
Umid Ahmadjonov o‘zbekistonlik sportchi xotin-qizlarga tabrik yo‘lladi
Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov o‘zbek sportida faoliyat olib borayotgan sportchi xotin-qizlarimizni 8 mart bayrami bilan tabrikladi.
Tabrik matni O‘FA matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Assalomu alaykum muhtaram opa-singillar!
Fursatdan foydalanib Sizlarni kirib kelayotgan 8 mart - xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
O‘zbek sportida Siz opa-singillarimizning tutgan o‘rni beqiyos. Yurtimiz sport yulduzlarini tarbiyalayotgan Svetlana Kuznetsova, Roziya Yakubova, Gulnora A’zamova, Saida Mahmudova, Iroda To‘laganova, Saida Iskandarova, Sevar Karimova, Liliya Vlasova, Nellya Kiyamova, Natalya Efimova, Alena Aksyonova, Sevara Ganieva kabi sport namoyondalari, Oksana Chusovitina, Ekaterina Xilko, Gulnoza Matniyazova, Svetlana Radzivil, Nadiya Dusanova, Nafisa Mo‘minova, Gulruhbegim Tohirjonova, Nigora Tursunqulova, Yodgoroy Mirzaeva, Muattar Nabieva, Sabina Sharipova, Anastasiya Serdyukova, Zaynab Dayibekova kabi o‘zbek sportini dunyoga olib chiqqan sport yulduzlari bilan xalqimiz doimo faxrlangan.
Bayram arafasida ushbu sportchilar timsolida o‘zbek sporti rivoji yo‘lida mehnat qilayotgan barcha opa-singillarimizni Milliy olimpiya qo‘mitasi, Olimpiya harakati ishtirokchilari va shaxsan o‘zim nomimdan samimiy qutlashga ijozat bersangiz. Yurtimiz dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarishdan, vatanimiz uchun yangidan-yangi chempionlarni tarbiyalab berishdan aslo charchamang! Xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman. Yana bir bor bayramingiz bilan, aziz opa-singillar!
Hurmat va ehtirom bilan,
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov
Fikrlar