
Alisher Rahimov: "Quvaytda Bahodir Jalolov hamda Abdumalik Xalakovni juda yaxshi taniydilar"
Bir qator o‘zbekistonlik boks murabbiylar xorijda ham faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri o‘z vaqtida havaskor hamda professional boksda ham ajoyib natijalar qayd etgan Alisher Rahimovdir.
Hozirda ushbu mutaxassis Quvaytda murabbiylik qilmoqda. Biz ushbu yurtdoshimiz bilan bog‘lanib, arab mamlakatidagi faoliyatiga qiziqdik.
- Alisher aka Quvaytda ish boshlaganligingiz haqida eshitdik. Biroq, terma jamoadami yoki biror klubdaligi haqida ma’lumotga ega emasmiz?
- Ha shu zaminda ish boshladim. Dastlab Quvayt SK klubiga taklif etishgan edi. Klub bilan natija ko‘rsatganimdan keyin Quvayt boks federatsiyasiga taklif etilib, maslahatchi murabbiy bo‘lishim kerakligini aytishdi. Ayni kunlarda shu ikki joyda faoliyat olib boryapman.
- Umuman Quvaytda boksga bo‘lgan qiziqish qay darajada?
- To‘g‘risini aytganda bu erdagilarga boks shunchaki xobbi desam ham bo‘ladi. Chunki ularda barcha narsa etarli, mashg‘ulotlarga ham xizmatkorlari bilan kelishadi.
- Ularni qay darajada boksga yanada qiziqtira oldingiz?
- Bilasizmi, ularni vatanparvarlik, ota-ona va boshqa motivatsiya beradigan idealogiyalar bilan qiziqtirib bo‘lmasligiga aqlim etdi. Ular asosan Instagram, Feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlardagi fotolarga ishqiboz. Hattoki mashg‘ulotlar jarayonida ham shunga e’tibor berishadi. Shuning uchun ularga shu jihatdan o‘zimizning bokschilarga bo‘lgan e’tibor, jahon boksiga bo‘lgan muxlislikni singdirdim. Natijada ularda bo‘lgan qiziqish oshdi.
- U erda o‘zbek boksi haqida qay darajada bilishar ekan?
- Juda yaxshi bilishadi. Bahodir Jalolov, Abdumalik Xalakovni yanada yaxshi taniydilar.
- Professional boks ham bormi?
- Yuq. MMA yaxshi rivojlangan.
- Quvayt chempionati haqidagi taassurotlaringiz qanday?
- Bu erda biz kabi mamlakat chempionati hududlar o‘rtasida emas, klublar bo‘yicha bo‘ladi. Mendan avval, Quvayt SK chempionatda 2 yil natija qila olmagan ekan. Biz ishladik va chempionatida o‘zimizni ko‘rsatib, terma jamoa safidan bir qator shogirdlarim o‘rin oldi. Shuni evaziga terma jamoa murabbiylar qatoridan o‘rin oldim.
- O‘zbekistonga tashrif buyurib, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazish rejada bordir?
- Albatta. Tez orada bu amalga oshadi. Sababi, ularning o‘zidan tashabbus chiqdi va bizning yuoduzlarimiz bilan birga mashg‘ulotlar o‘tkazishga juda qiziqishmoqda.
- Alisher aka suxbat uchun rahmat va ishlaringizga rivoj tilab qolamiz!
- E’tibor uchun sizlarga ham tashakkur!
Fikrlar