"Andijon" safarda "Paxtakor"ni to‘xtatdi. Buni qanday uddaladi?

  • 30 iyun, 2023, 10:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing qoldirilgan 8-tur bahslari “Paxtakor” – “Andijon” o‘rtasidagi o‘yin bilan boshlandi. Ushbu jamoalar qarama-qarshiligiga bir nechta omillar tufayli ham qiziqish katta edi. Superligada ketma-ket 9 o‘yindan beri g‘alabali seriyasini davom ettirib kelayotgan amaldagi chempionning ushbu yurishini birinchi davra oxirida “Andijon” jamoasi to‘xtatishga erishdi. O‘z navbatida “Burgutlar” bungacha 4 ta uchrashuvdan beri faqat g‘alaba qozonib kelayotgandi va mag‘lubiyatsiz seriyasini “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda ham davom ettira oldi.

Tecno

Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi, biroq darvozalar oldida golli imkoniyatlar yaratilgani bilan ham yodda qoldi. Shuningdek, 22-daqiqada “Burgutlar”ning gruziyalik legioneri Nodari Kavtaradze kutilmaganda tizzasidan jarohat olib majburiy o‘zgarishga qo‘l urildi. Ungacha esa aynan Nodarining xavfli zarbasini “Paxtakor” posboni Sanjar Quvvatov arang qaytarib qolgandi. Bellashuvdagi asosiy voqealar tanaffusdan keyin yuz berdi.

paxta and

G‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga solgan “Paxtakor” 53-daqiqada Hojiakbar Alijonovning golidan keyin hisobda oldinga chiqib oldi. Bu vaziyatda jarima zarbasidan keyin qaytgan to‘pni Hojiakbar darvozaga joylab qo‘ydi – 1:0.

Bu  o‘yinda bugungi kunda Superliga to‘purarlar ro‘yxatida 1- va 2-o‘rinlarda borayotgan Dragan Cheran hamda Rubin Xebay o‘rtasida ham o‘ziga xos sog‘lom raqobat mavjud edi. Adolat nuqtai nazaridan aytish kerakki, ushbu raqobatda “Andijon”ning albaniyalik hujumchisi ustun keldi. Chunki 78-daqiqada u “Paxtakor” darvozasiga shunday gol urdiki, bu har qanday o‘yinning bezagiga aylana oladi. Sardor Abdunabiev raqiblarini chalg‘itib Xebayni to‘p bilan ta’minladi. Rubin esa birinchi gol muallifi Hojiakbar Alijonovni “ko‘rdim” demasdan o‘zining fintida aldab o‘tdi va jarima maydoni tashqarisidan darvozaning yuqori burchagiga aniq zarba yo‘lladi – 1:1. Endi Xebay Cheranga tenglashib oldi – 9 ta gol va ikkalasi peshqadamlik qilishmoqda.

paxta and2

Bu goldan keyin andijonliklar yana “Paxtakor” darvozasini ishg‘ol qilish uchun xavfli reydlarni uyushtirishda davom etdi. Ayniqsa, uchrashuv oxirlarida Sherzod Esanov jarima maydoni ichida darvozabon bilan deyarli birga-bir vaziyatga chiqdi. Biroq “Paxtakor” posboni jamoasini goldan saqlab qoldi. Aks holda mag‘lubiyatga uchrashi hech gap emasdi.

Xullas, uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi va “Paxtakor”ning g‘alabali seriyasiga “Andijon” jamoasi chek qo‘ya oldi. Darvoqe, bungacha chempionatda hali durang nimaligini bilmay kelayotgan ikki klub qolgandi – “Paxtakor” bilan “Andijon. Buni qarangki, birinchi davraning so‘nggi turida ushbu jamoalar murosa ko‘chasiin tanladilar.

Bundan tashqari, uchrashuv bosh hakami Vadim Agishevning bu faoliyatidagi oxirgi o‘yini bo‘lib qoldi. Natijada uchrashuvdan keyin ikkala jamoa a’zolari Agishev uchun jonli koridor tashkil qildilar. Ha, aytgancha, “Andijon” chempionatdagi ilk turida Qarshida “Nasaf”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan uchrashuvida ham Agishev bosh hakamlik qilgandi. Birinchi davraning oxirgi uchrashuvida ham u “Andijon” ishtirokidagi bahsni boshqardi va shu bilan faoliyatini yakunladi.

paxta and4

“Andijon” esa “Paxtakor”ning g‘alabali yurishiga chek qo‘ya oldi va o‘z o‘yini bilan potentsiali yuqori ekanligini yana bir karra isbotladi. Andijondan kelgan ko‘plab muxlislar esa sevimli jamoasining ko‘rsatgan o‘yini va natijadan mamnun holda uchrashuvdan keyin futbolchilarni qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishdi. Shuningdek, "Andijon" oxirgi marta 2010 yili "Paxtakor" maydonidan durang bilan qaytgandi. Oradan 13 yil o‘tib ushbu natija takrorlandi. 

“Paxtakor” – “Andijon” – 1:1 (0:0).

29 iyun. Toshkent. “Paxtakor” markaziy stadioni. 3216 tomoshabin.

Hakamlar: Vadim Agishev, Islom Azimov, Shoxruh A’zamov.

Nazoratchi: Timur Galeev.

Komissar: Said Shoxruh.

“Paxtakor”: Sanjar Quvvatov, Hojiakbar Alijonov, Doston Tursunov, Odil Hamrobekov, Farruh Sayfiev, Sardor Sobirxo‘jaev (Shaxzod Azmiddinov, 81), Aziz Turg‘unboev (Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 62), Abbos Fayzullaev, Diyor Xolmatov, Doston Hamdamov (Dilshod Saitov, 46), Dragan Cheran.

“Andijon”: Igor Litovka, Dilshod Komilov, Abdurahmon Komilov, Ildar Mamatkazin, Ilhom Alijonov, Muhammadkarim Toirov (Sherzod Esanov, 60), Farhod Bekmurotov (Ilhom Abdug‘aniev, 60), Levan Arveladze, Nodari Kavtaradze (Sardor Abdunabiev, 22), Farhod Sohibjonov, Rubin Xebay (Bobur Farhodov, 90+4).

Gollar: Hojiakbar Alijonov, 53 – 1:0. Rubin Xebay, 78 – 1:1.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
ал хилол
30/06/2023 10:45
Кичкина деманг бизни........
&
Ботир
30/06/2023 10:22
Омад тилайман.