
Abbos G‘ulomov: “Metallurg”ni yuta olmay, muxlislarimizni biroz ranjitib qo‘ydik
Cuperliga 10-turi doirasidagi “Navbahor” – “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi “vodiy derbisi” uchrashuvidan oldin “lochinlar”ning mahoratli yarim himoyachisi Abbos G‘ulomov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Ta’kidlash joizki, futbolchilik faoliyatimda xudo xohlasa, “Andijon”ga qarshi kechadigan o‘yinda ilk marta “vodiy derbisi” bahsida ishtirok etaman. Derbi uchrashuvlari doimo shiddatli va keskin kurashlar ostida kechgan hamda menda ham bo‘lajak derbiga ishtiyoq o‘zgacha.
“Andijon” klubi garchi turnir jadvalining pastki pog‘onasida borayotgan bo‘lsa ham, bo‘lajak bahsda, ayniqsa, ”vodiy derbisi”da jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi. Shuning uchun mazkur uchrashuvga ancha puxta va jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik.
O‘tgan turda “Metallurg” ustidan g‘alaba qozona olmay, jamoamiz muxlislarini biroz ranjitib qo‘ydik. Shu bois, ushbu o‘yinda zafar quchish, ishqibozlarga quvonch ulashish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
O‘z ishtirokimdagi ilk derbi o‘yinida g‘alaba qozonish, ushbu yutuq keyinchalik faoliyatimda yoqimli xotira sifatida qolishi uchun men ham maydonda jamoadoshlarim bilan birga bor kuchim bilan harakat qilaman.
Bo‘lajak bahsda zafar quchib, muqaddas Ramazon oyida muxlislarning uylariga xursand holda qaytishlariga munosib hissa qo‘shmoqchimiz, - dedi futbolchi.
“Vodiy derbi”sidan keyin muxlislarning kayfiyatlari a’lo bo‘lishiga ulush qo‘shish niyatidamiz va buni amalga oshirishga intilamiz.
Fikrlar