"Barselona" hal qiluvchi bahsda "quturgan" "Bavariya"ga qarshi maydonga chiqadi

  • 8 dekabr, 2021, 04:04
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Biz bilgan "Barselona" Evropada har qanday klub bilan bahslasha olar va qaysi jamoa bilan o‘ynashidan qat’i nazar, favorit sifatida qaralardi. Davr, vaziyat va ijrochilar o‘zgardi. Bu o‘zgarishlar "ko‘k-anorranglilar"ga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. So‘nggi 10-15 yilda klub o‘zining eng yuqori natijalarini ko‘rsatdi. Ular hamma sovrinlarni qo‘lga kiritdi va ko‘hna qit’a maydonlarini zabt etdi. Ammo hozir-chi? Ko‘tarilish qanchalik yuqori bo‘lgan bo‘lsa, tushish ham undan qolishgani yo‘q. Buni Messi ketgani bilan bog‘laymizmi yoki boshqa sabablar keltiramizmi, farqi yo‘q. Klub qiyin ahvolda. Xavi qabul qilib olgan jamoa Evropa Chempionlar ligasi so‘nggi turida "Bavariya"ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. G‘alaba keyingi bosqich yo‘llanmasini naqd qiladi, mag‘lubiyat esa katta ehtimol jamoani Evropa ligasiga tushirib yuboradi. Xullas, intriga avjida.

Tecno

"Bavariya"

Myunxenliklar ayni vaqtda Bundesliga etakchilari, Chempionlar ligasi favoritlari va shunchaki to‘xtatib bo‘lmas jamoa hisoblanadi. Menimcha, Nagelsmann qo‘l ostida bu jamoa yana bir pog‘ona ko‘tarildi. Bu klub ishtirokidagi o‘yinlarning 95 foizida ko‘p gollar uriladi. Odatda, faqat bir darvozaga, albatta. Ayni damda "Bavariya" EChL "E" guruhida 15 ochko bilan yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi. "Barselona", "Benfika" va "Dinamo" Kievning ochkolarini qo‘shib hisoblasa ham Myunxen klubiga eta olmaydi. Chindan ham "Bavariya" bu uch klub oldida o‘ta savlatli ko‘rinib qoldi. Vaziyat biroz boshqacha bo‘lishi kutilgandi, aniqrog‘i Kataloniya klubi ularga raqobat uyushtirishi kerak edi, aslida. Lekin ayni damda ular "Benfika" bilan kurashishga majbur. Xullas, nemis klubida hammasi joyida. Ular istasa Xavi shogirdlarini bemalol taslim eta oladi. Faqatgina qarshi tomonning kuchli tayyorgarligi yoki mardonavorligi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Biroq shahsan men "Bavariya" bu o‘yinni raqibga tuhfa etishiga ishonmayman.

robert

"Barselona"

Muammolarga to‘xtalish kerak bo‘lsa, juda ko‘p yozishga to‘g‘ri keladi. Keling, shunchaki, jamoaning natijalariga e’tibor qaratamiz. "Barselona" ayni vaqtda Evropa chempionlar ligasida o‘z guruhida 2-o‘rinni band etgan. "Benfika" "Dinako" Kiev ustidan g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, "Barsa" "Alyants Arena"da nemislarni taslim etishiga to‘g‘ri keladi. Ularda 7, Portugaliya klubida esa 5 ochko mavjud. O‘zaro o‘yinlardagi ustunlik ham "Benfika" tomonida. Ha, qiyin holat. Klubning ichki chempionatdagi natijalari ham yomon. 17 turdan so‘ng 23 ochko va turnir jadvalida 7-o‘rin. Biz bilgan jamoaga bunaqasi yarashmaydi. Bundan tashqari, so‘nggi turda Xavi boshchiligida "Barsa" o‘z maydonida "Betis"ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shunday bo‘lsa-da, pley-off uchun kurashsa bo‘ladi. Eng muhimi Kataloniya klubining taqdiri o‘z qo‘lida. Lekin "Barselona" kievliklardan ham g‘alaba kutadi. Sababi, ular ishtirokidagi o‘yinda ikki teng kuchli jamoa maydonga chiqadi. Bu fakt.

barca

Xavi Ernandes

- Biz kurashishimiz va keyingi bosqichga chiqishga harakat qilishimiz lozim. Hammasi o‘zimizga bog‘liq.  Pley-offga chiqa olmasak, qolganini keyin muhokama qilamiz. 

- Ertaga hujum qilamiz va gol urishga intilamiz. Men toqqa chiqishni mo‘’jiza, deb hisoblamayman. Biz faqat kurashishimiz kerak.

- Bizning ishtiyoqimiz baland. Raqibimiz o‘ta kuchli, lekin bizda shijoat bor va barchasi o‘zimizga bog‘liqligini bilamiz.

- "Barsa"ni boshqa jamoalardan kam emasligi isbotlash uchun harakat qilamiz. Ertaga bizga qarshi "Bavariya"ning so‘nggi yillardagi eng yaxshi versiyalaridan biri bo‘ladi, ammo biz g‘alaba qozonishni istaymiz. 

xavi_2

Yulian Nagelsmann

- Biz birinchi o‘rinni kafolatlagan holda, ushbu o‘yinda ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Ammo bu uchrashuv jamoa uchun ahamiyatli. 

- Chempionlar ligasi o‘ziga xos turnir. Biz doim qolgan jamoalarga nisbatan adolatli bo‘lishni istaymiz. Ertaga eng yaxshi tarkib bilan o‘ynaymiz. 

- Xavi va uning jamoasi birgalikda ko‘p mashg‘ulot o‘tkazmagan. Ular endi himoyalanishadi. Biz ko‘proq hujumlar uyushtiramiz va himoyada bo‘sh hududlar vujudga keladi. 

- "Barsa"da hali jahon darajasidagi futbolchilar bor. Jadval ularga bosim o‘tkazadi va g‘alaba uchun bor kuchlarini berishadi. Gap ularni turnirdan chiqarib yuborishda emas. Biz faqat uch ochko olishni istaymiz. Ishonchim komil, ular chempionlikka da’vo qilmoqda. 

juli

Taxminiy tarkiblar

barsabavariya

O‘zaro o‘yinlar soni
: 13 ta 

"Bavariya": 9 g‘alaba 
"Barselona": 2 g‘alaba 
Durang: 2 ta 

To‘plar nisbati: "Bavariya" - "Barselona" 31:16

 

Xudayqulov Karim tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!