
Shohjahonning sparring hamkori jahon chempionligi jangi oldidan yordamga muhtoj
O‘zbekistonlik nokautchi Shohjahon Ergashev (9-0-0, KO) bilan sparring jangini o‘tkazgan professional boksning mashhur vakili - Denis Shafikov (38-2-1, 20 KO) 30 iyun kuni Xalqaro boks federatsiyasining (IBF) engil vazndagi jahon chempioni amerikalik Robert Ister (19-0-0, 14 KO) kamariga da’vogarlik qiladi.
32 yoshli bokschining promouteri Aleksey Vasilev AQShda bo‘ladigan jang Denis Shafikov uchun o‘ta muhim ekanini alohida ta’kidladi.
- Albatta men bo‘lajak jangda Denisning g‘alabasiga ishonaman, - dedi Aleksey Vasilev. - Lekin mantiqan olib qarasa, bu uchrashuvda Ister favorit. U juda kuchli bokschi. Ister -jahon chempioni, hali yutqazmagan, bo‘yicha baland, yosh va baquvvat. Qolaversa u o‘z uyida jang qiladi. Denisning g‘alabasini ta’minlaydigan bir muhim jihat bor. Bu - muxlislarning je’tibori va qullab-quvvatlashidir. Biz ularning yordamiga muhtojmiz. Denis bo‘lajak jangda o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak va uning ortida millionlab muxlislar uning g‘alabasini kutayotganini bilishi zarur.
Denis Shafikov bungacha ikki marotaba jahon chempionligi uchun ringga chiqib, uchrashuvlarni boy bergan edi.
O‘z navbatida Denis Shafikov o‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev bilan ham sparring jangida qatnashgan. Hamyurtimizning mahorati rossiyalik bokschida katta taassurot qoldirdi.
Shohjahon Ergashevning o‘zi 10 iyun kuni Rossiyada tashkil etiladigan professional boks kechasida jang o‘tkazishi kutilmoqda.
Fikrlar