
Ashurmatov: Bugungi bahsdan keyin, yigitlardan juda ham fahrlanib ketdim
Coca Cola Superliga 6-turidan o‘rin olgan "Qo‘qon-1912" hamda "Surxon" jamoalarining qarama-qarshiligi bo‘lib o‘tdi. Bellashuvdan keyin, qo‘qonliklar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- "Bugungi "Surxon" bilan bo‘lib o‘tgan bahsni murabbiy sifatida juda katta his-hayajon va havotirda kutgan edim.Chunki, raqibimizning tarkibiga e’tibor beradigan bo‘lsak, judayam malakali futbolchilar Shavkat Salomov, Bubanya, Kasyan, Stanoevich, G‘ofurov kabi futbolchilar bor edi. Bunday futbolchilarni O‘zbekistonning aytaylik 12 ta jamoasi o‘z tarkibida ko‘rishni istaydi. Shuning uchun bellashuvdan oldin havotir bor edi. Lekin jamoamiz bugungi bahsda o‘z ishonchli o‘yinlari bilan o‘z potetsiali yuqori ekanligini ko‘rsatib bera olishdi va munosib bellashuv ko‘rsatishdi. Shu sababli bugungi uchrashuv uchun yigitlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ob-havo issiq bo‘lishiga qaramay, o‘z uyimizda raqibga bosim uyushtirishga majbur edik, shuning uchun o‘zlarini ko‘rsatgan futbolchilarimiz bilan fahrlansak arziydi va bundan tashqari, yigitlar ikki bo‘lim davomida jismoniy holatlari ham yaxshi ekanligini ko‘rsatib berishdi. Umid qilamanki, keyingi bahslarda ham shunday ishonchli o‘yinni saqlab qolamiz.
Birinchi bo‘limdagi o‘yinimiz og‘ir bo‘layotganining sababi raqibimiz ham tartibli o‘yin qilmoqda. Gol urganimizdan keyin, bizda bo‘sh hududlar yuzaga kelmoqda va biz qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilib, raqib darvozasi oldida yana vaziyatlar sodir etmoqdamiz. Shu sababli ham raqib darvozasini ishg‘ol etgunimizcha futbolchilarimizda bo‘sh hududlar kam bo‘lyapti va bosim ham mavjud bo‘lib turibdi. Shuning uchun biz uchrashuvni ikki qismga bo‘lsak bo‘ladi, golgacha va goldan keyin! Bugun ham to‘p kiritib olganimizdan so‘ng, harakatlarimiz osonlashdi va ko‘p vaziyatlar yarata oldik. Birinchi bo‘limdagi o‘yinimzga alohida to‘xtaladigan bo‘lsam, murabbiy sifatida qoniqdim. Chunki, baribir to‘p nazorati bizda ko‘proq bo‘ldi, hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik va o‘ylashim bo‘yicha, nisbatan g‘alabaga ko‘proq haqli edik. Raqibimiz safida Salomov va bo‘ydor himoyachilar o‘z o‘yinlari bilan maydonda ajralib turishdi, dastlabki bo‘limda hujumchilarimizga imkoniyat berishmadi, lekin kerakli gollarni urib, zafar quchishga erishdik. Ushbu g‘alabadan muxlislarimiz ham xursand bo‘lishdi, deb o‘ylayman. Muxlislarning maydon tepasidan turib, qo‘llab-quvvatlab turishganligi juda ham chiroyli bo‘ldi va ulardan minnatdormiz.
Muzaffarov bugun o‘yin qaydnomasiga kiritildi, 15-30 daqiqagacha yana imkoniyatimiz bo‘lganida, biz uni bemalol maydonga tushirishimiz mumkin edi. 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotganligimiz tufayli, biz boshqa futbolchilarga imkoniyat berishga qaror qildik. O‘ylaymanki, keyingi bellashuvlargacha to‘liq o‘z formasiga kirib oladi va mavsum davomida jamoamizga foydasi ko‘p tegadi.
Albatta, biz har bir bahsdan oldin jamoamiz va murabbiylar shtabi bilan birgalikda raqib o‘yinini o‘rganamiz va shunga qarab, taktika tuzib chiqib, tarkib tanlaymiz. Bugungi g‘alabada o‘z hissasini qo‘shgan murabbiylar shtabiga va jamoaga ishlash imkoniyatini yaratib bergan rahbariytamizga o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘taman. Jamoamizning potentsiali bor va shu sababli, rahbariyat va muxlislarning ishonchili oqlashimiz kerak. Ochig‘ini aytganda bugungi bahsdan keyin, futbolchilarimiz bilan juda ham fahrlanib ketdim. Chunki, yaxshigina havotir bor edi. Maydonda yigitlarimiz ko‘p narsaga qodirligini ko‘rsatib berishdi. O‘ylaymanki, safardagi uchrashuvlardagi o‘yinimizni ham yaxshilab olsak, natijalarimizni yana-da yaxshilab olamiz," - dedi Ashurmatov
Fikrlar