
Andijondagi dramatik o‘yinda "Surxon" qanday qilib g‘alabani ilib ketdi?
O‘zbekiston Superligasining 16-turida “Bobur arena”da “Andijon” hamda “Surxon” jamoalari ishtirokida kutilganidek qiziqarli va shiddatli o‘yin bo‘lib o‘tdi. Bahs oldidan yomg‘ir yog‘ishni boshladi va bellashuv davomida yomg‘ir yog‘ib turdi. Shunga qaramay, futbolchilar o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatishga harakat qildilar. “Andijon” fan-klubi esa har doimgidek o‘z o‘rnida va jamoani qoyilmaqom tarzda qo‘llab-quvvatlab turdi.
O‘yinda hammasi bo‘lib 5 ta gol urildi. Lekin g‘alaba ishtiyoqida maydonga tushgan “Burgutlar”dan bu safar ham omad yuz o‘girdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Doston Tursunov tezkor harakatlari evaziga mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida termizliklar oradagi farqni ikkitaga oshirdilar. “Andijon” vaziyatdan chiqib ketish uchun bosimni va hujumlarini yanada kuchaytirdi. Natijada zaxiradan maydonga tushirilgan Rustam Turdimurodov hisobni qisqartirdi. Oradan 5 daqiqa o‘tgach, burchak zarbasidan keyin Vladimir Bubanya hisobni tenglashtirdi. 0:2 ni 2:2 ga aylantirgan mezbonlar endi g‘alaba golini urish harakatida edilar. Biroq bu ish mehmonlarga nasib qildi. “Surxon” tezkor qarshi hujumga o‘tdi va raqib futbolchisining zarbasini darvozabon qaytargan bo‘lsa-da, qaytgan to‘pni Hamidjonov darvozaga joylab qo‘ydi.
Alamli mag‘lubiyat. “Andijon” irodasini ko‘rsatib, natijani ijobiy tarafga o‘zgartirishga juda yaqin kelgandi. Biroq futbolda doim ham siz o‘ylagan reja amalga oshavermas ekan. "Andijon" keyingi turni 25 avgust kuni safarda “Nasaf”ga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” – “Surxon” – 2:3 (0:1).
18 avgust. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 7852 tomoshabin.
Hakamlar: Doston Mirzaraimov, Shoxruh A’zamov, Islom Nosirov
Zaxira hakami: Umidjon Raximjonov
VAR: Davron Akmalov
AVAR: Maksim Nexochin
Nazoratchi: Fayzulla Hasanov
Komissar: Vladimir Nazarov
“Andijon”: Eldor Adhamov, Abdurahmon Komilov, Ildar Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Ilhom Alijonov (Sardor Azimov, 63), Muhammadkarim Toirov, Farhod Bekmuratov (Damir Temirov, 63), Ilhom Abdug‘aniev (Levan Arveladze, 83), Bektemir Abdumannonov (Rustam Turdimurodov, 63), Farhod Sohibjonov, Shaxrom Samiev.
“Surxon”: Dilshod Yo‘ldoshev, Sunnatilla Hamidjonov, Nodirxon Ne’matxonov, Bexruz Shaydulov, Jamaldin Xodjaniyazov, Doston Tursunov (Diyor Ramazonov, 83), Xumoyun Sherbo‘taev, Dmitriy Pletnyov (Mirjalol Abdumutalov, 90+5), Asadbek Karimov (Asilbek Jumaev, 66), Jahongir Abdusalomov (Tamirlan Jamalutdinov, 90+5), Abdug‘ofur Haydarov (Muhammadali Abdurahmonov, 66).
Gollar: Doston Tursunov, 23 – 0:1. Abdug‘ofur Haydarov, 60 – 0:2. Rustam Turdimurodov, 71 – 1:2. Vladimir Bubanya, 76 – 2:2. Sunnatilla Hamidjonov, 80 – 2:3.
Ogohlantirishlar: Bektemir Abdumannonov, 42 – Xumoyun Sherbo‘taev, 3. Asadbek Karimov, 45+5. Dilshod Yo‘ldoshev, 68.
Fikrlar