
Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Bekxem. Beshinchi bob
Devid Bekxem oyog‘i to‘pga tekkan lahzadan boshlab o‘z mahoratini maksimal ravishda ishlatishga harakat qilardi. Biz u bilan bir mavsumda futbolni tark etdik. Lekin u hamon Evropa futbolining qimmatli o‘yinchilaridan hisoblanardi, va uning oldida ko‘plab imkoniyatlar mavjud edi. U "PSJ" dan xuddi men kabi o‘zining shartlari asosida ketdi.
Ba’zan insonning biror bir narsasidan ayirsang, u bu ne’matni qanchalik sevishini anglaydi. Mening fikrimcha, Bekxem "Los-Andjeles Gelaksi" ga o‘tganida, keyingi faoliyatidan bosh tortayotganini anglay boshlagan. Beks o‘zining eng yaxshi davrlari darajasiga qaytish uchun g‘ayrat bilan ishladi. Hatto u "Manchester"dagi oxirgi yillardan ham ko‘proq ishtiyoq bilan ishladi.
Devidning "Real"dan MLSga o‘tgan vaqti imkoniyatlari kam edi. Menimcha, u Gollivudni ham ko‘zlab qo‘ygandi va bu uning karerasiga qanday ta’sir o‘tkazishini bilardi. Amerikaga ketish uchun futbolga bog‘liq hech qanday sabab bo‘lmagandi. U top-klublarda o‘ynashdan bosh tortayotgan edi. Lekin u haliyam milliy terma jamoadan umidi bor edi. Bu qaysidir ma’noda mening fikrlarimni isbotlaydi. Unga elita darajasida ahamiyatini qaytarish uchun ancha vaqt ketdi.
Men Devidni Giggz va Skoulz bilan birga o‘sganini ko‘rganman, va men uni o‘z o‘g‘limdek sevardim. U "Yunayted"ga hali bolalik chog‘ida 1991 yili kelib qo‘shildi. Bir yil ichida u "Klass-92" tarkibiga kirishni uddaladi, va Niki Batt, Gari Nevill, Rayan Giggzlar bilan birga yoshlar o‘rtasidagi Angliya Kubogida g‘alaba qozondi. Devid "Yunayted" futbolkasida 394 ta o‘yinda maydonga tushib, 85 ta gol kiritdi. "Uimbldon"dagi maydon markazidan urilgan to‘p ham shu hisobda. Ushbu gol uni butun jahonga tanitdi.
Men "Manchester"ni 2013 yilning may oyida tark etganimda, Giggz va Skoulzlar hali jamoada edi. Lekin Devid Ispaniyaga ko‘chib o‘tganiga 10 yil bo‘lgandi. 2003 yil 18 iyun chorshanba kuni biz fond birjasiga Devidning 24,5 million funt evaziga "Realga" o‘tayotganini xabar qildik. U 28 yoshda edi. Bu xabar butun dunyoga tarqaldi. Uning transferi bizning klub uchun muhim voqeaga aylandi.
Men Deviddan alamim yo‘q. U menga yoqadi. Mening qo‘l ostimda shug‘ullangan barcha o‘yinchilar ichida Devid mashhurlikni tanlagan yagonasi edi. Uning asosiy maqsadi maydon tashqarisida taniqli bo‘lish edi. Bekxemni hayolini bo‘ladigan takliflar juda ko‘p bo‘ldi. Maydon tashqarisida u biz to‘layotgan maoshdan ikki baravar ko‘p pul topardi. Pop-industriya Giggz ustidan ham ishlab ko‘rishni xohladi, lekin bu narsa uning stilida emasdi. Devidning "Manchester"dagi oxirgi mavsumida uning ishlash qobiliyati ancha sustlashganini biz sezib turardik. Bundan tashqari, Devidning vakillari "Real" bilan muzokara o‘tkazayotgani haqida ham eshitgandik. Lekin baribir asosiy muammo - uning biz ko‘nikkan yuqori saviyadagi o‘yini yo‘qoldi.
Hammani e’tiborini tortgan mojaro 2003 yilning fevral oyida "Arsenal" bilan bo‘lgan o‘yinda yuz berdi. Ushbu o‘yin Angliya Kubogi beshinchi davrasida kechgandi. Biz 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldik.
Devidning ushbu o‘yindagi xatosi shu ediki, u himoyada ishonchsiz harakat qildi. Bu narsa darvozamizga ikkinchi gol kirishiga sabab bo‘ldi. Raqib o‘yinchisi undan o‘zib ketdi, Devid esa xotirjamlik bilan ortga qaytardi. O‘yindan so‘ng men uni qattiq tanqid qildim. Doimgidek, Devid tanbehlarimni nazarga ilmadi. Balkim u himoyada o‘ynash va raqibni quvib etish endi menga kerakmas, deb o‘ylagandir. Ushbu sifat ham uni boshqalardan ajratib turadi.
U mendan 12 futcha narida edi. Bizning oramizda polda bir to‘da butsa yotgandi. Devid so‘kindi, men unga yaqinlashdim va erda yotgan butsalarni tepdim. Butsaning biri uning yuziga borib tegdi, ko‘zi shikastlanishiga sal qoldi. U shu zahotiyoq joyidan turib menga tashlanmoqchi bo‘ldi, ammo qolganlar uni to‘xtatib qolishdi.
- O‘tir, - dedim men. - Qancha bahslashmagin, baribir sen bugun jamoamizga pand berding.
Kelasi kuni men unga o‘yinni qayta yozilgan videosini ko‘rsatdim, u baribir xatosini tan olmadi. Meni eshitayotib, u bir og‘iz ham gapirmadi. Bir og‘iz ham.
- Nima demoqchiligimni tushunayapsanmi? Nima uchun senga tanbeh berdim? - so‘radim men undan. Lekin u javob qaytarmadi.
Ertasi kuni bu voqea hamma gazetalarda chiqdi. Devidning shilingan yuzi yanada sezilarli hoshiyaga aylandi. O‘sha kuni men rahbariyatga Devid jamoadan ketishi kerakligini aytdim. "Manchester Yunayted"da murabbiydan o‘zini ustun qo‘ygan o‘yinchi shu zahotiyoq klubdan ketishi zarur. Agar murabbiy futbolchilar orasida obro‘sini yo‘qotsa, demak jamoa yo‘q degani.
Devid o‘zini Aleks Fergyusondan muhimroq deb hisobladi. Men bunga aminman. Fergyuson bo‘ladimi yoki oddiy santexnikmi buni farqi yo‘q, ahamiyatlisi - uning obro‘si. "Yunayted"da bosh qo‘mondon - bu murabbiy. O‘yinchilar buni unutib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Xullas, Devid o‘ziga o‘zi jiddiy hukm chiqardi.
Devid o‘zini Aleks Fergyusondan muhimroq deb hisobladi.
Chempionlar Ligasida guruhdan birinchi o‘rinda chiqib, biz qur’a bo‘yicha "Real"ga duch keldik. Ispaniyada bo‘lgan birinchi uchrashuvda, menimcha, Devid uchun eng ahamiyatlisi Roberto Karlosning qo‘lini qisish bo‘ldi. "Bernabeu"da 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Devid kelasi shanba kuni "Nyukasl"ga qarshi maydonga chiqishdan bosh tortdi. U yaxshi formada emasligini aytdi. Men Sulsherni maydonga tushurdim. U o‘zida ajoyib taasurot qoldirdi. O‘yin 6:2 hisobida bizning foydamizga yakunlandi. Devid chetda turib kuzatardi.
Bekxemning ahvoli "Real"ga qarshi javob o‘yinida ham Sulsherni tushurishimga asos bo‘ldi. Uchrashuvdan oldingi bosh razminkasi paytida men Devidni chetroqqa o‘tkazib, uning o‘rnida bugun Ole o‘ynashini aytdim. U jahli chiqqan holda qochib ketdi.
O‘sha oqshom maydonda aql bovar qilmaydigan voqealar yuz berdi. 63-daqiqada Devid Veronni almashtirdi, va u go‘yo "Old Trafford"dagi barcha muxlislar uchun xayrlashuv o‘yini o‘tkazayotganday taasurot qoldirdi. U jarima zarbasidan gol kiritdi, hamda 85-daqiqada raqib darvozasiga g‘alaba to‘pini joylab qo‘ydi. Biz 4-3 hisobida zafar quchdik. Lekin Ronaldoning Ispaniyadagi uchrashuvda kiritgan xet-trigi bizni musoboqadan baribir chiqarib yubordi.
Devid muxlislar ko‘nglini qozonishni xohlagandi, lekin bu menga qaratilgan rejalashtirilgan hujum edi. Uning "Real"ga o‘tishi jadal yaqinlashib borardi. Bizning bilishimizcha, Devidning agenti va "Madrid" vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib ulgurgan edi. Biz bilan ilk bor mayning o‘rtalarida mavsum tugashi bilan bog‘lanishdi. Bizning ijrochi direktorimiz Piter Kenon "Real"dan qo‘ng‘iroq bo‘lganini bildirdi.
- Bu kutilgan holat edi, - dedim men.
Biz 25 million funtni mo‘ljalga olgandik. Men Frantsiyada dam olishda edim va Djim Sheridan bilan restoranda tushlik qilayotgandik. Piter o‘sha payt qo‘ng‘iroq qildi. Djimning kvartirasi restoran tepasida joylashgandi, menga esa maxfiy telefon kerak edi.
- Sen tepaga chiqib menikidan foydalanishing mumkin, - dedi Djim.
Men shunday ham qildim.
- 25 million olmaginimizcha, biz uni qo‘yib yubormaymiz, - dedim men Piterga.
Natijada biz 18 millionga kelishdik va qo‘shimcha bonuslar ham bor edi.
Umuman olganda Devid jamoani tashlab qo‘ymadi. Biz chempionlikni 2003 yilning 3 may kuni "Charlton" ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan holda nishonladik. U ushbu o‘yinda to‘p kiritdi va 11 may kuni ham "Everton" davozasini ishg‘ol qildi. Bizning mavsumimiz 2:1 hisobidagi g‘alabamiz bilan yakun topdi. 18 metrlik jarima zarbasidan kiritilgan gol ajoyib xayrlashuv bo‘ldi. Uchrashuvda yosh talant Ueyn Runi himoyani tinkasini quritdi. Devid bizga Premer-ligani yutishga yordam berdi, shuning uchun ham "Gudison Park"da uni maydonga tushirmaslik uchun sabab yo‘q edi.
Balkim o‘shanda Devid yoshlik qilib bu narsalarga bardosh berolmagandir. O‘ylashimcha, u hozir bu kabi vaziyatlardan chiqib keta oladi. U hayotda ravshan pozitsiyaga ega va hamma narsani nazorat qiladi. Lekin o‘sha payt menga uning ommaviyligi yoqmasdi.
Misol uchun, men Lesterga jo‘nash oldidan mashg‘ulot bazasiga etib kelganimda, Karrington yonida yig‘ilgan bir to‘da jurnalistlarni uchratdim. Yigirmatacha fotograf ham bor edi.
- Nima bo‘layapti bu erda? - qiziqdim men.
- Bekxem yangi pricheskasini namoyish qilmoqda, - dedi menga kimdir.
Devid shapkada keldi, va tushlik payti ham uni echmadi.
- Devid, shapkangni ech, biz axir restorandamiz, - talab qildim men undan. U rad javobini berdi.
- Tentaklik qilma. Ech boshingdagini.
U baribir gapimga kirmadi.
Men qahrlandim, lekin uni jarimaga torta olmasdim, chunki ko‘p o‘yinchilar matchga ketayotganimizda beysbolkada bo‘lardi. Lekin hali hech kim jamoaviy tushlik payti kepka kiyib o‘tirishga jur’at qilmagandi.
Kelasi kuni o‘yinoldi mashg‘ulotlarda Devid hamon o‘sha shapkada edi.
- Devid, - dedim men, - sen maydonga bu shapkang bilan chiqmaysan. Bugun o‘ynamaysan ham, va nihoyat jamoani tark etasan.
Devid qattiq g‘azablandi. U shapkasini echdi, uning sochlari tagi bilan olingan edi.
- Shu xolosmi? Olingan soching tufayli shuncha g‘ala-g‘ovur ko‘tardingmi? - xitob qildim men.
U shapkasini o‘yin oldidan echmoqchi bo‘lgan ekan.
Menda unga bo‘lgan ishonch yo‘qoldi. U butunlay media va reklama agentlari ta’sirida ekanligini angladim.
Menda unga bo‘lgan ishonch yo‘qoldi
Devid buyuk klubda o‘ynardi. U karerasining cho‘qqisida edi va jiddu jahd bilan ishlab, mavsumda 12 tadan 15 tagacha gol urardi. Lekin tasodifan bularning hammasi - tirishqoqlik, intiluvchanlik va boshqa xislatlar - unda havoga parlanib ketganday bo‘ldi. Mening fikrimcha, o‘sha o‘zgarishlardan so‘ng Bekxem oldingi holatiga qayta olmadi. "Ha, haqiqatdan u buyuk o‘yinchi", deydigan darajaga qaytib chiqmadi.
Barchasi uning 22-23 yoshida boshlandi. Devidning qarorlari uning buyuk o‘yinchi bo‘lishidan uzoqlashtirardi. Bu narsa meni tashvishlantirardi. Bizning o‘rtamizda hech qanday dushmanlik yo‘q edi, faqatgina ko‘ngil qolishlik xolos. Men unga qarab o‘ylardim: "O‘g‘lim, nimalar qilayapsan?"
Devid bizga kelgan vaqtlari hali juda yosh, ko‘zi porlab turgan yigitcha edi. U futbol shaydosi edi. 16 yoshida uni mashg‘ulotlar zalidan quvib ham chiqarib bo‘lmasdi. Devid bu o‘yinni sevardi va mashhur futbolchi bo‘lishni orzu qilardi. Ammo birdaniga u yulduzlik karerasini xohlab qoldi va bu orzularning barchasidan kechdi.
Bir tomondan, Devid noto‘g‘ri qaror qabul qildi, deyish ham noto‘g‘ri. U dunyoda obro‘ qozondi. U kumirga aylandi. Odamlar undagi har bir o‘zgarishga e’tibor beradigan bo‘ldi. Unga taqlid qila boshlashdi. Ammo men futbol mulozimiman, bu narsa uchun futboldan voz kechish noto‘g‘ri, deb bilaman. Sizning xobbingiz bo‘lishi mumkin. Masalan, menda ikkita chopqir otlarim bor. Maykl Ouen va Pol Skoulzlar ham otlarga qiziqardi. O‘yinchilarimning bir nechtasini rassomlik san’ati jalb qilardi. Mening ofisimda Kiran Richardson sovg‘a qilgan ajoyib rasm turibdi. Faqat bu qiziqishlarni deb futboldan voz kechmaslik kerak.
"Yunayted"ni tark etishidan bir yil avval Devid Yaponiya va Janubiy Koreyadagi 2002 yilgi jahon chempionatida qatnashdi. Undan bir necha hafta oldin u Chempionlar Ligasi o‘yinida oyog‘ining kafti suyagini sindirib olgandi. Ancha dramatik yakun.
Ueyn Runi ham to‘rt yildan so‘ng xuddi Bekxemdek jarohat oldi. Lekin ularning ikkalasining tiklanishi turlicha kechdi. Devid tabiatan juda yaxshi jismoniy formaga ega. Ueynga esa formasini tiklash uchun ancha vaqt ketadi. O‘shanda men Devid Jahon Chempionatiga tiklanib ulgurishiga ishondim va buni ommaga oshkor qildim.
Angliya terma jamoasi Yaponiyaga etib borganida unga hamon jarohat asoratlari sezilib turishi mumkin edi. Lekin o‘yinchilar o‘zlarini hech narsa bo‘lmagandek tutishiga ishonib bo‘lmaydi, chunki har kim Jahon Chempionatida qatnashishni xohlaydi. Ammo turnir davomida Devidga nimadur bo‘lgani sezilib qoldi. Jarohat hamon unga og‘irlik qilayotgani bilinib turardi. Uning qanotdagi harakatlari buni namoyon etdi.
Devid o‘zining optimal holatidan qanchalar uzoqligi meni hayratga soldi. Shunday qilib Bekxem Jahon Chempionatida qatnashishga tayyor emasdi - na jismonan, na ruhan. Odamlar ko‘pincha shotlandligim uchun meni Angliyani yomon ko‘radi, deb o‘ylashadi. Agar Angliya va Shotlandiya o‘zaro maydonga tushsa, inglizlarga g‘alaba tilamasligim chin haqiqat. Lekin mening shogirdlarim orasida Angliya terma jamoasida to‘p surganlari etarlicha. Men doimo ularni u erda o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishlari xohlayman.
Bekxem Jahon Chempionatida qatnashishga tayyor emasdi - na jismonan, na ruhan.
Agar senda Bekxem singari jarohatlangan o‘yinching bo‘lsa, milliy terma jamoaning meditsina xodimlari sening ishinga doimiy aralashib yurishiga to‘g‘ri keladi. Ular bizning Kerringtondagi mashg‘ulotlar bazamizga kelishni istab qolishdi. O‘shanda men buni haqoratdek qabul qildim. Men hatto o‘zimga savol berdim, balki mening Shotlandiyadan kelib chiqishim bunday munosabatga sabab bo‘lgandir, deb.
2006 yilgi jahon chempionatidan oldin Runi jamoa safiga hammadan kech qo‘shildi. Terma jamoa vrachlari nuqul uning hol-ahvoli bilan qiziqardi, xuddi biz o‘z o‘yinchimizga o‘zimiz g‘amxo‘rlik qila olmaymiz. Ular juda katta vahima ko‘tarishdi. Va men o‘shanda 100 % haq bo‘lib chiqdim. Ueyn Runi musobaqada qatnashmasligi kerak edi. U bunga tayyor emasdi.
U hech qachon Angliya terma jamoasi joylashgan Baden-Badenga bormasligi kerak edi. Bu unga, jamoa uchun boshqa davogarlarga, hamda muxlislarga qilingan nohaqlik bo‘lardi. Ueyn jamoaning asosiy suyanchig‘i edi va shu bilan birga u o‘z optimal formasidan ancha uzoqda edi. Devidning tez orada tiklanib ketishiga ko‘zim etardi, chunki uni sinchiklab kuzatardim va barcha statistik ma’lumotlarga ega edim. U "Old Trafford"dagi jismonan eng tayyor o‘yinchi edi. Mavsumoldi yig‘inlarda, dastlabki testlarda u qolganlardan bir bosh ustun edi. Shuning uchun biz terma jamoa rahbariyatiga Devid kerakli muddatga tayyor bo‘lishini aytdik.
Devid Jahon Chempionatigacha tiklanishni juda ham xohlashi kutilgan hol edi. Biz o‘shanda barokameralardan foydalandik, chunki u narsa oldin Roy Kinga Chempionlar Ligasi uchrashuvi oldidan juda naf bergandi. Lekin suyak - bu butunlay boshqa narsa. Uni davolash uchun vaqt talab qilinadi. Kaft suyagiga 6-7 hafta ketadi.
2002 yilgi Jahon Chempionatida Angliya terma jamoasi hech tomonlama o‘zini ko‘rsata olmadi. Braziliyaliklar ularni bir kishi kam bo‘lib taslim etdi. Guruh bosqichining birinchi o‘yinida shvedlarga qarshi ular uzun uzatmalar bilan o‘ynadi. Raqib inglizlarning bu taktikasini yaxshi bilardi va ularni bu tarzda g‘aflatda qoldirish qiyin edi.
Angliya termasining muammosi shundaki, ularning yoshlar jamoalari tayyorgarlikda hamon eski tizimdan foydalanadi. Ular juda ko‘p uzun uzatmalar amalga oshirishadi. Bir kuni biz Tom Kleverlining 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoada Gretsiyaga qarshi o‘tkazgan o‘yinini kuzatdik. Skautlar menga jamoa bir porloq hujumchi va ikkita qanot yarim himoyachisi (ularning biri Tom edi) bilan o‘ynaganini xabar qilishdi. Demak, u butun match davomida darvozaga birorta ham zarba yo‘llamadi. Kris Smolling ham o‘sha o‘yinda qatnashgandi, lekin u doim to‘pni oldinga tepib yuborishi bilan esda qoldi. Angliya terma jamoasi taktik malaka va texnika etishmaslikdan aziyat chekib keladi, ko‘plab talantlar esa yoshlar terma jamoalarida chirib qolaveradi.
Lekin bularning hammasi nima bilan kompensatsiya qilinadi. Ingliz yoshlari baquvvat va jismonan rivojlangan. Ular o‘yinga juda jiddiy yondashadi. Lekim tizim zamonaviy o‘lchov bo‘yicha tayyor o‘yinchini chiqarmaydi. Ular Jahon Chempionatini hozirgi tizim va ishga yondashish bilan hech qachon yuta olishmaydi. Braziliya yoshlari to‘pni har qanday vaziyatda ham o‘ziga bo‘ysindira oladi. Ular engil harakat qilishadi. Ular futbol odamlari, chunki besh-olti yoshidan boshlab faqat futbolni deb yashaydilar.
Devid o‘z texnikasi ustida juda ko‘p ishlardi. Bundan tashqari u chiqishimli inson. Hatto 2012 yilgi Olimpiya o‘yinlarida u Buyuk Britaniya terma jamoasi ro‘yxatidan o‘rin olmaganidan so‘ng, uning vakillari Angliya Federatsiyasidan ham oldinroq arznoma bilan chiqdi. Uning so‘zlari olijanoblikka boy edi. Lekin mening ishonchim komilki, u ushbu masalada ancha aziyat chekkan.
Mel Machin menga savol berganini eslayman:
- Giggz va Bekxem - dunyo darajasidagi o‘yinchilar. Sen qanday qilib ularni jarimadan jarimgacha ishlab berishiga erishgansan?
Ular nafaqat tabiatan talantli o‘yinchilar, balkim juda chidamli va qanotlarda faol harakat qilishadi. Bu yigitlar boshqalarga o‘xshamaydi.
Devid bilan bog‘liq barcha o‘zgarishlar uning xohishi bilan amalga oshdi. Uning hayoli futboldan uzoqlashdi. U karerasini "Manchester"da men bilan bir vaqtda tugatishi mumkin edi. U "Yunayted" tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biriga aylanishi mumkin edi. O‘ylaymanki, hayotining malum bir paytida u xato qilganini anglab etgan.
Devid bilan bog‘liq barcha o‘zgarishlar uning xohishi bilan amalga oshdi
Lekin men unga tan bermay ilojim yo‘q. U 2013 yili "PSJ"ga o‘tganida, uning tirishqoqligi meni hayratlantirdi. "Yunayted"da u jismonan eng tayyor o‘yinchilardan biri edi. Bu narsa unga 37 yoshgacha yuqori saviyada to‘p surishga yordam berdi. U yoshligidan o‘zining bardoshliligi bilan ajralib turardi.
MLS - bu Mikki Mausning ligasi emas. Umuman olganda bu ancha atletik liga. Men Devidni MLS Kubogi finalida kuzatdim va uning tez-tez himoyaga qaytib harakat qilganini guvohi bo‘ldim. Devid shuningdek ijara asosida "Milan"da to‘p surib, o‘z saviyasini namoyon etdi. "PSJ"da u Chempionlar Ligasining chorak finalida deyarli bir soat maydonda harakat qildi. Devid uncha ko‘zga tashlanmagan bo‘lsada, o‘zining vazifasini a’lo darajada bajardi. U ajoyib harakatlari bilan o‘yin boshida bir nechta chiroyli paslar berdi.
Men o‘zimga savol berdim: "U qanday buni uddalayapti?"
Uning chidamliligi hamma savolga javob bo‘ladi. Devid o‘zining barcha tanqidchilarini isnodga qo‘yishni xohlardi. Va u ajoyib krosslarni amalga oshirardi, aniq uzun paslar - Devid doim qoyillatadigan narsa. Hamma gap shundaki, Devid tug‘ma atlet edi. Chempionlar Ligasining pley-off uchrashuvlarida qatnashish 38 yoshli futbolchi uchun katta yutuq hisoblanadi. Unga faqat tasanno aytish mumkin.
Ba’zilar mendan Bekxemni "Los-Andjeles"dan so‘ng jamoamga taklif qilishim haqida so‘radi. U 37 yoshga kirgandi, va uning bizga qaytishi ma’nosiz edi. "PSJ" bilan tuzilgan yarim yillik shartnoma ko‘proq reklama jarayoni edi. Devid bor e’tiborini o‘yinga qaratsa, u hamon ajoyib o‘yinchi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Kunlarning birida men Giggz va Skoulz bilan u haqda suhbatlashdim. Men ularga Devidda muvaffaqiyatsizliklarni tez unutadigan xislat borligini aytdim. Men jahl ustida uni tayoq bilan urib solishim mumkin edi, u esa mendan xafa bo‘lib o‘ylagan bo‘lardi: "Murabbiy aqldan ozgan shekilli, men bugun yaxshi o‘ynagandim".
Uning o‘ylashicha, "Gelaksi"dan keyingi bosqich Gollivud bo‘lishi kerak edi. Menimcha, bu uning Amerikaga ketishining asosiy sababi bo‘lgan. Aynan o‘sha payt uning qaysarligi yaqqol ko‘zga tashlandi. U "Manchester"da barchani hayratda qoldirdi. Bekxem hayotda nima bilan shug‘ullanmasin, u doim oldinga harakat qilgan.
Bekxem hayotda nima bilan shug‘ullanmasin, u doim oldinga harakat qilgan.
Fikrlar