
Aliqulov va Berdiev do‘stlikni bir chetga surib turishadi yoxud Qarshida Superliga orzusidagi kurash
15 noyabr kuni yaqinda O‘zbekiston Kubogi finaliga mezbonlik qilgan Qarshidagi “Markaziy” stadionda endi Superliga yo‘llanmasi uchun pro liganing ikki klubi – “Mash’al” va “Sho‘rtan” jamoalari pley-off uchrashuvida to‘qnash kelishadi. Aytish joizki, bu pley-offning dastlabki o‘yini sanaladi. G‘olib jamoa pro ligada 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Qo‘qon-1912”ga qarshi maydonga tushadi va yutgani Superligada 12-o‘rin egasiga qarshi o‘z uyida o‘ynaydi va yana yutgani kelasi mavsumda elitada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Buning uchun avvalo “Mash’al” hamda “Sho‘rtan” o‘rtasida g‘olibni aniqlash lozim bo‘ladi. Ikkala klub pro ligada ishtirok etgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqish imkoniyatidan foydalana olmadilar. Tan olish lozim, bu borada raqobat kuchli edi. Chunki “Lokomotiv”, “Dinamo” va “Qo‘qon-1912” asosiy nomzodlar edi va kutilganidek uchala jamoa dastlabki uchlikni egallashdi. Ulardan “Lokomotiv” bilan “Dinamo” allaqachon Superligaga chiqib bo‘lishdi. Qo‘qonliklar esa pley-offdagi raqibini kutmoqda.
Mavsum boshida aytilganidek, pro ligada hatto 5-o‘rin egasi uchun ham Superligada ishtirok etish imkoniyati mavjud. Buning amaldagi ijrosi sifatida Qashqadaryoning ikki jamoasi, viloyat derbisi maqomida pley-off bahsida kurash olib borishadi.
“Mash’al” ushbu uchrashuvda nominal mezbon sanaladi. Muborakliklar pro liga yakuni bo‘yicha 4-pog‘onani qo‘lga kiritdi. 3-o‘rindagi qo‘qonliklardan 6 ochko kam jamg‘ardi. “Mash’al” 20 ta uchrashuvda 10 g‘alaba, 4 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etdi. Raqiblar darvozasiga 26 ta gol urdi va o‘z darvozasidan 20 ta to‘p olib chiqdi hamda 34 ochko to‘pladi.
G‘uzorning “Sho‘rtan”i esa 20 ta bahsning 7 tasida g‘alaba, 5 tasida durang hamda 8 ta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrab 26 ochko bilan 5-o‘rindan joy oldi. To‘plar nisbati 29\25. Aslida “Sho‘rtan”ning o‘rnida Nukusning “Aral” jamoasi ham bo‘lishi mumkin edi. Ikkala klubning ochkosi teng bo‘lib qoldi va ustunlik “Sho‘rtan” tomonida bo‘ldi. Oxirgi turda g‘uzorliklar o‘z maydonida “Dinamo”ni 2:1 hisobida yutishdi, “Aral” esa safarda “Yunired” bilan durang o‘ynab qo‘ydi. Mana shu natijadan keyin “Sho‘rtan” Superliga uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
“Mash’al” bilan “Sho‘rtan” klublari pro ligada bu yil ikki bor uchrashishdi. Birinchi davraning 4-turida G‘uzordagi bellashuvda “Sho‘rtan” 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. O‘shanda Muhriddin Zoirovning 45+2 va 59-daqiqalarda kiritgan gollari mezbonlarga uch ochko taqdim qilgan. Ikkinchi davrada Muborakdagi o‘yinda esa “Mash’al” 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Islom Baratov va Sergey Petrovning gollariga “Sho‘rtan”dan Zafar Polvonov bir bor javob qaytargan.
Darvoqe, bu ikkala jamoaning elitadagi o‘yinlar tarixiga qaraydigan bo‘lsak, 22 bor maydonda to‘qnash kelishgan. Ustunlik “Mash’al”da. Chunki muborakliklar “Sho‘rtan”ni 13 ta bahsda mag‘lub etgan. 8 ta uchrashuvda esa g‘uzorliklarning qo‘li baland kelgan. Faqat 1 marta durang kuzatilgan xolos. To‘plar nisbati 39\19 tabiiyki, “Mash’al” foydasiga. Jamoalarning kuchlilar orasidagi oxirgi to‘qnashuvi 2017 yili bo‘lib o‘tgan. O‘shanda ikkala o‘yinda ham “Mash’al”ning qo‘li baland kelgan.
Yana bir qiziq jihati shundaki, “Mash’al” va “Sho‘rtan” klublariga bosh murabbiylik qilayotgan Asror Aliqulov bilan Anvar Berdiev bir-biri bilan do‘st hisoblanadilar. Qashqadaryolik mutaxassislarning o‘rtada o‘zaro hurmatlari ham katta. Aliqulov ilgari “Sho‘rtan” jamoasiga ham bosh murabbiylik qilganini yaxshi bilamiz. Shu bois Asror Chorievich sobiq klubini yaxshi biladi. O‘z navbatida Anvar Berdiev ham “Mash’al”ni yaxshi o‘zlashtirgan. Voha derbisida albatta g‘olib aniqlanishi shart. Aliqulov bilan Berdiev garchi do‘st bo‘lishsa-da, maydonda bir-biriga raqib vazifasini bajaradilar. Ikkala murabbiy ham jamoasi bilan Superligaga chiqish orzusida. Buning uchun dastlabki qadam qanday tashlanishini birgalikda kuzatamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar