
"Andijon" futbolchisi 16 yoshida Osiyo chempioni bo‘lgani, keyin futzalga o‘tgani, katta futbolga qaytishiga nima sabab bo‘lganini bilasizmi?
“Andijon”ning iqtidorli yarim himoyachisi Ilhom Abdug‘aniev allaqachon muxlislarining mehrini qozona olgan. Bilasizmi, u orada futzalda ham o‘ynagan va yana katta futbolga qaytgan. U bilan qiziqarli suhbatni havola qilamiz.
- Ilhom, futbolga kirib kelishingiz qanday yuz bergan?
- Futbolga 5-sinfdan qadam bosganman. O‘shanda futbol litsey-internati bo‘lardi. Nozim aka Mullaoxunov va Shuhrat aka Boymatov birinchi murabbiylarim bo‘lgan. Toshkentga musobaqalarda ishtirok etish uchun kelganimizda yoshlar terma jamoasi murabbiyi Dilshod aka Nuraliev meni “Paxtakor”ga chaqirgan. O‘zi ham “Paxtakor”da ishlardi. 14 yoshimdan “Paxtakor” akademiyasida o‘qishni boshlaganman. 16 yoshimda o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Osiyo chempioni bo‘lganmiz. 17 yoshimda jiddiy jarohat tufayli futbolda uzoq muddat o‘ynay olmaganman. 2020 yilda “Neftchi” safida futzal jamoasida to‘p surganman. 2021 yilda esa menga “Andijon” klubidan taklif bo‘lgan. Natijada yana katta futbolga qaytib, pro ligada o‘ynashni boshlaganman. Mana, uch yildan beri “Andijon” bilan birgaman.
- Futzaldan katta futbolga qaytishingizda qiynalmaganmisiz?
- Og‘ir jarohatdan keyin mini-futbol maydonlarida o‘ynab turganim uchun moslashish qiyin bo‘lmagan. Lekin kichkina maydondan katta maydonga o‘tishim va moslashishim oson bo‘lmagan. Xudoga shukr, hozir hammasi yaxshi, sport formamni tiklashga harakat qilyapman.
- Futzalga o‘tishingiz sabablari nima bilan bog‘liq edi?
- Jarohat bois shifokorlar tomonidan professional futbolga ruxsat bo‘lmagan. 5-6 yillik tanaffusdan keyin futzalda shifokorlar ko‘rigidan muvaffaqiyatli o‘tganman va o‘ynashni boshlaganman.
- Futzalni sizga ko‘proq nimasi yoqqan?
- Ko‘proq to‘p bilan muomala. Futzalda texnik futbol o‘ynaladi. Shu jihatlari bilan menga yoqqan.
- O‘sha paytlarda yana katta futbolga qaytish haqida o‘ylaganmisiz?
- To‘g‘risi, baribir har qanday insonni yuragida yana katta futbolga qaytish istagi bo‘ladi. Akamga qachondir katta futbolga qaytib o‘ynayman, yuragim sezyapti, deb aytib yurardim. Mana, Xudoga shukr, istagim amalga oshdi.
- Ayting-chi, katta futbolga qaytishingizda kimlar turtki bo‘lgan?
- Katta futbolga qaytishimda Jahongir aka Nuriddinovni katta hissasi bor. Futzalda o‘ynab yurganimda meni “Andijon” klubiga taklif qilgan. O‘zingizni ko‘rsating, ma’qul kelsangiz olamiz deb menga birinchi qo‘l uzatganlar Jahongir aka bilan Aziz aka. Ularga katta rahmat aytaman. Pro ligaga kelgan paytimda to‘g‘risi qiynalganman. Nimagaki, birdaniga futzaldan katta futbolga o‘tib o‘ynash oson emasdi. Moslashish qiyin kechgan. O‘sha paytda bosh murabbiy Viktor Kumikov edi. U xorijlik va siz bir necha yil futbol o‘ynamaganingiz unga qiziq emasdi. Chunki unga natija kerak edi. Shu bois ko‘p zaxirada qolib ketardim. Orada murabbiy bilan biroz janjallashib qolgan paytimiz ham bo‘lgan. Keyin yarim mavsum “Andijon-SGS”da ijarada o‘ynadim. So‘ngra Aleksandr Xomyakov keldi va menga katta yordam qildi. Buning uchun bu murabbiydan minnatdorman. Menga imkoniyat berdi. To‘g‘ri, xatolarimiz bo‘lardi. Shunga qaramay, Aleksandr Andreevich hammada xato bo‘ladi, deb bizni qo‘llab-quvvatlagan.
- Futzaldagi eng noqulay jihat nimada edi?
- Himoyalanish. Futzalda to‘psiz himoyalanish juda qiyin.
- Futzalni hamon qumsab turasizmi?
- Oldindan katta futbol o‘ynaganim uchun baribir shu men uchun juda muhim. Futzalni katta futbolga ruxsat bo‘lmaganligi sababli o‘ynaganman. Baribir men katta futbolni tanlayman.
- “Andijon”ning birinchi davradagi ishtiroki borasida nima deya olasiz?
- To‘g‘ri, 5-o‘rinda yakunladik. Biroq undan ham yuqorida tugatishimiz mumkin edi. Negaki, o‘z qo‘limizdagi ko‘p ochkolarni boy berdik. Yutadigan uchrashuvlarimizda duranglar o‘ynab qo‘ydik. Jamoa yanada yuqori o‘ringa chiqishga tayyor edi. Yaxshi o‘yin ko‘rsatgandik. Ko‘proq gol urganimiz statistikada ko‘rinib turibdi. To‘g‘ri, biroz ko‘p gol o‘tkazib ham yubordik.
- Birinchi davradagi yoqimli va yoqimsiz o‘yinlar qaysi?
- Yoqimlisi albatta birinchi davra oxiridagi “Navbahor”ga qarshi bahsda 3:0 ga yutganimiz bo‘ldi. Menimcha, hammaga shu o‘yin yoqimli bo‘lsa kerak. Yoqimsiz o‘yinlar bo‘ldi. Birinchisi Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi o‘yin edi. 2:0 hisobida raqibni yutayotgandik. 10 daqiqa qolganida ikkita to‘p o‘tkazib yubordik. Keyin safarda “Qizilqum”ga uchrashuv juda asabiy o‘tdi. O‘sha o‘yinda bizdan 4 ta qizil kartochka bo‘ldi.
- Safarda jamoa hali yutqazmadi. Mehmondagi mag‘lubiyatsiz seriyalar haqida nima deya olasiz?
- Menimcha, hammada uyda o‘ynasa baribir katta bosim bo‘ladi. Negaki, muxlislar, ota-ona, yaqinlar...To‘g‘ri, o‘z uyimizda yutishga harakat qilyapmiz. Lekin mag‘lubiyatsiz seriyamizni mehmondagi uchrashuvlarda davom ettiryapmiz. Bunga jamoa tayyor. Jismoniy holatimiz ham tayyor. Futbolchilar juda ahil. O‘yindan oldin jamoamiz sardori Ildar aka vaziyatni tushuntiradi va bizni ruhlantiradi. Safarda ham, uyda ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Mehmonda erkinroq o‘ynaymiz. Uyda 18 ming muxlis kirganida baribir ularni bosimi bo‘ladi. Ularni oldida nafaqat yutqazish, balki durang o‘ynash ham yoqimsiz. Bunday fanatlar oldida durang o‘ynagingiz kelmaydi, g‘alaba uchun boringizni berasiz. Mana, “Paxtakor”ni qabul qilgan o‘yinimizda rosa hujumlar qildik, ammo ikki marta qarshi hujumni o‘tkazib yubordik.
- Hozirda “Andijon” bilan ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘ryapsiz. Yozgi yig‘in qanday o‘tyapti?
- Menimcha, hamma jamoa ham bunday paytda jismoniy holatiga va o‘yindagi kamchiliklariga ko‘proq e’tibor beradi. Bizda ham shunaqa. Kuniga bir va ikki mahaldan shug‘ullanyapmiz. Ko‘proq jismoniy kuchga e’tibor qaratilmoqda. O‘yindagi taktik kamchiliklar ustida ham ishlayapmiz. Yangi futbolchilarni moslashish jarayoni ham bo‘lyapti.
- O‘zbekiston Kubogi chorak finalida jamoa “Qizilqum”ga qarshi o‘ynaydi. Ushbu qur’a haqida fikringiz?
- Qur’adan oldin kanalinglarda qaysi jamoa chorak finalda bizga raqib bo‘ladi, degan so‘rovnoma qo‘ydinglar. Men “Qizilqum”ni bosgandim. Nimagaki, shu klub bizga raqib bo‘lishini kutgandim. Rosti, yana shu jamoa bilan o‘ynashni xohlagandim. Ikkala klub teng kuchga ega va imkoniyatlar bir xil. Yaxshi o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- “Andijon”ning bu yil 60 yillik yubileyi. Shu yubiley munosabati bilan jamoa qanday yutuqlarni ko‘zlamoqda?
- Kubokda ham natijalarimiz yomon emas. “Andijon”ning 60 yillik yubileyiga ham Kubokda, ham chempionatda katta sovg‘a qilsak bo‘ladi. Superligada ham hali imkoniyatimiz bor. Ko‘p narsa hammani o‘z qo‘lida. Bizni ham imkoniyatimiz o‘z qo‘limizda. Yuqori o‘rinlardagi klublar bizdan u qadar yuqorilab ketmagan. Xudo xohlasa, oxirigacha kurashamiz. Bu yil Andijon xalqini xursand qilamiz, degan umiddaman.
- Qaysi biri muhim: gol urishmi yoki assistmi?
- Hamma futbolchi uchun baribir gol muhim. O‘zimga ham gol urish yoqadi. Lekin o‘ynaydigan pozitsiyamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, pas uzatish ham yomon emas. Hujumchiga to‘p etkazib beradigan zonada o‘ynaymiz. Shu bois biz uchun gol urish ham, golli pas uzatish ham birdek yoqimli.
- Nima uchun 10-raqamni tanlagansiz yoki kimgadir taqlid qilasizmi?
- Yoshligimda Frenk Lempardni o‘yinlarini yoqtirganim uchun 8-raqamda o‘ynardim. O‘smirlar terma jamoasida ham shu raqam ostida to‘p surganman. 10-raqamga kelsak, bu ham chiroyli va o‘zimga yoqadi. Bu raqamda jamoani etaklaydigan futbolchilar to‘p surishgan. Ataylab kimgadir o‘xshashni istaganim, kumirim borligi uchun bu raqamni tanlamaganman. Shunchaki 10 menga yoqadi.
- Jamoaning ashaddiy ishqibozlariga nima degan bo‘lardingiz?
- Avvalambor, muxlislarimizga katta rahmat aytaman. Uyda yoki safarda bo‘lsa ham ular bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Bu yil ishqibozlarimizni xursand qilamiz. Xudo xohlasa, bizda O‘zbekiston Kubogi va chempionatda yutish imkoniyatimiz bor.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar