonchni to‘liq oqlay olgani yo‘q. Shu jihatlar tufayli "ko‘k-anor ranglilar"ning kelajagi jiddiy xavf ostida.
O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi tabiiy: nega jamoa transfer bozorida bunday harakat qilmoqda? Asosiy sabab sifatida 2021 yilgi prezidentlik saylovini ko‘rsatish mumkin. Katta ehtimol bilan, Bartomeu ushbu saylovlarda yutqazishini biladi va jamoadan maksimal foyda ko‘rib qolmoqchi. Bu esa, o‘z navbatida salbiy natijalarga olib kelishi mumkin. Agar Bartomeu jamoaning yana bir "ustuni" Ter Shtegenni ham saqlab qola olmasa, biz "Barselona"ni keyingi mavsumda yana ham kuchsiz holda ko‘rishimiz mumkin. Lekin Ter Shtegen, Frenki De Yong, Langle kabi iste’dodlar jamoani Messi erasidan so‘ng yuqori darajada ushlab tura oladigan darajadagi futbolchilardir. Faqat ularga ko‘proq motivatsiya va o‘yin vaqti zarur.
Har bir zona kesimida ham iste’dodli va jamoa o‘yiniga mos keluvchi futbolchilarni xarid qilish ham "Barsa" murabbiylar shtabi oldidagi muhim vazifadir. Misol uchun, o‘tgan mavsum jamoaning yana bir muhim futbolchisi Xordi Albaga munosib voris, deya "Betis"dan sotib olingan Xunior Firpo transferi kutilgan natijani bermadi. Darhaqiqat, uslub jihatidan Firpodan ko‘ra, "Real" tarbiyalanuvchisi, hozirda ijara asosida "Sevilya" tarkibida to‘p tepayotgan Serxio Regilon "ko‘k-anor ranglilar" falsafasiga ko‘proq mos tushadi: tezkorlik, pozitsion hujumdagi samarali harakat, qisqa masofada ajoyib paslar. Eng muhimi, Regilon hali 23 yoshda va unda terma jamoadagi raqobatchisi Albaning o‘rnini nafaqat Ispaniya milliy terma jamoasida, balki klubda ham egallash imkoniyati mavjud. Ayni dam "Real" himoyasini Ferlan Mendi butunlay o‘zlashtirayotganligini hisobga olsak, Regilon o‘z kelajagi uchun harakat qilishi mantiqqa zid emas.
Yillar davomida "Barselona" g‘alabalarida benazir rol o‘ynagan yarim himoya chizig‘i ham yaqin 2-3 yil ichida inqirozga yuz tutdi. Xavi va Inesta juftligi ko‘rsatgan mo‘’jizalarni endi ko‘rish juda mushkul. Biroq oldinga yurish qilish lozim. Bu borada ham jamoa aqlli transferlarga muhtoj. Saul Nigez yoki Fabian Ruiz variantlari esa, bu muammoning echimi. Ulardan birini jamoaga olib kelish orqali "Barsa" tobora unutilib borilayotgan Inestaning o‘yinlarini qayta kashf etishi mumkin. Agar ushbu transferlardan biri amalga oshsa, yaqin yillarda yarim himoya chizig‘i shunday ko‘rinish olardi: Frenki De Yong, Saul Nigez/Fabian Ruiz, Riki Puch.
Puch - yorqin iste’dod. U biroz o‘z ustida ishlasa, jamoa afsonasi Inestadan qolgan kemtikni to‘ldira oladi. Yuqoridagi variantlarning barchasi ispan futbolchilari ekanligi ajablanarli emas. Chunki "Barselona" falsafasi "qizil furiya" o‘yin uslubi bilan chambarchas bog‘liq. Yillar davomida "ko‘k-anorranglilar" muvaffaqiyatlariga aynan ispan futbolchilari ulkan hissa qo‘shib kelgan.
Va nihoyat, hujum chizig‘i. Bu pozitsiyada jamoaning transfer bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarining yanada tezkor ishlashiga ko‘p narsa bog‘liq. Messining vatandoshi Lautaro transferi qancha tez amalga oshsa, jamoa bundan shuncha ko‘p foyda ko‘radi. Uni tezroq Kataloniyaga olib kelish, klub falsafasiga moslashtirish eng ustuvor vazifa. Buni barcha tan olishga majbur: Messi uzog‘i bilan yana 2-3 yil shu formada o‘ynay oladi. Shuning uchun agar "Barselona" ushbu dekadada sovrinlar uchun kurashda favoritlardan bo‘lishni istasa, yoshlarga ko‘proq e’tibor berishi, tajribali futbolchilardan esa, o‘sha yoshlarga ko‘proq narsa o‘rgatishni so‘rashi lozim. Bu amaliyot "katalon super klubi"da avval qo‘llangan. Messining hozirgi paslariga Xavi va Inestaning juda katta mehnati singganligini anglash qiyin emas. Bularning barchasi amalga oshishi uchun kamida 2 mavsum talab etiladi. Ammo shu mavsumdan kechiktirmasdan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan bir vazifa bor: o‘z shaxsiy qarashlariga ega, jamoa ruhiyatiga mos, yosh murabbiy bilan mavsum so‘nggida shartnoma imzolash. Bu rolga ko‘proq Xavi mos tushadi. Bugungi kunda Qatarning "Al-Sadd" jamoasini boshqarayotgan Xavi uchun jonajon klubiga qaytish vaqti kelgandek, go‘yo. Balki uning o‘zi aytganidek, hali biroz ertadir. U holda "Tottenxem" jamoasining sobiq bosh murabbiyi Maurisio Pochettino varianti ham "ko‘k-anor ranglilar" uchun ajoyib tanlov bo‘lishi, yulduzlarni kashf etishda katta mahoratga ega ushbu murabbiy esa, "Barselona"da uzoq muddat samarali faoliyat yuritishi mumkin.
Nima bo‘lganida ham raqobatbardosh jamoaning o‘z darajasini yo‘qotib qo‘yishi hech kimga foyda keltirmaydi. Shiddatli "futbol spektakllari"dan yana uzoq yillar bahramand bo‘lishimiz uchun ham ushbu klub o‘z qaddini tik tuta olishi shart. "Barselona"siz futbol zerikarli bo‘lib qoladi.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar