O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

  • 4 iyun, 2018, 16:14
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Shaxmat
CHERY AUTO

Sir emaski, shaxmat bugungi kunda O‘zbekistonda yaxshigina taraqqiy topgan. O‘zbek shaxmat maktabi dunyoga Rustam Qosimjonovdek jahon chempionini etishtirib bergan. Shuningdek, Nodirbek Abdusattorov bugungi kunda jahonning eng yosh grossmeysteri bo‘lib turibdi. Shaxmatchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar, albatta, barchamizga fahr-iftihor bag‘ishlaydi.

Tecno

Bugungi kunda mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish, xalqaro grossmeysterlar sonini yanada oshirish uchun imkoniyat ham salohiyat ham etarli. Buning uchun federatsiyaga yangi qon kiritib, shijoat bilan ish olib borish talab etiladi. Zero, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar bilan chegaralanib qolmasdan, o‘zbek shaxmatini yangi bosqichga olib chiqish lozim.

Ana shu maqsadda bugun, 4 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi tashkil qilindi. Unda Butunjahon shaxmat federatsiyasi rahbari Kirsan Ilyumjinov, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi. Bu haqda minsport.uz sayti xabar bermoqda. 

Yig‘ilishni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov olib bordi. Konferentsiya kun tartibi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga yangi rais saylab olish, shuningdek, shu yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidentligi saylovi uchun Kirsan Ilyumjinov nomzodini ilgari surishdan iborat edi.

Birinchi masala yuzasidan mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada rivojlantirish maqsadida federatsiya raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha va boshqaruv Milliy agentligi direktori Dmitriy Romanovich Li nomzodi ilgari surildi. Konferentsiya ishtirokchilari bir ovozdan Dmitriy Li nomzodini qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa, Dmitriy Li O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.

Bildirilayotgan ishonch uchun rahmat aytaman. O‘zbekistonda shaxmatga oid Prezident qarori bor. O‘zbek shaxmatini qo‘llab-quvvatlash, yordam berish uchun barcha chorani amalga oshiraman. Shaxmat insonning intelektual, mantiqiy fikrlashini rivojlantiradi, – dedi Dmitriy Li.

Shundan so‘ng, Butunjahon shaxmat federatsiyasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi nizomiga binoan, shu yil Batumida bo‘lib o‘tadigan FIDE prezidentlik saylovi uchun O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi nomidan 1995 yildan beri ushbu tashkilotga rahbarlik qilib kelayotgan, etti marotaba FIDE prezidentligi lavozimiga qayta saylangan Kirsan Ilyumjinov nomzodini ilgari surish masalasi ko‘rildi. Konferentsiya qatnashchilari bir ovozdan Kirsan Nikolaevich Ilyumjinov nomzodini FIDE prezidentligi uchun nomzod sifatida qayd etishdi.

Toshkent men uchun qadrli shahar. Bu erga o‘z uyimga kelgandek kelaman. O‘zbekistonga ilk marotaba 1978 yilda Spartakiada vaqtida kelgandim. Bugungi kunda FIDE jahonning eng yirik sport tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Federatsiyaga 188 mamlakat a’zo. 1995 yilda shaxmat sport turi sifatida tan olinmagandi. 1999 yilga kelib shaxmat Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan sport turi sifatida rasman tan olingan. Ayni paytda jahon bo‘ylab 600 milliondan ortiq inson shaxmat o‘ynaydi. Maqsadim 2020 yilgacha ushbu ko‘rsatkichni bir milliardga etkazish. Bu erdan Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov kabi grossmeysterlar etishib chiqqan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi eng faol federatsiyalardan biri hisoblanadi. Dmitriy Li bilan birga o‘zbek shaxmatidagi kamchiliklar bartaraf etilishiga, sport turi yangi bosqichga olib chiqilishiga ishonchim komil, – dedi Kirsan Ilyumjinov.

Butunjahon shaxmat federatsiyasi rahbari nutqi davomida shaxmat vatani Pokiston, Hindiston yoki Eron emas, balki O‘zbekiston ekanligiga alohida urg‘u berdi. Bu fakt ilmiy tadqiqotlar, tarixchi olimlar tomonidan o‘rganib chiqilgan izlanishlar natijasi ekanligi, FIDE bu borada Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga rasmiy xat tayyorlayotgani va yaqin orada O‘zbekiston shaxmat vatani deb rasman tan olinishini ma’lum qildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!