
Alisher Usmonov Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga salkam 9 mln dollar turadigan tarixiy qo‘lyozmani sovg‘a qildi (FOTO)
Bir necha oy muqaddam AQShdagi kim oshdi savdolarining birida zamonaviy Olimpiya o‘yinlarinin asoschisi Per de Kubertenga tegishli qo‘lyozmalar noma’lum shaxs tomonidan rekord summada sotib olingani haqida xabar bergan edik. Qo‘lyozmalar uchun 8,806,500 AQSh dollari to‘lagan inson nomi bugunga kelib ayon bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ)manifestining qo‘lyozmasi kim oshdi savdolar tarixida sportga aloqador eng qimmat buyum sifatida qayd etildi. Afsonaviy beysbolchi Beyb Rutning “Nyu-York Yankis” jamoasidagi libosi o‘tgan yil 5.4 million AQSh dollariga sotilib, bungacha mazkur yo‘nalishdagi rekord natija sifatida ko‘rsatilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Alisher Usmonov mazkur noyob qo‘lyozmalarni sotib olgan. Alisher Burxanovich bugun mazkur bitiklarni Lozannadagi XOQ muzeyiga topshirdi va uni tashkilot rahbari Tomas Bax qabul qilib oldi.
Mazkur qo‘lyozma 14 varoqdan iborat bo‘lib, zamonaviy Olimpiya o‘yinlari asoschisi – baron Per de Kuberten tomonidan 1889 yil siyoh bilan qo‘lda yozilgan va 1892 yili ilk bor ommaga o‘qib-eshittirgan.
“Buugun barchamiz tarixga guvoh bo‘ldik. Bir tomondan, tarixiy hujjatni, zamonaviy Olimpiya harakati asosi bo‘lgan nutq matnini ko‘ramiz. Ikkinchi tomondan, qo‘lyozmalar o‘zining asl joyi, Olimpiya uyiga etib kelishidek muhim voqelikka shohidmiz. Sizning himmatingiz imkonsiz narsaning ro‘yosini ko‘rsatib turibdi. Bunday yordamingiz bilan o‘z tariximiz va asoschimiz belgilab bergan yo‘nalish bo‘yicha yurish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, – dedi Tomas Bax.
O‘z navbatida Alisher Usmonov ham tarixiy hujjatlarning asl joyiga etib borgani haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Ushbu matn zamonaviy Olimpiya harakatining manifesti. Per de Kuberten dunyoni birlashgan sport musobaqalari bilan ko‘rdi va ziddiyat, urushlarga aralashmadi. Ishonchim komilki, Olimpiya muzeyi bu bebaho hujjatni saqlash uchun eng yaxshi joy”, – dedi Alisher Usmonov.
Manbaa: MOQ
Fikrlar