
Sulsherning dastlabki taktik yurishlaridan qanday xulosa chiqarish mumkin?
Ole Gunnar Sulsher «Manchester Yunayted»ga vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin ajoyib startni boshlay oldi. Xo‘sh, uning debyut o‘yinlaridan qanday xulosa chiqarish mumkin?
Sulsher «qizil iblislar» boshqaruvidagi dastlabki o‘yinlarida «Kardiff Siti» va «Xaddersfild» ustidan umumiy hisobda 8-2 hisobida g‘alaba qozondi. Bu uning yaqin kelajagi haqida ijobiy fikr bildirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Zero, u bir qator muhim taktik o‘zgarishlar qildi. Norvegiyalik mutaxassisning qilgan bu o‘zgarishlarini tahlil qilamiz.
Reshford, Lingard va Marsyallarga hujumdagi erkinlik
Eng katta o‘zgarish Antoni Marsyal, Markus Reshford va Jesse Lingardlarning hujum chizig‘idagi vazifalari o‘zgargani bo‘ldi.
Sulsher raqibning yuqori sur’atdagi tempiga qarshi pozitsion o‘zgarish qildi. Buning uchun yosh hujumchilaridan bir-biriga yaqinroq o‘ynab qisqa paslar orqali «o‘nlik» vazifasini bajaruvchisiga tezroq pas uzatishi bo‘ldi.
«Kardiff»ga qarshi o‘yinda Marsyal va Lingard markaziy qismda hujumkor yarim himoyachi rolini bajarishgan bo‘lsa, jamoadoshi Reshford «o‘nlik» vazifasida harakat qildi. Bu esa raqib ustidan g‘alaba qozonishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Lingard, Marsyal va Reshfordlar o‘ta aqlli futbolchilar hisoblanishadi. Ularning o‘zlari uchun bo‘sh zonalar topa olish qobiliyati Mourino tomonidan past baholanib kelinayotgandi.
Lingard va Reshfordlar birgalik ajoyib hamkorlik qilishdi. O‘z pozitsiyalarini muntazam ravishda almashtirib raqib himoyachilarini chalg‘itib turishdi.
«Xaddersfild»ga qarshi o‘yinning so‘nggi o‘n daqiqasida Anxel Gomesning tushirilishi ham muhim qaror bo‘ldi. Sulsher himoyani kuchaytirish orqali g‘alabani o‘zida saqlab qololdi.
Tavakkalchilik va tezkor paslar hujumkor futbolning bezagi
Sulsherning dastlabki ikki o‘yinidan qilingan navbatdagi xulosa bu uning tavakkal qilishga moyilligi bo‘ldi. Mourino tomonidan «kishanlanib» qo‘yilgan MYu futbolchilari maydonning har bir qarichida yaratuvchanlikni ta’minlashning uddasidan chiqa olmayotgandi.
Fred va Nemanya Matich «Xaddersfild»ga qarshi buni amalga oshirishda namuna bo‘la olishmadi. Ammo himoya chizig‘i a’lo darajada harakat qildi. De Xea esa oldingidan ko‘ra ancha erkinroq o‘ynay boshladi. Lindelyof esa super himoyachiga aylanib bormoqda. Shvetsiyalik himoyachi endi nafaqat himoyalanishi, balki raqib tomon joylashgan qismda ham ko‘rinish bera boshladi.
Bunday munosabat psixologik va taktik ustunlikni taqdim etadi. Hujumga qo‘shilishi ortidan Lindelyof «Old Trafford»ga yig‘ilganlarni xushnud qila boshladi. Muxlislar oxirgi marta Ser Aleks Fergyusson davridagina bunday futbolni tomosha qilardi.
«Tozalovchi» Erreraning ham vazifasi ortmoqda
Sulsherning eng katta muammosi bu yarim himoyadagi energiyani saqlab qolish bo‘lmoqda. Bu «Xaddersfild»ga qarshi o‘yinning dastlabki soatida ko‘zga yaqqor tashlandi. Bu Fred va Matichning to‘pga egalik qilishdagi no‘noqliklari sabab sodir bo‘ldi. Fred hamon Angliya futboliga moslashish bosqichida. Matich esa hujumga pas uzatish bilan maqtana olmaydi.
MYu 54-daqiqada Ander Erreraning o‘yinga qo‘shilishi ortidan o‘yin tizginini qo‘liga olishning uddasidan chiqdi. U Pogbaning dastlabki goliga ham pasni berdi.
Erreraning «Boksing Dey»dagi ta’siri undan avval «Kardiff»ga qarshi o‘yinidan kam bo‘lmadi. Ispaniyalik futbolchi o‘sha kuni maydonning har bir qarichida hozir-u nozir bo‘ldi.
Errera yarim himoyaga sokinlik olib keldi. Shubhasiz u Sulsherning muhim futbolchisiga aylanadi.
Pogbaga nihoyat erkinlik berildi
Pol Pogba klubi uchun «chaqilmagan jumboq» bo‘lib kelayotgandi. Chunki u maydonning har bir qismida qatnashishga majbur qilinayotgandi. Hamman uning pozitsion kuchsiz o‘yini va to‘pni qaytarib olishdagi muammolariga qaramay mukammal futbolchi sifatida ko‘riladi. U shunchaki ajoyib pleymeker hisoblanadi, tamom!
Sulsher esa unga nihoyat butunlay erkinlik berdi. Mourinoning uslubidan voz kechdi. Pogba klubdagi eng iqtidorli futbolchi hisoblanadi. Ammo u buni o‘zida his qilsagina, yuqori darajadagi o‘yinini namoyish qila oladi. Agarda u tayanch zonasiga qaytib Modrichga raqobatchilik qilmoqchi bo‘lsa, mayli qilsin. Yoki chap qanotda Marsyalga yordam kerakligini sezib u erda paydo bo‘lsa, mayli buniyam qilsin!
Ko‘rinib turibdi, Sulsher jamoa o‘yinini Pogba atrofida qurmoqchi. Maqsad Pogbani yana eng zo‘r davriga qaytarish. Buning uchun norvegiyalik mutaxassis har qanday taktik o‘zgarishga qo‘l urmoqchi.
Fikrlar