
Artyom Petrosyan: "Hakamlar ishini nazorat qiladigan komissiya bor"
"Qizilqum" - "Andijon" o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida “Andijon” jamoasi yordamchi murabbiyi Artyom Petrosyan ishtirok etdi. Boisi, bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov qizil kartochka oldi. Reglament bo‘yicha bosh murabbiyga qizil kartochka ko‘rsatilsa, matbuot anjumanida ishtirok eta olmaydi. Shuning uchun uning o‘rniga Petrosyan qatnashdi.
- O‘yinni yaxshi boshlay olmadik. Afsuski, ketma-ket ikkinchi uchrashuvda ham tezkor gol o‘tkazib yubordik. Keyinchalik o‘zimizga kelishga harakat qildik. Biroq futbolchimiz maydondan chetlatildi. 10 kishi bo‘lib qolgan bo‘lsak ham oxirigacha kurashdik. Futbolchilarga katta rahmat. Ular to‘xtab qolishni istashmadi, xarakter ko‘rsatishdi. 2:0 hisobida yutqazayotganimizda qo‘lini tushirishni xohlashmadi va oldinga intildilar. Buning natijasida hisobni 2:2 ga o‘zgartira oldilar. Qo‘shimcha daqiqalarda yana to‘p o‘tkazib yuborishimizga qaramay, yana hisobni tenglashtira oldik. Futbolchilar o‘yinni tashlab yuborishmadi, buning uchun ulardan minnatdormiz.
- Oxirgi ikkita uchrashuvda 4 ochko yo‘qotildi. Sababi nimada?
- Tahlil qilyapmiz. O‘yin boshida to‘p o‘tkazib yuborishimiz tushunarsiz bo‘lyapti. Oldingi bahs – “Paxtakor”ga qarshi o‘yin borasida to‘xtatilishni istamayman. Bugungi uchrashuv haqida gaplashganimiz ma’qul. E’tibor qaratgan bo‘lsangiz, futbolchimizga qizil kartochka ko‘rsatilgani ham uchrashuvga ta’sirini ko‘rsatdi. Bir o‘yinchi kam bo‘lib 75 daqiqada to‘p surish og‘ir. Ikki ochko yo‘qotmadik, bir ochko topdik.
- Bosh murabbiyga qizil kartochka ko‘rsatilgan vaziyatda o‘zi nima bo‘ldi?
- Haqiqatda nima bo‘lganini bilmayman. Balki xissiyotlarga berilib ketgandir. Futbolda bunday holatlar bo‘ladi. Chunki futbol xissiyotlarga boy o‘yin. Maydon chetida o‘yinni kuzatish va boshqarib turish qiyin. Bu kabi xissiyotlarga boy uchrashuvlarda har qanday holatlar bo‘lishi mumkin. Men ko‘rmay qoldim, chunki zaxiradagilarni tinchlantirishga harakat qilayotgandim.
- Ikkinchi penalti belgilangandan so‘ng jamoa sardori jamoani maydondan olib chiqib ketishga harakat qildi. Bu holatda sardorni ko‘ndirish murabbiyga ancha qiyin bo‘ldi. O‘sha holat haqida nima deya olasiz?
- Aytganimdek, futbol xissiyotli o‘yin. O‘sha vaziyatda siz futbolchilarning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. O‘yinchilarni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Bunday holatda siz nima qilgan bo‘lardingiz? Ularni tinchlantirishga urindik, vaziyatni tushuntirdik va ular yana maydonga qaytishdi.
- Birinchi gol urilishidan avval Sardor Azimov belgilangan jarima zarbasi uchun hakam bilan tortishdi va o‘sha jarima zarbasidan keyin gol urildi. O‘sha standart bo‘yicha nima deya olasiz?
- Buni hakamdan so‘rash kerak. Nima uchun fol berdi va qaysi vaziyat uchun? Chunki ikkita o‘yinchi to‘p uchun kurashyapti. Bu hakamning qarori. Murabbiy sifatida hakamlarni muhokama qilmayman. Ularni nazorat qiladigan komissiya bor.
- Siz ko‘rgan pozitsiyada o‘yin qoidasi buzilganmidi yoki yo‘qmi?
- Bilmayman, videoda ko‘rish kerak. Ammo bizga o‘yin qoidasi buzilmagandek ko‘rindi. Negaki, ikkita futbolchi to‘p uchun kurashgandi, bittasi yiqilib tushdi va jarima zarbasi belgiladi.
- Levan Arveladze chiroyli o‘ynadi. Nega uni asosiy tarkibda maydonga tushirmasdan zaxirada qoldiryapsizlar?
- Arvaladze zaxiradan maydonga tushib gol urdi va bizga bir ochko olib keldi, to‘g‘rimi? Har bir o‘yinga tuzib chiqadigan rejamiz bor. Shunga qarab tarkibni shakllantiramiz.
- “Andijon” optimal tarkibni aniqlashtirib olish uchun kechikish bo‘lmadimi yoki optimal tarkib shakllanib bo‘ldimi?
- Qarang, har qanday murabbiyga, “Manchester Siti” yoki “Real” murabbiylariga ham shu savolni bersangiz, baribir bir-ikkita pozitsiyalarimizni kuchaytirishimiz kerak deb aytadi. Bizga ham shu narsa kerak, bir-ikkita pozitsiyamizni kuchaytirishimiz kerak. Kim mashg‘ulotlarda qatnashib tayyor bo‘lsa, o‘shalar maydonga tushyapti.
- Xomyakov nega matbuot anjumaniga kelmadi?
- Reglament bo‘yicha qizil kartochka olsa, matbuot anjumanida ishtirok etmaydi.
Fikrlar