
Asror Aliqulov: "Qanday o‘ynashimiz mumkin? Faqat g‘alabaga! Boshqa yana nima yo‘limiz bor?"
“Andijon” - “Sho‘rtan” (4:3) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida nima deyishim mumkin? Tezkor gol o‘tkazib yubordik. “Andijon”ning katta kuchi - bu uning muxlislari. Futbolchilarga o‘yin boshlaridagi bosimga bardosh berishlarini ta’kidlagandik. Afsuski, tez gol qo‘yib yubordik, ancha o‘zimizga kela olmadik. Asta-sekin yaxshi hujumlar yaratdik. Holatimizdan kelib chiqib bizga faqat g‘alaba zarur va jamoani g‘alabaga tayyorlagandik. Himoyada ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, ko‘p gollar o‘tkazdik. 3 ta gol urdik, yana imkoniyatlar yaratdik. Himoyada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatsakgina yaxshi natijaga erisha olardik. Baribir futbolchilarga mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Zaxiradan maydonga tushirib o‘yinni kuchaytirmoqchi bo‘ldik. Oxirgi 10 daqiqada vaziyatlar yaratishga qiynaldik. Muxlislarga yoqadigan futbol bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, jamoa himoyada yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadi. Birinchi bo‘lim oxirlarida ikkita o‘zgarishga qo‘l urganingiz ham shunga to‘g‘ri keladimi?
- Himoyachilar o‘yinni tezligiga kirishib keta olmadilar. Hujumga chiqishda ham futbolchilarda o‘zlariga ishonch kamroq edi. O‘yinni kuchaytirish maqsadida himoyachilarni almashtirdik. Birinchi bo‘lim tugashini kutib turish mumkin edi. Biroq birinchi bo‘limda o‘yinni o‘z foydamizga hal qilishga va hujumga o‘tishni ko‘paytirishni xohladik. Bizga g‘alaba kerak edi. Shu maqsadda futbolchilarni almashtirdik.
- Abror Toshqo‘ziev bilan Jasur Hakimov nima uchun ikkinchi bo‘limda maydonga tushirildi?
- Bu ko‘proq futbolchilarning jismoniy holatidan kelib chiqib. Abrorni qanotga va Jasurni hujumga qo‘yib, ikkita hujumchi bilan ko‘proq qanotlar orqali vaziyatlarni yaratishni o‘yladik. Chunki “Andijon” katta kuch bilan himoyalandi. Afsuski, bu o‘zgarish ham bizga hech qanday naf bermadi. Maqsadimiz hujum chizig‘ini kuchaytirish edi. Ularni zaxirada qolishlari esa boshqa o‘yinchilarga imkoniyat beryapmiz va jismoniy holatlari unchalik yaxshi holatda emas.
- “Sho‘rtan”ni qiyin vaziyatda qabul qilib oldingiz. Fikringizcha, jamoa Superligada qoladimi?
- Oradagi farq juda katta. Boshqa klublarni saviyalarini hisobga olganda, bu juda qiyin. Juda kam foiz imkoniyatimiz bor. Lekin boshqa yo‘limiz yo‘q: qanday o‘ynashimiz mumkin? Faqat g‘alabaga! Har bir o‘yinga g‘alaba uchun tushamiz. Uddalay olamizmi-yo‘qmi, hozir hech narsa ayta olmayman. Boshqa yana nima yo‘limiz bor? Durang uchun emas, g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Shu bois bizga ishonchli himoyachilar kerak. Katta kuch bilan hujum qilyapmiz. Hujumga chiqadigan o‘yinchilar sonini oshirganmiz, lekin orqa chiziqda ochiq qolyapmiz. Raqiblar Superliga va bizni jazolashyapti. Boshqa yo‘limiz yo‘qligi uchun shunday uslub tanladik.
- Belgilangan ikkita penalti bo‘yicha fikringiz qanday?
- Hozir hech nima ayta olmayman. VAR orqali ko‘rildi. Hakamlar hal qiladi. E’tirozim yo‘q. Bizni holatlar ham ko‘rib chiqildi, lekin penalti berilmadi.
Fikrlar