
Qoraqalpog‘istonda xalqaro forum doirasida koreyalik futbolchilar bilan o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida “Orolbo‘yi hududlarida ekologik muhitni yaxshilash masalalari va bu jarayonda koreys diasporasining roli” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur forumda BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun boshchiligidagi Janubiy Koreya delegatsiyasi vakillari ishtirok etishmoqda.
Mehmonlar orasida Janubiy Koreyaning Seul shahridagi “Chung-Ang university high school” futbol jamoasi tashrif buyurgan. Mazkur jamoa bugun “Turon” markaziy o‘yingohida Qoraqalpog‘iston Respublikasining U-19 yoshgacha bo‘lgan terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
O‘yindan avval stadionga yig‘ilgan muxlislar uchun katta gala kontsert tashkil etildi. Kontsert davomida estradamiz yulduzlari va Janubiy Koreya davlatidan tashrif buyurgan ansambl guruhlarining chiqishlari o‘yingohga tashrif buyurgan muxlislarni xushnud etdi.
O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, har ikki jamoa a’zolarining ko‘plab urinishlariga qaramay, uchrashuvda hisob ochilmadi. Endi ertaga 28 noyabr kuni “Chung-Ang university high school” jamoasi Toshkent shahridagi “Milliy” o‘yingohida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar jamoasi bilan kuch sinashadi.
Bundan tashqari forum doirasida nufuzli mehmonlar hamda futbol jamoa a’zolari O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari va tarixiy obidalari bilan ham yaqindan tanishishni maqsad qilishgan.
Fikrlar