
Aleksandr Xomyakov: "Har bir o‘yinni xuddi final kabi o‘tkazamiz"
“Surxon” – “Andijon” (2:3) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Avvalambor, uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugungi o‘yindagi g‘alaba bilan jamoamizdagi barchani, futbolchilarni tabriklayman. Lekin uchinchi golni urganimizdan keyin xotirjamlikka berildik va oxirgi daqiqalar biz uchun yaxshi o‘tmadi. Bu holat biz uchun dars bo‘ldi. O‘yinda g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz.
- Bektemir Abdumannonov bu yil “Andijon”ning eng yaxshi transferi bo‘ldi. U ko‘proq pas beruvchi rolni o‘ynamoqda. Siz undan ko‘proq qaysi xususiyati bo‘yicha foydalanyapsiz? Chunki u hujumchi. Ammo “Andijon”da paslar orqali o‘yin namoyish qilyapti.
- E’tibor bergan bo‘lsangiz, Abdumannonov hujumkor qanot yarim himoyasida o‘ynamoqda. Lekin aytib o‘tish kerak, nafaqat Bektemir, balki butun jamoa himoyada ham, hujumda ham birdek o‘ynayapti. Lekin kimnidir alohida ta’kidlab o‘tmagan bo‘lardim. Butun jamoa ishlayapti. Har bir uchrashuv biz uchun katta ahamiyatga ega va biz o‘yinlarimizni final kabi o‘tkazmoqdamiz.
- “Andijon” ikkita o‘yinda 8 ta gol urdi va muhim g‘alabalarni qo‘lga kirityapti. Futbolda g‘alabalar aksincha ta’sir qilishi ham mumkin. Xaddan tashqari xotirjamlikka berilishi yoki bo‘shashi kabi...”Andijon”ga mana shu g‘alabalar keyingi uchrashuvlarda qay tarzda ta’sir o‘tkazadi?
- Ha, albatta futbolda bunday holatlar kuzatib turiladi. O‘z uyimizdagi birinchi uchrashuvda ko‘p gollar urdik. Mana, hozir ham mehmonda uchta to‘p kiritdik. Lekin biz bo‘shashmaymiz. Har bir chiziqqa e’tibor beramiz. Jamoamizda yuqori potentsial bor. Lekin hozircha 100 foizli potentsialimizni ko‘rsatganimiz yo‘q. Hujumda va himoyadagi o‘yinimizga e’tibor berishimiz kerak. Ustimizda ishlashda davom etishimiz kerak. Yana qaytaraman: har bir bellashuvni xuddi final kabi o‘tkazamiz.
- O‘tgan yili o‘zini ko‘rsatgan Rubin Xebay klubni tark etdi va o‘rniga rossiyalik yosh hujumchi Luka Zgurskiy olib kelindi. U haqida fikringiz qanday? Luka Xebayning o‘rnini bosa oladimi?
- Ha, Xebay boshqa darajadagi hujumchi. Rubin bemalol golli imkoniyatlarni yuzaga keltira oladi. Lekin u ikkinchi davrada nechta gol urgandi?
- 3 ta.
- U bugun gol ursa, ertaga buni bajara olmasligi mumkin. Biz ikkinchi davrada jamoaviy o‘yinga ko‘proq e’tibor qaratib, g‘alabalarimizni shuning asnosida qo‘lga kiritgandik. Ha, Xebay birinchi davrada ko‘proq gol urdi va vaziyatlar yarata oldi. Lekin ikkinchi davrada aytganimdek, jamoaviy o‘yin evaziga gollar urdik va g‘alabalarga erishdik. Zgurskiy yosh va iqtidorli. U o‘zini ko‘rsatishga harakat qilyapti. O‘tgan turda gol ham urdi. Bizda 3 ta hujumchilar bor va ular istalgan paytda boshlang‘ich tarkibda o‘yinni boshlashlari mumkin. Samiev, Turdimurodov va yana yoshlar jamoamizdagi yosh hujumchini aytishim mumkin. Biz Xebayning o‘rnini ushbu hujumchilarimiz bilan yopmoqchimiz.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar