
Bahrom Haydarov: "Yutishimiz mumkin edi, raqib peshqadam bo‘lsa-da, yutqazganimiz alamli bo‘ldi"
Superliganing 9-turida “Qo‘qon-1912” jamoasi o‘z maydonida OKMKni qabul qildi. Garchi qo‘qonliklar uchrashuvda hisobni ochishgan bo‘lsa-da, bellashuv yakuniga qadar o‘z darvozasidan uchta to‘p o‘tkazib yubordilar va 1:3 natijasi bilan imkoniyat boy berildi. O‘yindan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Yutqazgan o‘yinda tahlil qilib keyin gapirish kerak. Albatta, tashabbus OKMK jamoasida edi. Ikkinchi raqam bilan o‘ynashga harakat qildik va buning uddasidan chiqayotgandik. Bunday jamoaga qarshi himoyalanish qiyin. Qandaydir vaziyatlarda epladik. Rejamizga asosan hujumlar uyushtirib, golga ham aylantirdik. Futbolchilarimiz katta mehnat qilishdi. Birortasi yuzaki qaramadi. Maksimal kuchlarini berishdi. Qo‘pol xatolar hisobiga “Bunyodkor”da ham gol o‘tkazib yuborgandik. Yana shunga o‘xshash vaziyat. Futbolchini ruhiy tomondan tayyor emasligimi, yana shu narsaga olib keldi. 1:0 paytida qarshi hujum paytida juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgandik. Hisobni 2:0 ga etkazganimizda umuman boshqacha natija bo‘lardi. Lekin futbol shundayki, 30 soniya ichida o‘yin haqidagi fikrlar o‘zgarib ketdi. Bu esa jamoa, murabbiylar, futbolchilar uchun ijobiy tarafga ham ishlashi mumkin. Bizni xatolar ustida ishlashga majburlaydi. Futbolchilarga o‘z haqlaridagi fikrlarini o‘zgartirishga turtki bo‘lishi mumkin. O‘z uyimizda birinchi o‘rindagi jamoaga bo‘lsa ham mag‘lubiyatga uchraganimiz alamli bo‘ldi. Chunki yutishimiz ham mumkin edi. Hozircha uchrashuv to‘g‘risidagi fikrlar shu.
- Malikjonov bilan Kondratyukni o‘yinni asosiy tarkibda boshlashmagani ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Jarohatlari bormidi yoki boshqa reja bilan bog‘liqmidi?
- Bunday muammolari yo‘q edi. Kondratyukga kelsak, u ko‘p o‘yinlarda o‘ynadi. Jasur Xolto‘raev o‘ynamagan mahalda uning o‘rniga kuchliroq jamoalarga qarshi o‘ynaganida yanada foydaliroq o‘yinchi sifatida ko‘ringani uchun shunday qarorga keldik. Iqbol Malikjonov esa uchta o‘yinni o‘tkazib yubordi. Futbolda raqobat bo‘ladi. Bizda ham raqobat bor. Shuning uchun o‘tgan o‘yinga nisbatan uning pozitsiyasidagi futbolchilarni olib tashlashga haqqimiz yo‘q edi. Chunki ular ham yomon o‘yin ko‘rsatishmayotgandi. Mag‘lubiyat bo‘lganida Iqbol yoki Shota o‘ynaganida unday-bunday bo‘lardi, deyishlari mumkin. Aytyapman-ku, 30 soniya ichida o‘yindagi umumiy holat o‘zgarib ketdi. Bu oddiy raqobat, kim birinchi tayyor bo‘lsa o‘sha maydonga tushadi.
- Asliddin Toshtemirovning jarohati jiddiymi? “Nasaf” bilan uchrashuvda maydonga tusha oladimi?
- Hozirni o‘zida aniqlash qiyin. Oyog‘ini tortib oldi. Qayta ko‘rib chiqilgach, natijasi aytiladi.
Fikrlar