
"Barselona" "Real"ning o‘ljasiga ko‘z tika boshladi
Kataloniyaning "Barselona" klubi "Bavariya" bilan shartnomasi 2025 yilning yozida yakuniga etadigan 23 yoshli chap qanot himoyachisi Alfonso Devisni o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun barcha choralarni ko‘rmoqchi. Bu haqda ispaniyalik jurnalist Fernando Polo ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, "Real" myunxenliklar himoyachisi bilan bir necha oydan buyon muzokaralar olib bormoqda va aynan "qirollik klubi" uni qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogar hisoblanadi. Biroq tomonlar o‘rtasida hali kelishuvga erishilmagan.
Oldinroq futbolchining o‘zi Myunxen klubi bilan shartnomasini uzaytirmaslik borasida yakuniy qarorga kelgani va "Real"ga o‘tishga ijobiy qarayotgani xabar qilingandi. Unga Angliya Premer-ligasi klublari ham qiziqish bildirmoqda.
Joriy mavsumda kanadalik futbolchi klub safida barcha turnirlarda sakkizta o‘yinda qatnashib, bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt internet portaliga ko‘ra, futbolchining taxminiy narxi 50 million evroni tashkil qiladi.
Fikrlar