
“Barsa” yulduzlari Flikka norozilik bildirdi
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” Osiyo bo‘ylab uyushtirilgan turneni yakunlab, yana o‘z qarorgohiga qaytdi. Biroq bu safarning yakuni futbolchilar istagandek bo‘lmadi.
AS nashrining ma’lum qilishicha, jamoaning bir necha etakchi futbolchilari bosh murabbiy Xans-Diter Flikka murojaat qilib, ularga klub mutasaddilarining logistika yo‘nalishida amalga oshirgan ishlari yoqmaganini ochiq aytdi.
Manbaga ko‘ra, o‘yinchilarga Janubiy Koreyaning “Tegu” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin Seul aeroportigacha to‘rt soat avtobusda yurilgani yoqmagan. Qolaversa, charter reys tonggi soat to‘rtga qo‘yilgani ham ularning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Jamoa Ispaniyaga qadar 13 soat parvoz qilgan va toliqib qolgan.
Xans-Diter Flik vaziyatdan chiqish uchun butun jamoaga bir kunlik qo‘shimcha ta’til berishga majbur bo‘ldi.
Fikrlar