
AGMK yangi bosh murabbiyga ega bo‘lgan "Bunyodkor"ni sinovdan o‘tkazadi. Ustunlik "Qaldirg‘ochlar" tomonida, lekin...
Superliganing 9-turi doirasida AGMK Toshkentning "Bunyodkor" jamoasini mehmon qiladi.
Bo‘lajak o‘yin ushbu jamoalarning o‘zaro barcha musobaqalardagi umumiy hisobda 36-uchrashuviga aylanadi. "Bunyodkor" va AGMK qarama-qarshiligi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tkazilgan o‘yinlarda 9 marotaba Olmaliq klubi g‘alabani tantana qilgan, 7 bor durang qayd etilgan va 19 marta "Bunyodkor" g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati ham "qaldirg‘ochlar" foydasiga: 65-42.
Ayni paytda jamoalar turnir jadvalida turlicha joylashishgan. AGMK 13 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, "Bunyodkor" 11 ochko to‘plagan holda 7-o‘rinda bormoqda.
Superliganing 8-turidan so‘ng chempionatdagi ilk iste’fo bo‘lajak raqibimiz "Bunyodkor"da ro‘y berdi.
Jamoani boshqarib kelgan Shuhrat Maqsudov iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarish mas’uliyati Viktor Karpenko zimmasiga yuklatildi. Karpenko "Bunyodkor" bosh murabbiyi sifatida ilk debyut o‘yinini aynan AGMKga qarshi bahsda o‘tkazadi.
Bo‘lajak uchrashuv 16 may kuni OKMK sport majmuasida soat 19:00da boshlanadi, - deya xabar bermoqda AGMK matbuot xizmati.
Garchi o‘zaro bahslardagi ustunlik "Qaldirg‘ochlar" tarafida bo‘lsa-da, bugungi kunda Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan AGMK klubining o‘yini va tarkibi raqibnikidan ustunligi sezilib turibdi. Bu ustunligini ham amalda ko‘rsata olarmikin? Buni birgalikda kuzatamiz.
Fikrlar