
Asror Aliqulov: "Durang biz uchun yomon natija emas"
Pro liganing 22-turidagi markaziy to‘qnashuvda “Qo‘qon-1912” Yaypanda “Mash’al” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvdan so‘ng muborakliklar ustozi Asror Aliqulov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Raqibni o‘rganib chiqqandik va bugun g‘alaba qozonishni maqsad qilgandik. Chunki “Qo‘qon-1912” bilan o‘yinlarimizda bizni natijalarimiz unchalik zo‘r emas. Qo‘qonliklarni qarshi hujumda o‘ynashini oldindan taxmin qildik. Gol o‘tkazib yubordik, birinchi bo‘limda xatoliklar, shoshma-shosharliklarga yo‘l qo‘ydik. Ikkinchi bo‘limda yigitlarga shijoat va tezlik qo‘shishdi. O‘ylaymanki, tanaffusdan so‘ng futbolchilar borini berishdi, gol ham urdik. Oxirgi soniyalargacha qaysidir jamoa g‘alabani ilib ketishi mumkin edi. Durang biz uchun yomon natija emas.
- Ikkinchi bo‘limda Nurmuhammad Toshpo‘latovni zaxiradan maydonga tushirdingiz. Lekin 20 daqiqadan keyin uni yana zaxiraga oldingiz. Nima uchun?
- Jamoaga olgan paytimizda jarohati bor edi, keyin tiklandi. Ko‘ryapmizki, u mashg‘ulotlarda ancha o‘sishga erishdi. Lekin o‘yinga biroz kirishib keta olmadi. Bizga gol kerak edi. Taktik o‘zgarishga qo‘l urdik va ikkita hujumchi bilan o‘ynadik.
Fikrlar