
“O‘zbek Jeki Chani” Amerikada!
Abdug‘afur Islomovni ko‘pchilik “O‘zbek Jeki Chani” sifatida kashf etgan. Chaqqon va egiluvchan, akrobatik elementlarni mohirlik bilan bajaradigan Abdug‘afur bilan qariyb yigirma yildan beri tanishmiz. Uning sportchi va murabbiy sifatidagi faoliyati e’tibor markazimda bo‘lgan.
Uch yildan beri Amerikada istiqomat qilayotgan Abdug‘afurni mamlakatimizda turon yakkakurashini ommalashtirish, mahoratli sportchilar etishib chiqishida jonbozlik ko‘rsatgan fidoyi inson sifatida bilaman. Ummonortida ham tinim bilgani yo‘q. Tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turamiz. Bizda kunduz, u tomonda yarim tun bo‘lsa-da, qilayotgan ishlarini to‘lqinlanib gapirib beradi.
«2017 yil biz uchun tarixiy yil bo‘ldi — Amerikada birinchilardan bo‘lib, shogirdim Ravshan Almatov bilan birgalikda turon yakkakurashi sport klubini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdik» - deydi u.
«2015 yil sayyoh sifatida kelib, bu qit’ani o‘zim uchun kashf etgan edim. Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda turon yakkakurashi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishda ishtirok etganimda, mutaxassislar katta qiziqish bildirishdi va o‘z federatsiyalariga a’zo qilib olishdi. Shundan beri AQShning barcha shtatlarida bo‘lib, turonni targ‘ib etib yuribman.
Bu vaqt ichida ingliz tilini o‘rganib, Amerikadagi sport klublari bilan faoliyati bilan tanishgan Abdug‘afurning ayni paytdagi asosiy maqsadi kichikroq bo‘lsa ham ilk musobaqa o‘tkazish.»
Avvalo, turon yakkakurashi qanday sport turi?!
Er yuzida qancha tarixiy xalq bo‘lsa, ularning barchasida o‘z-o‘zini himoya qilish uchun maxsus jangovor tayyorgarliklar o‘tkaziladi. Garchi ko‘rinishi bir-biriga yaqin, ammo qo‘llash usuli turlicha ko‘rinishlar qudratli davlatni shakllantirish uchun xizmat qilgan. Bugunda sport turi ko‘rinishini olgan yakkakurash turlarida shunday xulosa qilsak bo‘ladi.
Buyuk sohibqiron Amir Temur har bir yurishi chog‘ida qo‘shinlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazadi. Talabga javob berganlari esa, qo‘shinning old va quyi qismini egallaydi. Sohibqiron qo‘shinlari yuksak jangovor tayyorgarlikka ega ekanligini o‘sha davr tarixchilari ham, mumtoz adabiyot namoyondalari ham tasdiqlashadi.
Ming yillar davomida shakllangan jangovor kurash usullari bugungi xalqlarni ham hayratga soldi. Ko‘plab sport mutaxassislari ularning qonun-qoidalarini ishlab chiqishdi va professional sport turiga aylantirishdi. O‘nlab sharq xalqlari qatorida o‘zbek mutaxassislaridan biri Bahodir Saidov uzoq o‘tmishning bebaho sahifalarida qolgan noyob ma’naviy durdonalarni o‘rganib chiqdi. Uni hayratga solgan jihat turonlik jangchilarning boshqa sharq millatlari kabi murakkab elementga ega jihatlari borligi bo‘ldi. Istiqlolning dastlab yillarida bor e’tiborni uni o‘rganish, tadqiq etishga qaratdi.
* * *
Islomov Abdug‘afur Abdujabborovich 10 yoshidan boshlab ushu bo‘yicha shug‘ullana boshlagan. Ko‘plab xalqaro musobaqalar ishtirokchisi.
1991 yilning fevralida Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan sobiq ittifoq birinchiligida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani uning kelajagini belgilab bergan bo‘lsa, ne ajab!
Abdug‘afur 2006 yil O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida bakalavr, 2008 yil magistratura yo‘nalishida tahsil oldi.
Turon yakkakurashi bo‘yicha xalqaro toifadagi murabbiy, hakam va xalqaro toifadagi sport ustasi. Bir necha bor O‘zbekiston va Osiyo chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori.
2003 yildan boshlab respublikamizdagi turli olimpiya zaxiralari kollejlarida turon yakkakurashi bo‘limlari ochilib, o‘rta ma’lumotga ega mutaxassis kadrlar avlodi etishib chiqdi. Ular orasida poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya zaxiralari kollejining ahamiyati nihoyatda katta. Abdug‘ofir Islomov murabbiylik qilayotgan bo‘limda o‘ndan ortiq iqtidorli sportchilar etishib chiqa boshladi. Ayni paytda ular mamlakatimiz bo‘ylab yoshlarni ushbu sport turiga jalb etmoqda.
Jangovor hisoblangan turon sport turini dunyo bo‘ylab ommalashtirish uchun, avvalo, o‘sha xalq ichiga kirib borish, ushbu sport turining maqsad-mohiyati va falsafasini namoyish etishi kerak. Bu o‘zgarmas qoidaga Abdug‘afur ham amal qildi. 2011 yil Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan jahon jangovor sport turlari festivali va ko‘pkurash musobaqalarida ko‘rgazmali chiqishlari bilan ishtirok etdi.
Sport turi qonun-qoidalari yaqin, ancha ommaviy bo‘lgan sambo bo‘yicha ham xalqaro turnirlarda qatnasha boshladi. 2011 yil Slovakiyaning Bratislava shahrida o‘tkazilgan jangovor sambo bo‘yicha xalqaro turnirda kumush, sambo bo‘yicha esa oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ayni ushbu turnirda 2012-14 yillar oralig‘ida ham qatnashib, yuksak sport mahoratiga ega ekanini ko‘rsatdi.
2014 yil Janubiy Koreya Ulsan shahrida HAPKI YU SUL va HAPKIDO sport turlari bo‘yicha xalqaro turnirda ham qatnashishiga to‘g‘ri keldi. Musobaqada g‘olib bo‘lgan Abdug‘afur 4 DAN qora belbog‘ sohibi bo‘ldi.
U Slovakiya va Janubiy Koreyadagi musobaqalarda medallarni qo‘lga kiritish uchun borgani yo‘q. Asosiy maqsad o‘sha xalqlarga yaqin bo‘lgan sport turlari orqali turon yakkakurashini ommalashtirish edi. O‘sha erdagi etakchi mutaxassislar bilan iliq munosabatlar o‘rnatdi, hamkorlikka chorladi. O‘z navbatida, ularga ham milliy sport turimiz manzur bo‘ldi. Natijada 2011 yilda Chexiyaning Praga shahrida Evropa turon yakkakurashi assotsiatsiyasi va 2016 yilda Latviyada Butunjahon turon uyushmasi (World Union Turon) tashkil topdi.
AQShdagi dastlabki qadamlar ham yomon bo‘lmadi. A.Islomov 2016 yil may oyida Chikagoda bo‘lib o‘tgan sambo bo‘yicha Amerika ochiq chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Sehrli diyorda inson o‘z o‘rnini topishi oson emas. Abdug‘afur Osiyo va Evropada to‘plagan tajribalari bois Amerikaga tez moslasha oldi. Har oyda turli jangovor sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. U hammasida qatnashishga, bu orqali muxlislarni turon yakkakurashiga jalb etishga harakat qiladi.
Harakatlar besamar ketmadi. Ayni paytda AQShning 14 shtatida turon yakkakurashi targ‘iboti muvaffaqiyatli amalga oshdi. U erda ilk shug‘ullanuvchilar o‘zbek sport turi bilan shug‘ullanyapti.
«Vatandan olisda yurt qadri bilinar ekan» - deydi u. «Bu erga turon yakkakurashini ommalashtirish uchun kelgandim. Vatanparvarlik hissiyotlari ustun kelib, milliy qadriyatlarimizni, kurash va belbog‘li kurash qonun-qoidalarini ham o‘rgatib boryapman. Albatta, xayrli ishlarimiz tez orada samara bersa kerak.»
* * *
«2018 yil may kunlari Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan "USA Open Sambo Championship» va 2018 yil iyul oyida Orlando shahrida bo‘lib o‘tadigan "U.S. Open ISKA World Martial Arts Championships» xamda 2018 yil 14 oktyabrda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan "US Open Martial Arts Championship" musobaqalarida ishtirok etishni rejalashtirganmiz» - deydi Amerikada murabbiylik faoliyatini olib borayotgan shogirdlaridan Ravshanbek Almatov.
«Abdug‘afur akam hozir Florida shtatida turon yakkakurashi bo‘yicha “ABIS Turon sport academy” ochishga harakat qilyapti. Maqsadimiz — yaqin 2 yil ichida Amerika Turon yakkakurashi assosiatsiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va jahon chempionatini tashkil etish! »
Ha, shunday. A.Islomov nafaqat sportchi, balki tajribali murabbiy, jonkuyar ustoz ham. 18 yillik murabbiylik faoliyati davomida ko‘plab malakali va yuqori toifali sportchilarni tayyorlab kelmoqda.
U faoliyatini ilmiy-metodik ishlar bilan birgalikda olib bormoqda. U 2 ta o‘quv dasturi va turon yakka kurashi bo‘yicha sportchi va murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv qo‘llanma muallifidir.
40 yoshni qarshilagan Abdug‘afur hamon izlanishda. Olis diyorda qalbidagi ezgu maqsadlarini tezroq amalga oshirish uchun dunyo kezmoqda. Fidoyi murabbiyga kuch-quvvat va omad tilaymiz.
Fazliddin Sattorov
Fikrlar