
Mundial sari. Tanishing - Frantsiya terma jamoasi
Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar musobaqa favoritlari qatorida e’tirof etilayotgan Frantsiya terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Frantsiya futbol federatsiyasi 1904 yil FIFA, 1954 yil esa UEFA a’zoligiga qabul qilingan. Qayd etish lozimki, frantsuzlar yuqoridagi ikki tashkilotning yaratilishida ulkan hissa qo‘shishgan. Ular o‘zlarining ilk uchrashuvlarini 1904 yilning 1 may kuni Bryusselda Belgiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazishgan. Ushbu o‘yinda 3:3 hisobida jangovor durang qayd etilgan.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Frantsiya 1930 yil Urugvayda o‘tkazilgan ilk jahon chempionatida ishtirok etgan 13ta terma jamoadan bir hisoblanadi. Biroq, o‘shanda ushbu yurt vakillarining mundialdagi debyutiga guruh bosqichidayoq yakun yasalgan. Oradan to‘rt yil o‘tib Italiya maydonlarida o‘tkazilgan musobaqada frantsuzlar chorak finalga qadar etib borishdi.
1938 yilgi jahon chempionatiga Frantsiyaning o‘zi mezbonlik qildi. Bu safar maydon egalari 1/4 finalga qadar etib borishdi. Shundan so‘ng Frantsiya 1950 yilgi jahon chempionati saralashida qolib ketdi va Braziliya mundialiga bora olmadi. 1954 yil Shveytsariya maydonlarida o‘tkazilgan musobaqada frantsuzlar guruh bosqichida qolib ketishdi.
Biroq, oradan to‘rt yil o‘tib 1958 yil Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan mundialda Frantsiya terma jamoasi bronza medallariga ega chiqdi. Ammo, saralashdan o‘ta olishmagan frantsuzlar Chilida bo‘lib o‘tgan keyinggi to‘rt yillikning eng yirik musobaqasida ishtirok etishmadi. 1966 yil Angliya mezbonligidagi musobaqada Frantsiya terma jamoasi yana guruh bosqichida to‘xtatildi.
Shundan so‘ng frantsiyaliklar 1970 (Meksika) va 1974 (Germaniya) yillardagi jahon chempionatlari saralashidan ham o‘ta olimadi. 1978 yil Argentina garchi musobaqada ishtirok etgan bo‘lsada, yakunda guruh bosqichidan nariga o‘ta olishmadi.
1986 yil jahon chempionati o‘yinlariga Meksika mezbonlik qildi. Ular bu safar guruh bosqichida Vengriya, Kanada va sobiq Ittifoq terma jamoalariga qarshi to‘p surishdi. Ular bu bosqichda sobiq Ittifoq (1:1) termasi bilan durang o‘ynashdi, Kanada (1:0) va Vengriya ga(3:0) qarshi o‘yinlarda esa g‘alaba qozonishdi. Shu tariqa pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan frantsiyalik futblchilar nimchorak finalda Italiyaga to‘qnash kelishdi va yakunda 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ular chorak finalda Braziliya terma jamoasiga ro‘baro bo‘lishdi. Murosasiz o‘tgan bahsning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlari 1:1 hisobida durang bilan yakunlangach g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda omad Frantsiyaga kulib boqdi. Ularga yarim finalda Germaniya terma jamoasi to‘qnash keldi. Aynan shu bosqichda frantsuzlarning ertagiga yakun yasaldi – Germaniya – Frantsiya 2:0. Musobaqaning uchinchi o‘rni uchun o‘tkazilgan bahsda ular Belgiyani 4:2 hisobida engishdi va o‘z tarixlarida ikkinchi bor bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Shundan so‘ng Frantsiya terma jamoasi 1990 (Italiya) va 1994 (AQSh) yilgi mundiallarda saralashda o‘ta olmadi. Oradan 60 yil o‘tib, aniqrog‘i 1998 yil jahon chempionatiga yana Frantsiya mezbonlik qildi. Bu safar ular “C” guruhida Daniya, Janubiy Afrika va Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi kurash olib borishdi. Ushbu raqiblarning barchasini mag‘lubiyatga uchratgan maydon egalari guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib nimchorak final ishtirokchisiga aylanishdi. Ular bu bosqichda Paragvayni 1:0 hisobida taslim etishdi. Chorak finalda Frantsiya terma jamoasi Italiyaga qarshi o‘ynadi. Murosasiz kechgan bahsda g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Bu safar ham futbol lottoreyasida omad frantsuzlarga kulib boqdi. Shu tariqa yarim finalga etib kelgan maydon egalari bu safar Xorvatiya qarshiligiga duch kelishdi. Qiziqarli kechgan o‘yin 2:1 hisobida Frantsiyaning g‘alabasi bilan tugadi. Ular hal qiluvchi bahsda anchayin nomdor va yulduzli tarkibga ega Braziliya terma jamoasini 3:0 hisobida taslim etishdi va o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida ilk chempionlikni tantana qilishdi.
2002 yil Janubiy Koreya va Yaponiyada bo‘lib o‘tgan mundialga amaldagi chempion sifatida tashrif buyurgan Frantsiya kutilmaganda guruh bosqichida qolib ketdi. Ular guruhda dastlab Senegalga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Keyingi tur Urugvay bilan 0:0 hisobida durang qayd etishdi. Ammo, so‘nggi turda yana mag‘lubiyatga uchrashdi. Bu safar Daniya terma jamoasi Frantsiyani taslim etdi – 2:0. Shu tariqa ushbu yurt vakillari bir ochko bilan guruhning so‘nggi pog‘onasida qolib ketishdi.
Oradan to‘rt yil o‘tib Germaniya mezbonlik qilgan jahon chempionatida Zinedin Zidan boshchiligidagi Frantsiya termasi o‘zining takrorlanmas o‘yinlarini namoyish qildi. Dastlab “G” guruhida frantsuzlar Shveytsariya, Togo va Janubiy Koreya terma jamoalariga qarshi bahs olib borishdi. Ushbu o‘yinlarning ikkitasida durang va bittasida g‘alaba qozongan Frantsiya terma jamoasi 5 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, pley-offga yo‘l oldi. Bu bosqichda ularga Ispaniya terma jamoasi to‘qnash keldi. Gollarga boy kechgan uchrashuvda Frantsiya 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Chorak finalda esa ular braziliyalik futbolchilar bilan bahs yuritishdi. Uchrashuv taqdirini 57-daqiqada Terri Anri tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi. Frantsiya – Braziliya 1:0. Yarim finalda Portugaliyani ham huddi shu hisobda dog‘da qoldirgan Frantsiya musobaqaning hal qiluvchi uchrashuvida Italiyaga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi. Ushbu final jahon chempionatlari tarixidagi eng dramatik finallardan biri sifatida esda qoldi. Hal qilauvchi o‘yinda frantsiyaliklar etakchisi Zinedin Zidan hakam tomonidan maydondan chetlatildi. Bir kishi kam bo‘lib o‘ynagan frantsuzlar uchrashuvni penaltilar seriyasiga qadar olib borishdi. Ammo, shu kuni omad ularni tark etgan edi. Penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan Frantsiya o‘z tarixida ikkinchi bor mundial g‘olibligini ko‘lga kirita olmadi.
2010 yil Janubiy Afrika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan navbatdagi jahon chempionati Frantsiya terma jamoasi uchun judayam omadsiz kechdi. Ular “A” guruhida Urugvay, Meksika va mezbon Janubiy Afrika terma jamoalariga qarshi bahs olib borishdi. Dastlabki turda Urugvay bilan 0:0 hisobida durang qayd etgan frantsiyaliklar, guruhning qolgan ikki uchrashuvida Meksika (2:0) va Janubiy Afrikaga (1:2) imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Shu tariqa ular guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketishdi.
2014 yil Braziliyada o‘tkazilgan jahon chempionatida esa Frantsiya nisbatan yaxshiroq natija qayd etdi. Ular dastlab musobaqaning “E” guruhida Shveytsariya, Ekvador va Gondurasga qarshi bahs yuritishdi. Dastabki ikki turda Gonduras (3:0) va Shveytsariya (5:2) mag‘lub etildi. So‘nggi turda esa Ekvador bilan 0:0 hisobida durangga imzo chekkan frantsuzlar o‘z guruhida birinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Bu bosqichda ularga Nigeriya terma jamoasi ro‘baro bo‘ldi. Afrikaliklar nomdor raqiblariga 2:0 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Chorak finalda Frantsiya terma jamoasi bo‘lajak chempion – Germaniyaga qarshi bahs yuritdi. Murosasiz kechgan uchrashuv taqdirini germaniyaliklar himoyachisi Mats Xummelsning kiritgan yagona goli hal qildi. Shu tariqa Frantsiya o‘zining JCh-2014dagi yurishini to‘xtatdi.
Qit’a birinchiligidagi natijalari
Frantsiya terma jamoasi Evropa chempionatida ilk marta 1960 yil ishtirok etdi. O‘shanda musobaqa Frantsiyada bo‘lib o‘tganini qayd etish lozim. Ular o‘z debyutlaridayoq chempionatning yarim finaliga qadar etib kela olishdi. Shundan so‘ng ular ketma-ket 5ta qit’a birinchiligida saralashda o‘ta olishmadi.
1984 yil Evropa chempionatiga yana Frantsiya mezbonlik qildi. O‘z guruhlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan frantsiyaliklar yarim finalda Portugaliyani 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratishib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Hal qiluvchi bahsda maydon egalariga Ispaniya raqiblik qildi. O‘z muxlislari qo‘llab-quvvatlashlari natijasida ispanlar ham 2:0 hisobida taslim etildi. Shu tariqa Frantsiya o‘z tarixida ilk marta qit’a chempionligini tantana qildi.
Oradan to‘rt yil o‘tib Germaniya mezbonligida o‘tgan musobaqada frantsuzlar ishtirok etishmadi. Boisi, ushbu yurt vakillari saralash bosqichida o‘ta olishmadi. 1992 yil (Shvetsiya) guruh bosqichida qolib ketgan Frantsiya 1996 yil Angliyada o‘tkazilgan musobaqada yarm finalga qadar etib keldi.
2000 yilgi qit’a birinchiligi Belgiya va Gollandiya maydonlarida bo‘lib o‘tdi. O‘z guruhida ikkinchi o‘rin bilan chorak finalga yo‘l olgan frantsuzlarni keyin to‘xtatib bo‘lmadi. Dastlab ushbu bosqichda Ispaniya (2:1) tiz cho‘ktirildi, keyin esa Portugaliya (2:1) dog‘da qoldirildi. Shu tariqa finalga etib kelgan Frantsiya Italiyaga qarshi saf tortdi. Murosasiz kechgan ushbu o‘yinda ham 2:1 hisobida frantsiyalik futbolchilarning qo‘li baland keldi va ular o‘z tarixlarida ikkinchi bor ushbu musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Shundan so‘ng ular 2004 va 2012 yillardagi Evropa chempionatida chorak finalga qadar etib kelishdi. 2008 yil esa ular xatto guruhdan ham chiqa olishmadi.
2016 yil qit’a birinchiligi yana Frantsiyada o‘tkazildi. Mezbonlar “A” guruhida Shveytsariya, Albaniya va Ruminiyaga qarshi kurash olib borishdi. Ushbu o‘yinlarda ikkita g‘alaba va bitta durang qayd etgan frantsiyaliklar etti ochko bilan o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Nimchorak finalda ular Irlandiyani 2:1 hisobida taslim etishgan bo‘lishsa, chorak finalda Islandiya 5:2 hisobida dog‘da qoldirildi. Shu tariqa yarim finalga qadar etib kelgan maydon egalari bu bosqichda amaldagi jahon chempionlarini 2:0 hisobida mag‘lub etishni uddalashdi. Ammo, hal qiluvchi final uchrashuvida Frantsiya kutilmaganda Portugaliyaga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medallari bilan kifoyalandi.
Frantsiya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar
Eng yirik g‘alabasi: 1995 yil 6 sentyabr, Frantsiya – Ozarbayjon 10:0.
Eng yirik mag‘lubiyat: 1908 yil 22 oktyabr, Daniya – Frantsiya 17:1.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Lilian Tyuram (142).
Eng yaxshi to‘purar: Terri Anri (51).
FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 1-o‘rin (2001-2002).
FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 27-o‘rin (2010).
Bundan bir necha kun oldin Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham JCh-2018 uchun 23 nafar futbolchidan iborat tarkibni e’lon qildi. Unga ko‘ra quyidagi futbolchilar Rossiya mundialida Frantsiya sharafini himoya qilishadi:
Darvozabonlar: Alfons Areola («PSJ»), Ugo Loris («Tottenxem», Angliya), Stiv Mandanda («Marsel»);
Himoyachilar: Lukas Ernandes («Atletiko», Ispaniya), Presnel Kimpembe («PSJ»), Benjamen Mendi («Manchester Siti», Angliya), Jibril Sidibe («Monako»), Adil Rami («Marsel»), Benjamen Pavar («Shtutgart», Germaniya), Samyuel Yumtiti («Barselona», Ispaniya), Rafael Varan («Real», Ispaniya);
Yarim himoyachilar: Blez Matyuidi («Yuventus», Italiya), Pol Pogba («Manchester Yunayted», Angliya), N’Golo Kante («Chelsi», Angliya), Korenten Tolisso («Bavariya», Germaniya), Stiven N’Zonzi («Sevilya», Ispaniya), Nabil Fekir («Lion»), Florian Toven («Marsel»);
Hujumchilar: Olive Jiru («Chelsi», Angliya), Antuan Grizmann («Atletiko», Ispaniya), Usmon Dembele («Barselona», Ispaniya), Toma Lemar («Monako»), Kilian Mbappe («PSJ»).
Eslatib o‘tamiz, Frantsiya terma jamoasi musobaqaning “S” guruhida Avstraliya, Daniya va Peru terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar