
Abduraimov O‘zbekiston Kubogi finali oldidan: "Hammasi birinchi golgacha, ochiq o‘yin bo‘lishini xohlayman, lekin..."
Yana 2 kundan so‘ng Buxoroda “Nasaf” hamda “Navbahor” jamoalari ishtirokida O‘zbekiston Kubogi finaliga guvoh bo‘lamiz. Superligada chempionlik uchun ham bir-biriga asosiy raqobatchilar hisoblanishgan mazkur klublar finalda ham yana ro‘baro keladilar.
Bu safar hammasi bitta o‘yindan iborat. Klublar Buxorogacha oson bo‘lmagan yo‘lni bosib keldilar. Kubokni qo‘lga kiritish “Nasaf”ning ham, “Navbahor”ning ham orzusi. G‘oliblik kimga nasib qilishini o‘sha kuni bilib olamiz.
Final oldidan mutaxassislarning bu boradagi qiziqarli fikrlarini e’tiboringizga havola qilib boryapmiz. Bu safar Jasur Abduraimovga bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- Jasur aka, 30 oktyabr kuni hamma kutayotgan o‘yin – Buxoroda O‘zbekiston Kubogi finali doirasida “Nasaf” va “Navbahor” ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Mazkur finaldan nima kutyapsiz? Jamoalar yopiq o‘yin ko‘rsatishadi, deb o‘ylaysizmi yoki ochiq futbol ko‘ramizmi?
- Ochiq o‘yin bo‘lishini xohlayman. Lekin, mennig o‘ylashimcha, yopiq o‘yin bo‘ladi. Jamoalar faqat natija uchun o‘ynaydilar. Ikkalasi ham ko‘proq qarshi hujumlardan foydalansa kerak.
- Demak, finalda ko‘p gollar ko‘rmaymiz, shundaymi?
- Hammasi birinchi golgacha. Kim birinchi bo‘lib gol ursa, menimcha o‘yin ochiladi. Yopiq o‘yin bo‘lsa, “Nasaf” qarshi hujumlarda “Navbahor”ga qaraganda kuchliroq. Ko‘ramiz, finalda hamma narsa 50x50.
- Aslida finalga siz kutgan klublar chiqdimi yoki boshqa variantni o‘ylaganmidingiz?
- O‘ylaymanki, ikkala jamoa ham finalga munosib chiqishdi. Yarim finalda “Navbahor” “Paxtakor”ni yutdi. “Nasaf” esa AGMKni mag‘lubiyatga uchratdi. Hozir aytganimdek, ikkalasi ham finalga munosib edi. Yaxshi jamoalar o‘rtasida ajoyib o‘yin ko‘ramiz.
- O‘yin Buxoroda bo‘ladi va Qashqadaryoga yaqin. Shu bois Qarshidan muxlislar ko‘proq keladi, deb o‘ylaysizmi yoki Namangandanmi? Har holda Namangandan Buxoroga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilyapti, shu o‘yin uchun!
- Mening fikrimcha, 50x50 bo‘ladi. Ha, Qarshi Buxoroga yaqin. Ammo Namangandan ham ko‘p muxlis keladi. “Navbahor”ni oxirgi marta finalga chiqqaniga ham ancha bo‘ldi. Shuning uchun ishqibozlar sog‘inishgan va shu sababli Namangandan ham ko‘proq muxlislar keladi, deb o‘ylayman.
- Ikkala klub chempionatning oxirgi o‘yinida 1:1 hisobida durang qayd etdilar. Ular final oldidan o‘z kuchlarini ayashdi, deb hisoblaysizmi yoki...
- Yo‘q, 100 foiz o‘ynashdi. Finalda ham xuddi shunaqa bo‘ladi. Axir bu sovrin va unga ega chiqish uchun jamoalar bor kuchini sarflashadi. Bu final, futbolchilar o‘zlarini ayamaydilar. G‘alaba uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlari shubhasiz.
- "Nasaf" oxirgi marta "Navbahor"ni 2017 yili 4:0 hisobida yutgan. Shundan beri yo durang yoki "Navbahor" yutyapti. Bu statistika o‘yin oldidan namanganliklarga ruhiy ustunlik berishi mumkinmi?
- Yo‘q, oldingi o‘yinlar har xil bo‘lgan. Bu yangi o‘yin, bu final. Statistika hech narsani hal qilmaydi. Raqamlarga qarashni hojati ham yo‘q. Murabbiylar va futbolchilar har xil bo‘lgan.
- Siz uchun ayni paytda kim kuchli: "Nasaf"mi yoki "Navbahor"mi?
- Boya ta’kidladim, bu bitta o‘yindan iborat va imkoniyatlar teng – 50x50. Albatta, omad ham kerak. “Nasaf”ning o‘ziga xos o‘yin uslubi bor. Ha, “Navbahor” ham yaxshi jamoa. Tarkibida tajribali futbolchilar to‘p suryapti. Ammo “Navbahor” shu tarkibi bilan birinchi yil o‘ynayapti. “Nasaf”ga esa ancha bo‘lgan. Aslida ikkala klubga ham qiyin bo‘lishi aniq.
- Ro‘ziqul Berdiev va Samvel Babayan o‘rtasida taktik jang ham ko‘ramiz, deb o‘ylaysizmi?
- Nazarimda, kim taktik tomonlama o‘zini ko‘rsatsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi. Standart vaziyatlar ham muhim ahamiyatga ega. O‘yinda ko‘p narsa murabbiylarga bog‘liq. Ular qanday taktika tanlashadi? Ko‘ramiz.
- Bilasiz, ikkala klub chempionlik uchun ham kurashishyapti. Chempionlik kimga nasib qiladi?
- Hammasi o‘zlariga bog‘liq. Kim ko‘proq ochko to‘plasa chempion bo‘ladi. Hozir “Nasaf”da imkoniyat biroz ko‘proq. Yana 3 ta o‘yin qoldi. Ochkolarni yo‘qotmasa, “Nasaf” chempion bo‘ladi. “Paxtakor”da ham imkoniyat bor. Uchala klubda ham imkoniyatlar bir xil.
Fikrlar