Osiyo kubogi – 2019. Tanishing, Bahrayn terma jamoasi

  • 20 dekabr, 2018, 23:58
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Qit’amizning yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz internet axborot portali Osiyo kubogida ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bugun navbat A kvartetining so‘nggi jamoasi - Bahraynga etib keldi.

Bahrain logo

Bahrayn Qirolligi arab mamlakatlari ichida eng kichigi sanaladi. Uning umumiy nomi 766 kv kilometrni tashkil etadi. Bu degani butun mamlakat maydoni Moskva shahridan uch barobar, Dubay shahridan esa besh marta kichikdir. Bahraynni qo‘shni Saudiya Arabistonidan 25 kilometrlik ko‘prik ajratib turadi. Davlatni esa cheklangan huquqqa ega bo‘lgan Qirol boshqaradi. Bahraynning iqtisodini ham boshqa arab mamlakatlari singari neft tashkil etadi.

Eng qizig‘i, Bahrayn arab davlati bo‘lsada, mamlakatdagi o‘rtacha har o‘ninchi odam xristian diniga e’tiqod qiladi. Bundanda qizig‘i esa, ushbu davlatda dam olish kuni shanba va yakshanba emas, balki, juma hamda shanba kunlaridir.

Bahrayn Qirolligi haqida biroz bo‘lsada, ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsangiz, endi mamlakat futboli bilan tanishtiruvimizni davom ettirsak.

Futbol Bahraynda u qadar ommalashgan sport turi emas. Aholi orasida engil atletikaga qiziqish yuqori va aynan ushbu sport turi vakillari eng katta maoshga ega sportchilar sanalishadi.

Bundan tashqari avto va motopoygalar ham mahalliy aholida katta qiziqish uyg‘otgan. Biroq futbol borasida bunday deya olmaymiz. Qirollikda qo‘shni arab mamlakatlari Qatar va BAA singari futbolchilarga katta maosh berish va kuchli legionerlarni jalb etilmaydi odatda va shu bois Bahrayn chempionati G‘arbiy Osiyodagi eng kuchsiz ligalardan biri sanaladi. Aytaylik birgina mamlakat chempionigina OChLda ishtirok etadi, unda ham ilk saralash bosqichidan.

Klub futbolidan terma jamoa futboliga o‘tamiz. Bahrayn terma jamoasi esa o‘zining ilk uchrashuvini 1966 yilda Quvaytga qarshi o‘tkazadi. Bag‘dodda kechgan o‘yinda jangovar durang qayd etiladi – 4:4.

BAA maydonlarida kechadigan Osiyo kubogi “qizillar” uchun tarixdagi oltinchi qit’a birinchiligi bo‘ladi. Jamoa o‘zining eng yaxshi natijasini 2004 yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan musobaqada qayd etgan. O‘shanda Srechko Yurichich shogirdlari 4-o‘rinni qo‘lga kiritishgan.

Bahrayn terma jamoasi yaqin yillarga qadar O‘zbekiston termasi uchun noqulay raqib sanalib kelinar edi. Ayniqsa, 2005 yil yaponiyalik hakam Toshimitsu Yoshida boshqargan uchrashuv barchaning esida bo‘lsa kerak.

Ammo 2010 yildan so‘ng “qizillar” tobora “o‘yindan chiqa boshlashdi” va qit’a birinchiliklarida ham, JCh salash bosqichlarida ham qiyinchiliklarga uchray boshladi. Jumladan, Samvel Babayan boshqaruvidagi terma jamoamiz JCh-2018 saralash bosqichi doirasida Bahraynga qarshi kechgan har ikkala uchrashuvda g‘alabaga erishishgan edi.

soukup

Hozirda Bahrayn termasini chexiyalik Miroslav Soukup boshqarmoqda. 53 yoshli mutaxassis faoiyati davomida asosan yoshlar jamoalari bilan ish olib borgan. Jumladan Chexiya va Misr terma jamoasining turli yoshdagi jamoalarini boshqargan va 2016 yildan buyon “qizillar”ga ustozlik qilib keladi. Hozirda mahalliy Federatsiya terma jamoa asosini yoshartirishga katta e’tibor qaratmoqda va Soukupning taklif etilishi ham bejiz emas nazarimizda.

Bahrayn terma jamoasi Osiyo kubogining ilk turida mezbon mamlakat – BAAga qarshi ochilish uchrashuvida ishtirok etadi. Mezbonlarga qarshi o‘yinlar hech qachon oson o‘tmagan, ayniqsa, bu ochilish bahsi bo‘lsa.

Bugungi Bahrayn asosan 4-2-3-1 taktik sxemasidan foydalanadi. Jamoa himoyada u qadar kuchli emas va shu bois maydonda birinchi raqam bo‘lib o‘ynashgina ularni uzoqqa olib borishi mumkinligi borasida mahalliy matbuot bong urib kelmoqda.

Bahrayn milliy terma jamoasi

FIFA reytingidagi o‘rni – 113

Ilk uchrashuvi: Bahrayn – Quvayt 4:4 (1966 yil 2 aprel, Bag‘dod)

Eng yirik g‘alabasi: Bahrayn – Indoneziya 12:0 (29 fevral 2012, Riffa)

Eng yirik mag‘lubiyati: Iroq – Bahrayn 10:1 (5 aprel 1966 yil, Bag‘dod)

Osiyo kubogidagi ishtiroki: 5 marta (1988, 2004, 2007, 2011, 2015)

Eng yaxshi natijasi: 4-o‘rin (2004)

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Salmon Isa (156 o‘yin)

Eng ko‘p gol kiritgan futbolchi: Ismoil Abdulatif (40 gol).

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!