Asror Aliqulov: "Saviyada katta farq bor, kuchimiz etmadi"

  • 11 aprel, 23:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Mash’al” klubi yana mag‘lubiyatga uchradi. Bu safar Olmaliqda “Neftchi”ni qabul qilgan muborakliklar 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bahsdan keyin “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yinga kirishib ketishga jamoa o‘zida ishonch topa olmadi. Yomon boshladik, darvozamizdan tezkor gol olib chiqdik. 4 ta goldan 3 tasini standart vaziyatdan o‘tkazib yubordik. 2:1 bo‘lib turganida ikkinchi bo‘limning 10-15 daqiqasida yaxshi ko‘rindik. Keyin burchakdan to‘p oshirilishidan so‘ng uchinchi golni o‘tkazib yubordik. “Neftchi” ancha ishonchli ko‘rindi. Saviyada katta farq bor, baribir harakat qildik. Afsuski, kuchimiz etmadi.

- Ikkinchi bo‘lim boshida darvozabon almashtirildi. Ikkinchi golda qanchalik darvozabonning aybi bor?

- Burchakdan gol urishdi. O‘ylaymanki, u qiyin to‘p emasdi. Birinchi golda ham ishonchsiz bo‘ldi. Agar to‘pga eta olmasa darvozani tark etmaslik kerak. Shu bois bugun ishonchsiz ko‘rindi. Shuning uchun ikkinchi bo‘limda darvozabonni almashtirdik. 2:1 hisobida “Neftchi”ga bosim o‘tkazishga harakat qildik. Shu tufayli raqibni biroz qiyin holatga tushira oldik, deyish mumkin. Lekin bu vaqtinchalik bo‘ldi. Oxirida “Neftchi” bemalol himoyalandi, bizni hujumga o‘tishga yo‘l qo‘ymadi.

- Birinchi va ikkinchi gol o‘yin taqdirini hal qildi. Bu “Mash’al”ga ruhan ta’sir qildi...

- Bu tezkor gol. Andijonda ham tezkor gol o‘tkazib yubordik. Qo‘pol xato. Tarkibda rotatsiyalar qilishga harakat qilyapmiz, kimdir ishonchliroq o‘ynashi uchun. Baribir himoya chizig‘ida ham lider futbolchi etishmayapti. Bugun yirik hisob qayd etildi. Yigitlar mehnat qilishyapti. Lekin “Neftchi”ning saviyasi ham ustunlik qildi. Standartdagi oddiy holatlarda gollar o‘tkazib yuborishda himoya chizig‘i va darvozabonimiz sustkashlikka yo‘l qo‘yishdi.

- Jamoangiz Andijonda ko‘rsatgan o‘yinini namoyish qila olmadi. O‘sha uchrashuvda vaziyatlar ko‘proq bo‘lgandi. Bu safar unday bo‘lmadi. Yoki futbolchilarga jismoniy kuch etishmayaptimi?

- Jismoniy holat degan so‘zni ishlatmagan bo‘lardim. 90 daqiqa o‘ynashyapti. Salifuda kichik jarohat bor edi, u dam oldi. Jismoniy holatida muammo borligini bilardik. “Neftchi”ga qarshi ko‘proq to‘psiz o‘ynaymiz, baribir ko‘proq himoyalanamiz. Shu bois uni kuchi etmasligini ham bilardik. Qolgan futbolchilar charchab qolib, yugura olmay qolganidan emas. Ko‘proq bu saviyaga bog‘liq. Gollarni standartdan o‘tkazib yubordik. Aytganimdek, qaysidir holatlarda bosim qildik. Ammo “Neftchi” bosimdan chiqib keta oldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!