Oliy ligadan xorijga yo‘l olgan va jamoasini almashtirgan o‘zbekistonlik futbolchilar

  • 17 yanvar, 2017, 20:43
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

Hozirgi kunda barchaning diqqati Xitoyga qaratilgan. Butun dunyo jamoatchiligini o‘ziga “rom” etayotgan xitoyliklar navbatdagi shov-shuv arafasida turishibdi. Ya’ni, “Tyanjin Tsyuantszyan” klubi Diego Kostani o‘z safiga qo‘shib olishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Londonliklar bu masalani yozda hal qilishlarini ma’lum qilishdi. Ammo Xitoy klubi prezidenti yozgacha kutib o‘tirishni istamayapti.

Xitoyda mana shunday duv-duv gaplar! O‘z navbatida bizning muxlislarimiz ham O‘zbek futbolida qanday transferlar amalga oshirilayotgani, O‘zbekistondan yoki chet-elda to‘p tepayotgan futbolchilarimiz qaysi jamoalar safini to‘ldirishayotganiga qiziqishlari tabiiy. Shu maqsadda biz sizlarning qiziqishlaringizni inobatga olib ushbu ma’lumotlarni taqdim etmoqchimiz.

Quyida rasman tasdiqlangan futbolchilarning ko‘chib o‘tishlari bilan tanishtirib o‘tamiz.  

Odil Ahmedov “Krasnodar”dan Xitoyning “Shanxay SIPG” klubiga o‘tdi

Bir necha hafta oldin O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov Xitoyning qaysi klubiga o‘tishi mumkinligi to‘g‘risida ko‘plab xabarlar tarqalgandi. Yakunda “Krasnodar”ning sobiq futbolchisini Villash-Boashning shaxsan o‘zi “Shanxay SIPG”ga taklif qildi. Bunga esa Odil "labbay" deb javob berdi. Oldin Xalkka qarshi maydonga tushgan va teleekranda Oskarning o‘yinlarini tomosha qilgan Odil endi ular bilan bir jamoada harakat qilmoqda.  

Qolaversa, Ahmedov bugunga kelib shanxayliklarning dohadagi so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinida o‘zining birinchi golini urishga ham erishdi.  

Sanjar Tursunov “Vorskla”dan Qatarning “Al Haraytiyat” klubiga o‘tdi

O‘tgan yili bir muncha vaqt Qatar chempionatida faoliyat olib borgan Sanjar Tursunov keyinchalik Ukrainaga qaytib ketgandi. Ukrainada o‘zining sobiq jamoasiga borib qo‘shilgan Tursunov yana Osiyoga qaytishga qaror qildi.

26 dekabrda Qatarning “Al Haraytiyat” jamoasi bilan shartnoma imzolagan hamyurtimiz Qatarliklar bilan bir yarim yillik kelishuvni imzolagan.

Fozil Musaev “Nasaf”dan Yaponiyaning “Jubilo Ivata” klubiga o‘tdi

Fozil Musaev Qarshining “Nasaf”idan Yaponiyaning “Jubilo Ivata” klubiga ko‘chib o‘tdi. Bu o‘zbek futbolida yangi sahifa ochilishidan darak edi. Chunki Fozil Yaponiyada to‘p tepadigan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi.

Eron – O‘zbekiston - Yaponiya yo‘nalishi bo‘ylab parvoz qilgan yarim himoyachi yaponiyaliklar bilan 2+1 ko‘rinishida shartnoma imzoladi.

Farhod Tojiev "Olmaliq"dan Malayziyaning “T-Tim” klubiga o‘tdi

O‘tgan yili Olmaliqning “Olmaliq” jamoasida to‘p tepgan Farhod Tojiev bir necha kun oldin legionerga aylandi. Olmaliqda yarim yil faoliyat olib borgan hujumchi yana Malayziya chempionati tomon yo‘l oldi.

Oldin ham “T-Tim”da harakat qilgan Tojiev yana o‘zining sobiq jamoasiga qaytdi. Hozircha tomonlar qancha muddatga shartnoma imzolashgani borasida ma’lumotlar yo‘q. Ammo katta ehtimol bilan hujumchi malayziyaliklar bilan bir yillik kelishuvga erishgan bo‘lishi mumkin.  

Server Jeparov “Lokomotiv”dan Eronning “Istiqlol” klubiga o‘tdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblangan Server Jeparovga yana xorijdan taklif bo‘ldi. Bu gal Erondan. O‘tgan yili “Lokomotiv” bilan O‘zbekiston chempioni va Kubogini qo‘lga kiritgan Jeparov Eronning “Istiqlol” klubi bilan bir yarim yillik bitimga imzo chekdi.

Qiziq tomoni shundaki, keyingi mavsum uchun yuqori maqsadlar qo‘yayotgan “temiryo‘lchilar” Jeparov ortidan jamoa to‘purarini ham “kuzatib” qo‘yishdi.  

Temurxo‘ja Abduholiqov “Lokomotiv”dan Qatarning “Al Sayliya” klubiga o‘tdi

O‘tgan mavsumni omadli o‘tkazgan futbolchilardan biri shubhasiz Temurxo‘ja Abduholiqovdir. U 2016 yilda O‘zbekiston chempioni, Kubogi sohibi va oliy liga to‘purariga aylandi. Bu hozircha hujumchi faoliyatida eng yaxshi mavsum deb bemalol ayta olamiz.

Bir necha kun oldin forvard birinchi marta Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘iniga jalb etilgandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Temurxo‘ja Qatarning “Al Sayliya” klubiga ko‘chib o‘tdi. Endi terma jamoamiz a’zosi Qatar Yulduzlar ligasida bir yarim yil faoliyat olib boradi.

Javlon Guseynov “Andijon”dan Tailandning “Chainat Xornbill” klubiga o‘tdi

Ortda qolgan mavsum yakunlariga ko‘ra Birinchi Ligaga yo‘l olgan “Andijon” jamoasini bir qator mahoratli futbolchilar tark etishmoqda. Andijonliklar safida ancha mazmunli o‘yin namoyish etgan himoyachi Javlon Guseynov ham endi faoliyatini boshqa jamoada davom ettiradi.

Tajribali o‘yinchi Tailandning “Chainat Xornbill” klubi safiga borib qo‘shildi. Shu tariqa, Javlon Guseynov yangi mavsumni tailandliklar safida boshlaydi.

Alisher Azizov “Obod”dan Qirg‘izistonning “Dordoy” klubiga o‘tdi

Toshkentning “Obod” klubi futbolchisi Qirg‘iziston chempionatiga yo‘l oldi. So‘nggi ikki mavsumni “Obod” jamoasida o‘tkazgan, klubni oliy ligaga chiqishida katta hissa qo‘shgan, 2015 yil O‘zbekiston birinchiligi bahslari to‘purari bo‘lgan Alisher Azizov faoliyatini yaqin xorijda davom ettiradi.

Hujumchi bir necha kun oldin Qirg‘izistonning “Dordoy” jamoasi bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi. Endi shu tariqa, Alisher Azizov Qirg‘iziston chempionatida to‘p tepadigan bo‘ldi.

Sanjar Shoahmedov “Lokomotiv”dan Qatarning “Al Sayliya” klubiga o‘tdi

O‘zbek futbolidagi eng qaynoq transfer shubhasiz Sanjar Shoavmedov bilan bog‘liq. Chunki aynan “Loko”ning sobiq a’zosi bugun “Al Sayliya” bilan shartnoma imzoladi.

E’tiborlisi, Shoahmedov Temurxo‘ja bilan birga bir jamoada va bir xil muddatga mo‘ljallangan bitimni imzolagan. Ya’ni, Sanjar endi bir yarim yil Qatar chempionatida to‘p tepadi.  

Bekzod ISAEV

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!