
"Axmat" klubi matbuot xizmati: "Navbahor"ning printsipial raqiblari - "Neftchi" bilan "Andijon"
Bugun “Navbahor” klubi Turkiyaning Antaliya shahridagi yig‘ini davomida navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Bu safar Rossiya premer-ligasida 13-o‘rinda borayotgan Grozniyning “Axmat” klubiga qarshi maydonga tushadi.
“Axmat” klubi matbuot xizmati bo‘lajak uchrashuv oldida “Navbahor” klubiga to‘xtalib, bir qator ma’lumotlar berib o‘tgan. Unda shunday deyiladi:
“21 yanvar kuni “Axmat” klubi Turkiya yig‘inidagi ikkinchi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Sparring-raqib O‘zbekistonning “Navbahor” jamoasi.
“Navbahor” Namangan viloyati sharafini himoya qiluvchi klub hisoblanadi. Bu jamoa viloyat markazida joylashgan. O‘zbekistonda “Paxtakor” kabi eng yaxshi klublardan biri. O‘zbekiston chempionatining barcha mavsumlarida muntazam ishtirok etib kelayotgan jamoa hisoblanadi. Bu liga 2017 yilgacha oliy liga deb atalgan.
O‘tgan yili “Navbahor” mamlakat chempionatida uchinchi o‘rinni egallab, bronza medallarini qo‘lga kiritgan. “Navbahor”da juda katta muxlislar armiyasi bor. Namangan klubining deyarli har bir uy uchrashuvida stadion to‘lib-toshadi.
“Navbahor”ning printsipial raqiblari Farg‘onaning “Neftchi” va qo‘shni Andijonning “Andijon” jamoasini aytish mumkin. Ushbu klublar O‘zbekistonning demografik jihatdan qo‘shni 3 ta yirik viloyati - Namangan, Farg‘ona va Andijonning asosiy jamoalaridir. Bu uchta viloyat Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi eng unumdor erlardan hisoblanadi.
Uchta viloyat jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga qiziqish juda kuchli. Nafaqat mazkur viloyatlarda, balki O‘zbekiston bo‘yicha ham ushbu derbilarga qiziqish katta bo‘ladi. Bu klublar o‘rtasidagi uchrashuv vodiy derbisi deb ataladi. Sobiq Ittifoq davridan beri o‘ziga xos tarixga ega”, - deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Fikrlar